Линклар

logo-print

Jamiyatshunoslar fikricha, Xorazmda aholining dindorlik darajasi boshqa mintaqlarga qaraganda pastroq. Bu viloyatda iftorlik beraman deganlar ro‘zador topilmayotgani buning tasdig‘i bo‘lishi mumkin.

Xorazmda musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi iftorliklar berilyapti, lekin ro‘zadorlarni topish qiyin bo‘lib qolgan.

– Kecha iftorlik qilib o‘ttiz odamga dasturxon yozdik. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ keldi. Shu o‘ttiz odamdan bittasi ro‘za tutyapti, u ham bo‘lsa ko‘chamizdagi yakkayu-yagona mulla Masharip aka,- deydi urganchlik Jumanazar.

Aholining dindorlik darajasi boshqa viloyatlarga qaraganda pastroq ekani aytiladigan Xorazmda odamlar ro‘za tutishmasa ham, iftorlik berishni kanda qilishmaydi.

– Lekin, so‘nggi paytlarda iftorlikni kimga berishni ham bilmay qoldik,- deydi Muborak Qadr kechasi arafasida qo‘ni-qo‘shnilarini iftorga taklif qilgan xonqalik Ro‘zmat aka.

Bu yil Ramazon oyida kunning 19 soatga cho‘zilgani aksar xorazmliklarning ro‘zani tutmasligiga asosiy sabab bo‘lib qolayotgani aytiladi.

Xorazmlik 62 yashar xoji ona Jumagul opa kunlarning o‘ta issiq bo‘layotgani ro‘zadorlarning o‘tgan yillarga nisbatan kam bo‘lishiga sabab bo‘layotganini aytadi.

– Issiq bo‘lgani va odamlarning sog‘ligi to‘g‘ri kelmagani uchun bu yil shunaqa bo‘lyapti. Issiq bo‘lgani uchun men ham bu yil ro‘za tuta olmadim,- deydi urganchlik Xoji ona.

Havoning issiqligi bu yil dindorlar uchun yana qo‘shimcha sinov bo‘ldi. Xonqalik Bahodir issiqqa qaramasdan ro‘za tutmoqda, ammo qiyin bo‘layotganini aytadi.

– Konditsionerli uyda yotib, amallayapmiz. Ayrim paytlari dush olaman. Boshida qiynaldim, ochvoraman deb ham o‘ylagandim, yo‘q, endi Xudo xohlasa, ozgina kun qoldi, finishga boramiz xudo xohlasa,- deydi Bahodir.

Bu yil ro‘zadorlar safi kamayganini Xivadagi Paxlavon Mahmud maqbarasi mullasi Sobirjon aka ham tasdiqlaydi.

– Ro‘za tutganlar bu yil kam. Issiq bo‘lgani uchun ko‘pchilik tutolmadi. Kasallanib ochib yuborganlar ham bo‘ldi. Hozir Xivada, bizni mahallada 30-40 xonadon bo‘lsa, ro‘za tutadiganlar soni 7-8, ko‘pi bilan 10taga boradi. Lekin ro‘za tutishmasa ham iftorliklar berilyapti, tarovih namozlariga kelishyapti,- deydi Sobirjon aka.

"Ijtimoiy fikr" jamoatchilik so‘rovi natijalari esa so‘nggi yillarda Xorazm aholisining dindorlik darajasi avvalgiga qaraganda oshganini ko‘rsatmoqda.

So‘nggi yigirma yil ichida Xorazm viloyatida 100dan ortiq masjid, Urganch shahrida Islom ilmidan saboq beriladigan madrasa ishga tushirildi. Sovet davrida esa bu viloyatda bor-yo‘g‘i uchta masjid bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG