Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:19

O‘IHning yangi rahbari Usmon G‘oziy kim?


Afghanistan -- Militants of the Islamic Movement of Uzbekistan (IMU) in the northern Kunduz Province, undated
Afghanistan -- Militants of the Islamic Movement of Uzbekistan (IMU) in the northern Kunduz Province, undated

O‘zbekiston Islomiy harakatining yangi rahbari Usmon G‘oziy jinoiy o‘tmishga ega, narkotik moddalar hamda qurollar noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangani iddao qilinmoqda. Pentagon tomonidan moliyalanadigan CentralAsiaOnline.com sayti bu haqda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik hizmati xodimiga tayanib xabar qildi.

O‘zbekiston Islomiy harakatining yetakchisi Usmon Odil halok bo‘lganidan so‘ng uning o‘rniga Usmon G‘oziy amir etib tayinlangani haqidagi bildirish harakat veb-saytida shu yilning 3 avgustida e‘lon qilingandi.

Lekin, O‘IHning yangi rahbari Usmon G‘oziy haqida haligacha ko‘p narsa ma‘lum emas.

Pentagon tomonidan moliyalanadigan CentralAsiaOnline.com saytining O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati terrorchilikka qarshi kurashish bo‘limining S. Xotib ismli xodimiga asoslanib yozishicha, Usmon G‘oziy jinoiy o‘tmishga ega, narkotik moddalar hamda qurollar noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan, keyinchalik O‘IH saflariga qo‘shilib qolgan millati o‘zbek bo‘lmagan shaxsdir.

“Yoshi 40 atrofida bo‘lgan Usmon G‘oziy post-Sovet mamlakatlarining biridan. Kriminal o‘tmishi bois ismni o‘zgartirib olgan. Asl ismini uning atrofidagilargina bilishlari mumkin. O‘zbekcha gapirmaydi, ruschani, shuningdek arabcha va inglizchani biladi. O‘ta qattiqqo‘l va qat‘iyatli, aynan shuning uchun uni rahbar etib tayinlashgan”,- deb aytgan MXX xodimi CentralAsiaOnline.com saytiga.

Harakat faoliyatini yaqindan biladiganlar esa Usmon G‘oziy asli toshkentlik o‘zbeklardan ekani va O‘IHning avvalgi rahbari Usmon Odilning yaqin do‘sti bo‘lganini aytishadi.

Afg‘onistonlik tahlilchi Ahmad Saidiyning Ozodlikka aytishicha, Usmon G‘oziy O‘IHning avvalgi rahbari Usmon Odil bilan og‘a-inidek bo‘lishgan.

- Usmon G‘oziy o‘tmishda nimalar bilan shug‘ullangan, bunisi menga qorong‘u, lekin shuni bilamanki u O‘zbekiston Islomiy Harakatining avvalgi rahbari Usmon Odilga juda yaqin bo‘lgan,- deydi afg‘onistonlik tahlilchi.

Usmon Odil o‘zi olti oy avval o‘ldirilgani aytiladi. Uni o‘rniga yangi rahbar tayinlangunga qadar o‘ldirilgani jamoatchilikka oshkor etilmay turilgan.

Avgust oyi boshlarida harakat Tohir Yo‘ldoshning kuyovi bo‘lgan Usmon Odilning eng sodiq do‘sti Usmon G‘oziyni O‘IHga amir etib tayinlash qarorini olgan.

O‘zbekiston Islomiy harakati 2001 yilda boshlangan hujumlaridan qochib, Pokistonning qavmlar yashovchi Shimoliy va Janubiy Vaziriston mintaqalaridan boshpana topib kelayotgandi.

Harakatning faoliyatini uzoq yillardan beri kuzatib kelayotgan Ahmad Saidiyning aytishicha, Pokiston hududida olib borilgan qator harbiy amaliyotlar ortidan O‘zbekiston Islomiy Harakati Afg‘onistonning Tahor, Qunduz va Badahshon hududlariga o‘tgan.

- O‘zbekiston Islomiy harakatining asosiy qarorgohi Pokistonning Shimoliy Vaziristoni bo‘lib qolmoqda. Lekin asosiy harakat Afg‘onistonga ko‘chgan,- deydi Saidiy.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining soni hozirda bir necha yuzga tushib qolgan.

Harakat ancha zaiflashib qolgani haqda CentralAsiaOnline.com ham yozadi.

“Bir vaqtlar Tohir Yo‘ldosh tarafidan boshqarilgan O‘zbekiston xalq harakati ichki janjal va tortishuvlar bois parokanda bo‘lgan”, -deb aytgan MXX xodimi CentralAsiaOnline.com saytiga.

2009 yil avgust oyida Tohir Yo‘ldosh raketa hujumida halok bo‘lganidan keyin O‘zbekiston Islomiy harakatining rahbari etib uning kuyovi Usmon Odil harakatga rahbar etib tayinlangan edi.
XS
SM
MD
LG