Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:19

O‘zbekistonda kinostudiyalar soni 700ga yetdi


Zamonaviy o‘zbek kinosi yulduzlaridan biri Farrux Soipov.
Zamonaviy o‘zbek kinosi yulduzlaridan biri Farrux Soipov.

O‘zbekistonda kino-videomaxsulotlar ishlab chiqarishga izn olgan tashkilotlar soni 700ga yetgan. “O‘zbekkino” milliy agentligiga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 50 dan ziyod badiiy filmlar suratga olinib ekranlarga chiqarilmoqda.

O‘zbekistondagi 160 dan ziyod kinoteatrlar repertuari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kinolar asosida tuzilayotgani xabarnomada aytiladi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan maishiy mavzudagi, kam byudjetli filmlar Markaziy Osiyodagi kinotomoshabinlar tarafidan yaxshi qabul qilinmoqda, deydi olmaotalik kinomunaqqid Gulnora Abikeyeva:

- Qozoq kinochilari 3 million yevroga suratga olgan film tomoshabinsiz qolayotgan paytda o‘zbek rejiseri Bahrom yoqubovning 50 ming dollarga suratga olgan "Fotima va Zuxra" filmini zal to‘la tomoshabin katta qiziqish bilan ko‘rmoqda, deydi Qozog‘istondagi “Evraziya” kinofestivali hay‘at a‘zosi bo‘lgan Gulnora Abikeyeva.

Munaqqid keyingi 20 yilda O‘zbekistonda suratga olingan kinolarning mavzusi va ifoda uslubi Markaziy Osiyo tomoshabini uchun Meksika seriallaridan ko‘ra tushunarliroq ekanini ta‘kidlaydi.

O‘zbek kinosida kattaygan Kattabekov


Keyingi 20 yil ichida O‘zbekistonda suratga olingan filmlarda yoshligidan suratga tushib kelayotgan akter Dilshodbek Kattabekov ham o‘zbek kinosining muvaffaqiyati tomoshabinlar qalbiga kalit topa bilganida deb biladi:

- Tomoshabinning ta‘bi juda nozik. Tomoshabinning qalbiga yo‘l topib larzaga solish uchun kino ijodkorlari rosa ter to‘kishi kerak, deydi tomoshabinlar ichida tanilgan Dilshodbek Kattabekov.

Ayni paytda Toshkent san‘at institutining kinorejisura fakultetini tugatib, akterlik faoliyati barobarida kino suratga olishga chog‘lanayotgan Dilshodbek Kattabekov bu sohaga oid tanqidiy qarashlarini ham yashirmadi.

- Men, masalan, kino qanday suratga olish ilmini oliygohda o‘rganganman. Xozir ko‘p kinolarni o‘qimagan havaskorlar suratga olmoqda. Bu esa kinolarning sifatiga ta‘sir qilmoqda, deydi Dilshodbek Kattabekov.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:48 0:00
Бевосита линк


Kinofilmlarning soni emas sifati muhim


O‘zbek kinosi haqida gap ketganida munaqqidlar fikri ikkiga ayriladi.

Abikeyeva kabi munaqqidlar Bollivud yo‘lidan ketayotgan o‘zbek kinosining soni ko‘paygani sayin sifat ham oshadi degan fikrda.

Kinoni durdona san‘at deb bilgan Gulchehra Jamilova kabi ijodkorlar esa oz bo‘lsin-soz bo‘lsin degan gapni ta‘kidlab, bemaza qovunning urug‘i kabi ko‘paygan “kinoasarlar”dan nolishadi.

O‘zbek kinosi va teatr san‘atining yetuk arboblaridan biri Bahodir Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda o‘tgan yili o‘zbekistonda suratga olingan 50 ta filmdan bor yo‘g‘i 3 tasini kino deb aytilishga loyiq deb biladi:

- O‘zi yaxshi kino dunyoda ham kam olinadi. Mana siz O‘zbekistonda 700ta kinostudiya bor deb aytayapsiz. Ammo shunga yarasha kino ustalari ham bo‘lishi kerakku. Men shuncha kinochi borligini bilmayman, deydi Bahodir Yo‘ldoshev.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:51 0:00
Бевосита линк


O‘zbek kinosi: "Mahallada duv duv gap"dan "Dev va pakana"gacha


Taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do‘st shoir Aleksandr Faynberg bilan birgalikda yozgan stsenariysi asosida Jahongir Qosimov suratga olgan "Dev va pakana" filmi O‘zbekiston jamiyatining boy va kambag‘alga aylanib qutblashayotganini aks ettiradigan kino o‘laroq talqin qilinmoqda.

Filmda o‘zbekistondagi militsiya xodimlarining ham qiyofasi ochib berilgan.

"Senga qolsa, onangga ham statya topib qamaysan" deydi filmdagi miliitsionerlar kattasi o‘z hodimiga.

Shuningdek filmda o‘zbek shou-biznes dunyosinig avra astari ag‘darilib mazah qilinadi.

Filmda bir oqsoqol otaxon o‘zining norasida nabirasiga qo‘shiq ayttirib pul ishlamoqchi bo‘lgani ham bugungi kun alomati o‘laroq ko‘rsatiladi.

Shou dunyosi eshigiga katta-katta devlarning yotog‘i orqali kirish usuli O‘zbekistonda shakllangani haqida ham ishoratlar filmda bor.

Xorazmlik qari ashulachi beva ayolning o‘z qizini shou dunyosi devining yotog‘iga yetaklash sahnasi ham film markazidan o‘rin olgan

O‘zbekistonda mashxur bo‘lgan san‘atkor Feruza Jumaniyozova bu filmdagi Rohatoy obrazi prototipi o‘laroq ko‘riladi.

Markaziy Osiyo filmlarini tahlil qiladigan Olmaotalik munaqqid Gulnora Abikeyeva nazarida "Dev va pakana" filmi bundan 40 yil oldin yaratilgan "Mahallada duv-duv gap" filmi boshlab bergan an‘analarni ijodiy tarzda davom ettiradi.

"Mahallada duv duv gap" hamda, "Dev va pakana filmining" ham muvaffaqiyati film yaratilishida dramaturg mualliflarning intelektual saviyasi yetukligi bilan izohlanadi deydi munaqqid Abekeva.

"Mahallada duv-duv gap" filmi Abdulla Qahhor, "Dev va pakana" filmi stsenariysi Murod Muhammad Do‘st kabi yetuk yozuvchilar tarafidan yozilganligini eslatib qo‘ysak.

"Dilbarim" filmining Odil yoqubov, "Olovli yo‘llar" filmi stsenariysining esa Komil Yashin tarafidan yozilgani ham e‘tiborga loyiq.
XS
SM
MD
LG