Линклар

“Sport” telekanali Salimboyni senzura qildi


O‘zbekistonning "Sport" telekanali rejissyorlari kecha Londondan translyatsiya chog‘ida Salim Abduvaliyev ko‘rsatilishini oldini olish bo‘yicha haqiqiy qahramonlik aktini namoyish qilishdi.

O‘zbekistonning "Sport" telekanali rejissyorlari kecha Londondan translyatsiya chog‘ida Salim Abduvaliyev ko‘rsatilishini oldini olish bo‘yicha haqiqiy qahramonlik aktini namoyish qilishdi.

Artur Taymazovning gurji polvon bilan bellashuvini ko‘rdingizmi? Otasiga rahmat lekin! Umidlari uzilib, taqdirga tan berayozgan millionlab muxlislarga yagona oltinni tortiq qildi!

Finalni O‘zTVning “Sport” telekanalida tomosha qilgan bo‘lsangiz, sezgandirsiz, chapdast televideniyechilarimiz “mudhish fojia”ning oldini olib qolishdi.

Olimpiada oltini zavqi bilan ashulani vajang qo‘yib yurganlar, yana nima balo bo‘libdi deb kapalagingiz uchmasin. E‘tibor bering, “fojia” deganimiz qo‘shtirnoqqa suyani-ib turibdi...

Hammasi hakam Artur Taymazovning qo‘li baland kelganini e‘lon qilgandan keyin boshlandi. Shu mahal uchinchi marta Olimp cho‘qqisini zabt etgan polvonni tabriklash uchun Salimboy Abduvaliyev yugurgilab gilamga chiqib kelsa bo‘ladimi?! Ha, o‘sha Salimboyning shaxsan o‘zi. Kim uchundir mafioz-tadbirkor, kim uchundir qo‘li ochiq puldor. G‘alabadan mast Boy (biz ham uni qisqa-lo‘nda qilib oddiy xalq orasidagi laqabi bilan atay qolaylik) qo‘l qovushtirib o‘tira olmadi-da. Gilamga chiqa solib, o‘zini Arturning quchog‘iga otdi.

Xuddi shu mahal “Sport” telekanali rejissyorlari qahramonlik aktini namoyish etishdi. Kadrda Boy paydo bo‘lar-bo‘lmas Londondan uzatilayotgan translyatsiyani shartta to‘xtatib, Artur haqidagi uzuq-yuluq lavhani qo‘yib yuborishdi.

Ajab tezkorlik, ajab xushyorlik! O‘zingiz xolis ayting, ekranda istalmagan odam ko‘rinib qolsa, uni “zararsizlantirib”, zudlik bilan boshqa kadrni tiqishtirish oson ish emas, axir! Yana, jonli efir payti-ya! U emas, bu emas, O‘zTVchilarning “zapret”dagi odamlarni kadrdan ustalik bilan qirqib tashlash borasidagi tajribasi yana qo‘l keldi.

Xayriyat-e, “ChP”ning oldi olindi deb, nafas rostlab o‘tirsam, finalning eng hayajonli lahzalari qatorida Boy yugurgilab chiqqan anavi “bexosiyat” kadr takroran berilib qolsami! (Londondagi translyatsiyachilarga mo‘ylovdor bu odam efirda ko‘rsatilmasin, deb avvaldan shipshitib qo‘yilmagan ekan. Kelgusi safar Rioga borib, translyatsiyachilarga alohida uqtirib kelish kerak).

Lekin tasanno va ofarinki, “Sport” telekanali rejissyorlari shuncha yillardan beri laylak haydab yurmaganlarini isbotlashdi. Yana chaqqonlik va chapdastlik bilan Boyni efirdan badarg‘a qilib, Artur haqidagi lavhasimon bir nimani qo‘yib yuborishdi.

To‘g‘ri, Boy kadrda bir necha soniya tantana qilgandek bo‘ldi, lekin efirda uzoq qolib ketishiga yo‘l qo‘yishmadi baraka topkur O‘zTVchilar! Xullas, Olimpiada gilamida alpqomat Artur gurji polvonni yer tishlatgan bo‘lsa, o‘zbek rejissyorlari televideniye pultida undan qolishmaydigan professionalizmni ko‘z-ko‘z etishdi…
XS
SM
MD
LG