Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:13

82 yoshli Soros yana uylanmoqchi


Amerikalik taniqli filantrop va milliarder Jorj Soros yakshanbaga o‘tar kechasi o‘tkazilgan tavallud kuni marosimida o‘zining yana bir bor unashtirilganini e‘lon qildi.

Bu haqda Reyters agentligi xabar qiladi.

Kelin bo‘lmishning 40 yoshli Tamiko Bolton ekani aytilmoqda.

Soros uchun bu uchinchi, Bolton uchun esa ikkinchi nikoh bo‘ladi.

Unashtirish haqida Sorosning Nyu-York shtati Sautgempton shahridagi yozgi qarorgohida milliarderning qarindoshlari va do‘stlaridan iborat tor davrada e‘lon qilindi. Ayni paytda nikoh qaysi kunga belgilangani ma‘lum emas.

Soros va Bolton 2008 yil bahorida tanishganlar.

Jorj Sorosning bo‘lajak rafiqasi hozirda yoga bo‘yicha internet kurslari taklif qiluvchi shirkatga rahbarlik qiladi.

Avvalgi nikohlaridan Jorj Sorosning besh nafar farzandi bor.

Asil ismi Dyerd Shorosh bo‘lgan milliarder 1930 yilning 12 avgustida Budapesht shahrida mahalliy yahudiy jamoasi lideri Tivard Shvarts oilasida dunyoga kelgan. 1936 yili Shvarts oilasi o‘z familiyasini Shoroshga o‘zgartirgan. Ayrim biograflar shu tariqa bu yahudiy oilasi natsistlar ta‘qibidan qutulib qolishni istagan, deya taxmin qiladi.

1947 yilda Shoroshlar soxta pasportlar Buyuk Britaniyaga ko‘chishga muvaffaq bo‘ladilar. U yerda 17 yoshli Jorj (Dyerd ismini u shu yerda inglizcha Jorjga aylantirib olgan) London iqtisodiyot maktabiga o‘qishga kirib, uch yildan keyin uni muvaffaqiyat bilan tamomlaydi.

Jorjning ishlari 1956 yilda londonlik og‘aynilaridan birining otasi uni Uoll-stritdagi brokerlik idorasiga chaqirganidan keyin yurishib ketadi. U yerda yosh moliyachi bir mamlakat qimmatbaho qog‘ozlarini ustiga o‘z foizini qo‘yib ikkinchi mamlakatga sotish bilan shug‘ullanadi.

1967 yilda Soros o‘z xo‘jayiniga offshor hududlardan birida sarmoya fondi yaratish bo‘yicha yangi loyiha taklif qiladi. Yana ikki yildan keyin esa u Double Eagle fondi rahbari va egalaridan biriga aylanadi. Mazkur jamg‘arma keyinchalik Sorosga pul va shuhrat keltirgan mashhur Quantum Groupga aylangan.

Qimmatbaho qog‘oz chayqovchiligi bilan shug‘ullangan Quantum Group kapitali 1990 yil o‘rtasiga kelib 10 milliard dollarni tashkil qilardi.

1992 yilning 16 sentyabr kuni ingliz funtining nemis markasiga nisbatan qiymatining keskin tushib ketishi natijasida Sorom bir kunda milliard dollardan ko‘proq pul ishlab olgan. Shundan so‘ng Sorosni “Angliya bankini sindirgan odam” deb atay boshlaganlar.

Jorj Soros xayriyachilik faoliyatini ham ancha oldin – 1979 yilda boshlagan. O‘shanda u AQShda o‘zining birinchi xayriya jamg‘armasi – “Ochiq jamiyat”ni tashkil qildi. Ayni paytda Soros bu kabi notijorat loyihalariga yiligi 300 million dollar atrofida pul sarflaydi.

Hozirgi kunda dunyoning 25 mamlakatida Sorosning xayriya jamg‘armalari faoliyat yuritadi. Amerikalik milliarderga qarashli Ochiq Jamiyat Instituti Ko‘mak Jamg‘armasi 1996 yilda O‘zbekistonda ham ochilgan va sakkiz yil mobaynida muvaffaqiyat bilan faoliyat yuritgan.

2004 yil boshida O‘zbekiston hukumati mamlakatda faoliyat olib boruvchi ko‘plab xalqaro tashkilotlar qatori Ochiq Jamiyat Instituti Ko‘mak Jamg‘armasiga ham Respublika Adliya Vazirligidan qayta ro‘yxatdan o‘tish va buning uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlarni shu yil 1 mart kuniga qadar vazirlikka taqdim etish talabini qo‘ygan.

O‘zbekiston Ochiq jamiyat instituti xodimlari va unga hamkor grant oluvchi tashkilotlar Institut qayta ro‘yxatga olinadi degan umidda, talab etilgan barcha hujjatlarni 27 fevral kuni Respublika Adliya vazirligiga topshirganlar, biroq Ochiq Jamiyat Instituti Adliya Vazirligidan qayta ro‘yxatdan o‘tishga rad javobi olgan.

Tashkilot vakillari o‘shanda buning ortida siyosiy sabablar borligini aytgandilar.
XS
SM
MD
LG