Линклар

logo-print

O‘zbekiston Qozog‘istondan un sotib olishni kamaytirish hisobiga bu mamlakatdan bug‘doy importini oshirishni rejalashtirayotgani aytilmoqda.

O‘zbekiston joriy yilda Qozog‘istondan un import qilishni 20 foizga kamaytirishni mo‘ljallamoqda.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan “Qozoq don” shirkati tahlilchisi Olimbek Gabitovga ko‘ra, O‘zbekiston qozoq uni importini yildan yilga kamaytirib, undan butunlay voz kechish harakatida.

- O‘zbekiston un importidan rasman voz kechmadi. Lekin aktsiz solig‘i joriy qilindi, turli xil cheklovlar e‘lon qildi. Ayni paytda rasmiy cheklov bo‘lmasa-da, O‘zbekiston shu yo‘l bilan un importini to‘xtatishni istayapti. Bu yil un eksporti kamayishini prognoz qilayapmiz. O‘tgan yili O‘zbekiston bir million tonna atrofida qozoq unini xarid qilgan. Bu yil 20 foiz kamayishi aniq,- deydi Gabitov.

"Qozoq don" tahlilchisiga ko‘ra, kelasi uch yil ichida O‘zbekiston qozoq uni importini 50 foizga qisqartirishi taxmin qilinmoqda.

Lekin uning aytishicha, shu bilan birgalikda O‘zbekiston Qozog‘istondan bug‘doy sotib olishni ko‘paytirishni rejalashtirayapti.

"Qozog‘iston donni qayta ishlovchi korxonalar" uyushmasi ma‘lumotiga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonga bir million tonna atrofida bug‘doy eksport qilinishi kutilayapti.

O‘zbekiston Qozog‘istondan import qilayotgan bug‘doy hajmiga oid raqamlarni yilma-yil taqqoslaganda bu ko‘rsatkich oshayotganini ko‘rish mumkin. O‘tgan yili O‘zbekiston Qozog‘istondan 605,9 ming tonna bug‘doy import qilgan bo‘lsa, 2010 yilda bu raqam 271,3 ming tonnani tashkil qilgan.

O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda “O‘zdonmahsulot” shirkati mas‘ullari mavzu yuzasidan Ozodlik bilan gaplashishni istamadi.

“Toshkentun” kombinatining o‘zini tanishtirmagan xodimining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Qozog‘istondan import qilingan bug‘doydan olingan un mahalliy un bilan aralashtiriladi.

“Qozoq va o‘zbek uni aralashtirganda buxanka non juda yaxshi chiqadi. Biz ham shu undan foydalanamiz. Lekin bu un tandir nonga yaxshimas. Endi ochig‘ini aytish kerak qozoq va o‘zbek uni aralashmasi baribir toza qozoq uni bilan raqobatga kirisha olmaydi”,- dedi “Toshkentun” xodimi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, shu kunda O‘zbekistonda mahalliy unning 50 kilogrammlik qopi o‘rtacha 50-60 ming so‘m, qozoq unining bir qopi esa 90 mingdan 130 ming so‘mgacha sotilyapti.

Toshkentlik Abdumannon akaning aytishicha, aholi qimmat bo‘lishiga qaramasdan qozoq unini ishlatishni ma‘qul ko‘radi.

- Qozog‘istonnikini ishlatamizda. O‘zbek uni hattoki ugra oshga ham yaramaydi, o‘sha ham chiqmaydida. Atala bo‘lib ketadi. Qozoq va o‘zbek uni aralashtirib tayyorlangan un ham ovqatga bo‘lmaydi. Faqat nonga bo‘ladi,- deydi Abdumannon aka.

O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining ismi sir qolishini istagan xodimiga ko‘ra, mamlakatda bug‘doy yetishtirishda har gektaridan 40-50 tsentnerdan hosil olinayotgani yakuniy mahsulot sifatiga ta‘sir qiladi.

“Qozoqdon” shirkati ma‘lumotiga ko‘ra, Qozog‘istonda har gektardan 16-17 tsentnerdan bug‘doy hosili olinayapti.

Mutaxassislar fikricha, gektaridan olinadigan hosil miqdori ko‘paygan sari uning sifati buziladi.

O‘zbekiston qozoq uni va bug‘doyining mintaqadagi asosiy xaridorlaridan biri hisoblanadi.

Britaniyadagi Xalqaro G‘alla qo‘mitasi hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston yiliga chetdan 1,5 million tonna bug‘doy import qiladi.

O‘zbekiston Qozog‘istondan tashqari MDHning boshqa davlatlari Rossiya va Ukrainadan ham un sotib oladi.
XS
SM
MD
LG