Линклар

logo-print

O‘zbekiston matbuotining xabar qilishicha, yapon olimlari koinotda yangi sayyorani topib, unga O‘zbekistondagi observatoriya nomini bergan.

O‘zA axborot agentligi xabarlar lentasidagi bu sarlavhaga ko‘zimiz tushishi bilanoq nega “sho‘rdanak” yoki “yormadanak” emas; “achchiqdanak” yoxud “shirindanak”, deb atasalar bo‘lmasmidi, degan quv fikr shuurimizdan uchar yulduzday shuvv etib o‘tdi.

Sarlavhadanoq xulosa qilaverish to‘g‘ri emas, dedik-da, matnni o‘qiy boshladik.

Undan ma‘lum bo‘lishicha, “Maydanak” – O‘zbekistondagi rasadxona.

Uning nomini yaponlar o‘zlari yaqinda ochgan 22948-inchi asteroidga beribdi.

O‘zA bu voqeani o‘zbek ilm-fanining yaponlar tomonidan “oliy” tan olinishi sifatida talqin etgan.

Xo‘sh, nima uchun yaponlar yulduzni o‘zlari ochadiyu kimonosining etaklarini tutamlab o‘zbekkka ta‘zim qiladi?

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, professor Shuhrat Egamberdiyev Ozodlik bilan suhbatda bu savolga ham javob berdi.

Xushxabar

- Garvarddagi kichik sayyoralar xalqaro markazining navbatdagi tsirkulyarida bizga yaxshi xushxabar keldi. Bu juda ham yaxshi sovg‘a bo‘ldi bizga. Bu xabar shundan iboratki, yapon astronomlari ochilgan sayyoralardan biriga O‘zbekistondagi Maydanak observatoriyasining nomini berishni taklif etishdi.

Nega nom O‘zbekistondan tanlandi?


- Buning asosi shundaki, biz yaponiyalik olimlar bilan anchadan beri Maydanak astronomiya observatoriyasida birga tadqiqotlar olib boramiz.


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, professor Shuhrat Egamberdiyev bilan suhbat bu yerda:



“Maydanak” Qashqadaryoning Qamashi tumanida joylashgan

- Maydanakdagi astronomiya observatoriyasi Yevroosiyo hududidagi astronomik ob‘ektlarni kuzatishga eng qulay observatoriya. Hozirgi kundagi jahondagi eng mashhur observatoriyalar Gavay bilan Kanar orollarining oralig‘ida shularning ikkalasida joylashgan. Shularning oralig‘ida Maydanak observatoriyasi bu nimalarga juda qulay hisoblanadi. Mustaqillik sharofati bilan Maydanak observatoriyasida biz xalqaro aloqalarni juda keng yo‘lga qo‘ydik. Shuning natijasida hozir Maydanakdagi observatoriya hamdo‘stlik mamlakatlarining ichida eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan observatoriyalardan ham eng yaxshilaridan biri hisoblanadi.

O‘zbek astronomlari ham sayyora ochgan

- 2009 yilda astronomiya institutining xodimlari Maydanak observatoriyasida yangi sayyora ochdi. Bu sayyora xalqaro astronomiya jamiyati tomonidan qayd etilgandan keyin bu yerda prezidentimizning taklifi bilan ana shu sayyoraga Samarqand nomi berildi.

O‘zbek sayyoralari

- Hozirgi kunda O‘zbekiston bilan bog‘liq beshta sayyora bor. O‘zbekistoniya, Xorazmiy, Avitsenna, Ulug‘bek va Beruniy.


Muammolar


- Maydanakning sharoitlari juda og‘ir. Tog‘ sharoiti bo‘lganligi uchun hozir u yerda avtonom elektr ta‘minoti bo‘lganda edi, bizga juda qulay bo‘lardi. Shuning uchun hozir biz takliflar bilan chiqayapmiz. Masalan o‘sha yerda avtonom quyosh energiyasi manbalarini qo‘yganimizda edi, bizga juda ham nima bo‘lardi.

Astronomiya ilmida yoshlar ko‘p


- 95 foiz xodimlarning yoshi 40dan pastda.

“Maydanak” asteroidi qachon ochilgan?


Bu mavzuga oid maqolaning xabar ko‘rinishi saytimizda chop etilishi bilanoq bir mushtariymiz “asteroid – sayyora yoki planeta emas, asteroid bu – asteroid”, degan e‘tiroz bildirdi.

Haqli tanbeh. Lekin u Ozodlikka emas, O‘zAga aytilishi kerak. Asteroidni sayyora, deb atagan shu agentlik.

O‘zA yana bir ma‘lumotni noto‘g‘ri bergan.

Agentlikning “Yapon olimlari tomonidan yaqinda ochilgan kichik sayyora - 22948-inchi asteroidga Xalqaro astronomiya uyushmasi “Maydanak” nomini berdi” jumlasidagi “yaqinda ochilgan” degan aniqlama ham haqiqatga mos emas

Chunki, katta kuch talab qilmagan izlanishlarimiz 22948-inchi asteroid O‘zA yozganidek “yaqinda” emas, balki bundan 13 yil oldin – 1999 yilning 2 oktyabrida ochilganini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, professor Shuhrat Egamberdiyev ham buni tasdiqladi.

Ozodlik: Endi yaponlar ochgani aytilayotgan asteroid 1999 yilning 2 martida ochilgan degan ...

- Oktyabrida.

Ozodlik: 1999 yilda, 13 yil oldin.

- Ha.

Ozodlik: Nimaga bugun aytilayapti bu?

- Xalqaro astronomiya jamiyati Yaponiyaga ma‘lum kvota berdi sizlar nom berish huquqiga egasizlar degan. Yapon olimlari, bizning sohamizdagi odamlari aytganki, biz bittasiga O‘zbekistondagi observatoriya nomini bermoqchimiz degandan keyin shu taklif aynan o‘tdi. Yaponiya astronomik jamiyatidan ham o‘tdi, undan keyin uni kichik sayyoralar markazi tasdiqlab, Maydanakning nomini berdi. Bu bizning Maydanak observatoriyasi olib borayotgan ishlarning juda katta e‘tirofi.

Ozodlik: Demak, 22948-asteroid 1999 yilda ochilgan va unga nom endi berildi.

- Endi berildi to‘g‘ri.
XS
SM
MD
LG