Линклар

logo-print

Namangan maktablarida uniforma bo‘ladi


Namangandagi 58-sonli ixtisoslashgan maktab o‘quvchilarining formasi (surat olam.uz saytidan olindi).

Namangandagi 58-sonli ixtisoslashgan maktab o‘quvchilarining formasi (surat olam.uz saytidan olindi).

Yangi o‘quv yilidan boshlab Namangan shahridagi maktablarda o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun maxsus formalar joriy etilayapti.

O‘quvchilar yangi formaga kelishadi


Namangan shahridagi 18-maxsus maktab o‘quvchilari yangi o‘quv yiliga yangi formalarda kelishi shart.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan maktab mutasaddisiga ko‘ra, o‘quvchilarga yangi forma tiktirish borasida ota-onalar 15 iyun kuni ogohlantirilgan.

- Qizlarimizga oq kofta, galstuklari kletkalik, qora yubka. Hamma o‘quvchi qizlarimiz mana shunaqa formada bo‘lishi kerak. O‘g‘il bolalar qora shim, oq ko‘ylak. Maktablar o‘ziga tanlaganda. Hamma maktab unaqa emas. Maktablar vazirlik tavsiyasiga ko‘ra o‘zlari tanlashgan. Masalan hozir ko‘chadan bitta oq kofta olsak ham 40-50 mingga ham yaxshi kofta bermaydi. Buni juda ham chiroyli qilib tikib chevarlarimiz tayër qilib berishayapti,- deydi maktab mutasaddisi.

Vazirlik buyrug‘i bu


Namangan viloyat xalq ta‘limining maktab formalariga ma‘sul xodimining aytishicha, joriy yildan boshlab har bir maktab o‘quvchilarining formalari bir-biriga o‘xshamagan bo‘ladi.

Ismini oshkor qilmayotganimiz ma‘sulga ko‘ra, bu tartib O‘zbekiston xalq ta‘limi vazirligining maxsus buyrug‘i asosida amalga oshirilayapti.

- Forma bo‘yicha vazirlik tomonidan ko‘rsatma bor va shu asosda hozir har bitta maktab alohida o‘ziga forma qilayapti. Bizga kiyimlarning disk varianti berilganda, tanlash imkoniyati berilgan. O‘shandan kelib chiqib hamma maktablarda alohida forma qilinayapti. O‘g‘il bolalarga alohida, qizlarga alohida. Formasi hammasi bir xil bo‘lmaydi,- deydi Namangan xalq ta‘limi bo‘limi xodimi.

O‘zbekiston xalq ta‘limi vazirligining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan boshlab mamlakatning barcha viloyatlarida xuddi Namangandagi kabi tartib joriy qilinadi.

Ozodlik manbalarining aytishicha, mamlakatning barcha viloyatlarida ham yangi tartib amalga oshayotganicha yo‘q.

Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘iston maktablaridagi o‘qituvchilar hozircha yangi tartibdan bexabar ekanliklarini aytishdi.

Ota-onalarga jabr bo‘layapti


Farg‘onalik Ziyovuddin akaning uch farzandi maktabda o‘qiydi.

Ziyovuddin akaning aytishicha, Farg‘onada ham o‘quvchilarning formasi bo‘yicha yangi tartib yo‘lga qo‘yilayapti.

Lekin suhbatdoshga ko‘ra, forma bilan bog‘liq tartib har yili yangilab turiladi va ota-onalar ortiqcha harajat qilishga majbur bo‘ladi.

- Har yili takrorlanadigan hunarlariku bu. Endi ortiqcha rasxod. Har yili o‘zi kiyim yangilanayapti. Eski formani endi tashlab yuboramiz baribir. O‘zi to‘rt yil oldin tiktirgan edik. Qizlar fartuk oq bo‘lsin, formasi tëmno siniy bo‘lsin deyishdi. Keyin boshqa rangda qilinsin dedi. Yana uch-to‘rt xil material aytishdi. Lekin bizda muqim bir material yo‘q. Masalan davlat tomonidan material keltirilib, mana shu materialdan forma tikilsin deb bersa boshqa gap. Bozordan sotib olinglar deyishadi, mana shunaqa rangda bo‘lsin deyishadi. Biz sarson bo‘layapmiz,- deydi Ziyovuddin aka.

Bir xillikdan rang-baranglikka


Namangandagi 58-sonli maktab o‘qituvchilari formasi (surat olam.uz saytidan olindi).

Namangandagi 58-sonli maktab o‘qituvchilari formasi (surat olam.uz saytidan olindi).

Xalq ta‘limi vazirligidagi manbaga ko‘ra, vazirlik buyrug‘ida o‘qituvchilar uchun ham maxsus forma bo‘lishi shartligi qayd qilingan.

Ikki yil oldin toshkentlik o‘qituvchilarga rang-barang kiyinish taqiqlanib, faqat oq va qora rangda kiyinish buyurilgan edi.

Yangi tartibga ko‘ra, endi o‘qituvchilarga xohlagan rangni tanlash imkoni berilgan. Lekin bitta maktab o‘qituvchilari faqat bir xildagi rangda kiyinishi shart hisoblanmoqda.

Vazirlikning yangi buyrug‘iga birinchilardan bo‘lib amal qilayotgan namanganlik o‘qituvchi ayollar oq ko‘ylak va ko‘k kostyum-yubka, erkak o‘qituvchilar esa kulrang kostyum-shim kiyishni ma‘qul ko‘rishgan.

O‘qituvchini majburlash shart emas


Nukuslik o‘qituvchi Salovot aka uniformalarga qarshi ekanligini, o‘qituvchilar erkin kiyinish imkoniga ega bo‘lishi lozimligini aytadi.

- Forma olinadi, lekin uni hech kim kiymaydi. O‘qituvchilarga majburiy forma oldiradi har yili qanchadir pul ushlab qolib oyligidan. Majburiy qilmaslik kerakda. Odam baribir o‘zi tanlab o‘qituvchilikka mos kiyinishi kerak o‘zi. Forma ishlab chiqib uni majburiy oldirish shart emas. Kiyinish madaniyatini o‘qituvchining o‘ziga qo‘yib bersin,- deydi nukuslik o‘qituvchi.

O‘tgan yili nafaqat maktablar balki institut talabalariga ham uniforma talab qilish boshlangan edi.

Masalan, Nizomiy nomli Pedogogika universiteti talabalarga oq-qora rangdagi formalar bo‘lishi shart qilib belgilangan.
XS
SM
MD
LG