Линклар

Qozog‘iston rasmiylari Olmaota viloyati janubidagi Ile-Alatau qo‘riqxonasida 11 nafar erkak va ayol o‘ldirib ketilgani bilan bog‘liq hodisa yuzasidan qidiruv-tergov ishlarini boshladi.

Axborot agentliklariga ko‘ra, pichoqlab o‘ldirilgan yetti odam jasadi, jumladan, yoqib yuborilgan ikki jasad dushanba kuni qo‘riqxonadagi mahalliy o‘rmonchilar foydalanadigan bino yaqinida topilgan.

Seshanba kuni avval yana uchta yoqib yuborilgan jasad topilgan. Undan keyin bu joyga yaqin chuqurlikda yana bitta jasad borligi aniqlangan.

Jasadlardan faqat beshtasining shaxsi aniqlangani aytilmoqda.

Ulardan biri mahalliy brakonerlarga qarshi ayovsiz kurash olib borgani uchun ko‘pchilikka yaxshi tanilgan professional ovchi Panayot Zaxaropulodir.

O‘ldirilganlarning ayrimlari Zaxaropuloning oila a‘zolari va hamkasblari ekani taxmin qilinmoqda.

Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri Qalmuxanbet Qosimov seshanba kungi matbuot anjumanida qotillikka oid tafsilotilarga to‘xtalmadi.

Vazir mazkur qotillikka o‘zaro tortishuv sabab bo‘lganini ehtimoldan soqit qilmadi.

Qozog‘iston Ichki ishlar vaziriga ko‘ra, ovchilar uyi tekshirilganida u yerdan hech narsa o‘g‘irlanmagani, pul va qurollar joyida bo‘lgani aniqlangan.

Joriy yil 30 may kuni Qozog‘iston-Xitoy chegarasidagi olis o‘rmon chegara postida 14 nafar chegarachi va bir o‘rmonchi o‘ldirilib ularning jasadlari yoqib yuborilgan edi.

Vladislav Chelax ismli chegarachi ushbu qotillikni sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olingan.

27 iyul kuni shifokorlar ommaviy qotillikda ayblanayotgan chegarachi Vladislav Chelaxni ruhan sog‘lom deb topdi.
XS
SM
MD
LG