Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:34

O‘shning Majrimtolida 23 ta uy buzilayapti


O‘sh shahrining qoq markazidagi Majrimtol mahallasi, Mo‘nuyev ko‘chasidagi uylar buzilmoqda. Uylarning buzilayotgani yangi yo‘l qurish zarurati bilan izohlanmoqda.

Mo‘nuyev ko‘chasidagi buzilayotgan xonadonlarning ba‘zilari 2010 yil iyun fojeasi kunlari yondirib yuborilgan va o‘rniga yangi uylar qurilgan edi.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbiri xabar qilishicha, xonadon sohiblari buzilayotgan uyi uchun shahar hokimiyatidan 30 mingdan 36 ming dollargacha tovon puli hamda shahar chetidan yer uchastkasi olmoqda.

Lekin ko‘chirilayotganlar yangi joydagi sharoitning og‘irligidan tashvish bildirmoqda.

Ular, shuningdek, ko‘chishga shahar hokimiyati yordam bermayotganidan norozi.

Norozilardan biri Xanifa Nurmatova. Uning aytishicha, ba‘zilarning uylarini buzishga shahar meriyasi ajratgan kishilar yordam bermoqda. Lekin Xanifa opaga bunday yordamchi ajratilmagan.

- Biz uyimizni buzishga rozilik berganimizdan keyin davlat ham shartnomada ko‘rsatilgan burchlarini bajarishi kerak. Buning o‘rniga bizni qiynashmoqda. Uyni buzishga yordam berishmadi. Qarindosh-urug‘imni yig‘ib o‘zim buzayapman. Turmush o‘rtog‘im nogiron, ayol boshim bilan tosh-g‘isht tashib yuribman, deb zorlandi Xanifa Nurmatova.

Nurillo Otajonovning uyi ham yangi yo‘l “qurboni bo‘lmoqda”.

Uning bu yil yangi uyni bitirib olishga ko‘zi yetmayapti. Nurillo ham hokimiyatdan yordam kutayotganlardan.

-Uyni buzib olish uchun yordam so‘rasak berishmadi. O‘zimiz esa, qancha mehnat qilmaylik, ulgura olmayapmiz. Buzishga odam yollaylik desak, ozgina ish uchun 5-10 ming so‘m talab qilishayapti. Ilojimiz qancha, o‘zimiz ishlayapmiz, dedi Nurillo Otajonov.

Majrimtol mahallasining etagida shaharning markaziy bozori boshlanadi. Shuning uchun bu mahalla ahli mutlaq katta qismining tirikchiligi azaldan bozor bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Yangi joy shaharning chetida. Shuning uchun majrimtolliklar bundan buyon tirikchiligi qanday o‘tishini o‘ylab boshlari qotgan.

Mo‘nuyev ko‘chasida uyi buzilayotganlardan yana biri Guljahon opa. Ikki yil oldin O‘sh voqealari davomida uning uyi yondirib yuborilgan edi. Mana endi o‘sha uy o‘rniga qurilgan ikki xonali g‘ishtin uyni buzishga to‘g‘ri kelayapti.

- Yangi uymimiz g‘ishtlarining hammasi sinib, yaroqsiz chiqayapti. Buyam mayli, yangi joyga borib qanday yashayman? Na suv bo‘lsin u yerda, na elektr, na gaz. Tirikchiligimiz nima bo‘ladi? Uyimiz buzilishi bilanoq davlat bizni esdan chiqaradi. Ko‘chib borgan yerimizda ham yordam berib turishi kerak, deydi Guljahon opa.

Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati muxbiri xabar qilishicha, Mo‘nuyev ko‘chasini Oqbura daryosigacha uzaytirish masalasi bir necha yildan beri muhokama qilinayotgan edi.

Bu masala bo‘yicha qaror qabul qilingach, uylarni buzish boshlandi. Buzilayotgan 23 uyda 39 oila yashayotgan edi. Ularning hammasi o‘zbeklardir.
Uylardan tashqari bu ko‘chadagi 2 do‘kon ham buzilmoqda.

O‘sh shahar munitsipal mulk boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Abdimital Kalbekovning aytishicha, buzilayotgan uylar egalari rozi qilingan.

- Olgan tovon pullariga hammasi rozi. Avvaliga norozi bo‘lishayotgan edi. Lekin keyin rozi bo‘lishdi, deydi rasmiy.

Shuni aytish kerakki, Mo‘nuyev ko‘chasi ahli bilan shahar meriyasi o‘rtasidagi tortishuv anchaga cho‘zilgan, mojaroga xalqaro tashkilotlar aralashgach, meriya tovon puli miqdorini ko‘paytirgan edi.

Abdimital Kalbekovning fikricha, Mo‘nuyev ko‘chasidagi uylarning buzilishidan “siyosat izlamaslik” kerak. Uylar shaharning transport qatnovi o‘ta tig‘iz bo‘lgan qismini biroz bo‘shatish, aholiga qulaylik yaratish maqsadida buzilayapti.

Aytilishicha, 23 uy va 2 do‘konning buzilishi evaziga qurilayotgan uzunligi 1 chaqirimlik yo‘l joriy yil noyabrida bitadi.
XS
SM
MD
LG