Линклар

Ozodlik manbalarining O‘zbekiston ichkarisidan xorijdagi ijtimoiy tarmoqlarga kirib bo‘lmay qolgani haqidagi xabarini "O‘zbektelekom" mutaxassislari ham tasdiqladi. Hozircha bunday uzilish sababi sirligicha qolmoqda.

23 avgust kuni Toshkentda vaqt tushdan og‘ganda¸ o‘zbekistonlik Ozodlik mushtariylaridan¸ yoshlar orasida ommalashgan ko‘p saytlarga kirib bo‘lmay qolgani haqida xabar keldi.

"Odnoklassnikiga uydagi kompyuterimdan kirmoqchi bo‘layapman¸ ammo necha marta urinsam ham¸ "Oshibka" degan yozuv chiqib kelayapti"¸ dedi Ozodlik bilan bog‘langan toshkentlik talaba yigit.

Ozodlik muxbiri bu xabar tafsilotini o‘rganishni boshlashi bilan¸ O‘zbekiston ichkarisidagi yarim rasmiy axborot portalida ham ayni xabar paydo bo‘ldi.

"Bugun mahalliy vaqt bilan soat 14:00 atrofida O‘zbekistonda xalqaro Internet tarmog‘i ishida uzilishlar kuzatildi"¸ deb xabar berdi yarim rasmiy Olam.uz portali.

Bu manbaning yozishicha¸ xorijiy saytlarga kirishga urinilganda¸ brauzer avtomatik tarzda www.msn.com saytiga o‘tkazib yubormoqda.

“HTTP protokoli bo‘yicha ko‘plab xorijiy saytlarni ochib bo‘lmay qoldi. Ayni paytda¸ ICQ, Skype, Mail.ru Agent kabi HTTP aloqasini talab qilmaydigan messenjerlar faoliyatida uzilish kuzatilmadi”¸ deb yozdi O‘zbekiston ichkarisida ishlayotgan Olam.uz sayti.

Ozodlikka murojaat qilgan o‘zbekistonliklar yoshlarning kundalik saytiga aylangan ijtimoiy tarmoqlar¸ xususan¸ Odnoklassniki.ru¸ VKontakte.ru va Facebook kabi saytlarga kira olmayotganlaridan shikoyat qildilar.

“O‘zbektelekom” mutaxassislari¸ Olam.uzning yozishicha¸ bunday uzilish sabablarini aniqlab¸ uni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Bu sabablarning mohiyatan texnik yoki siyosiy ekani haqida hozircha hech qanday ma‘lumot yo‘q.

O‘zbekistonda xorijda faoliyat yurg‘izayotgan mustaqil axborot agentliklari¸ shuningdek muxolifat saytlari yillardan beri muntazam to‘sib kelinadi.

Xususan¸ Ozodlik radiosining Internet sahifasiga O‘zbekiston ichkarisidan kirishga urinilganda¸ foydalanuvchi avtomatik tarzda msn.com saytiga o‘tkaziladi.

Ozodlikning O‘zbekistondagi manbalariga ko‘ra¸ proksi saytlar orqali kirish mumkin bo‘lmayotgan xalqaro saytlarga kirish mumkin va ular buning uchun Ozodlikning Psiphon3 texnologiyasidan foydalanmoqdalar.

Bugungi uzilish davomida xorijdagi saytlarni ochishga uringan Internet foydalanuvchilarining aynan msn.comga o‘tkazilishi¸ uzilishning maxsus o‘tkazilayotgan amaliyot natijasi bo‘lishi haqida taxminlar tug‘ilishiga asos bo‘lmoqda.

"Mustaqillik arafasida O‘zbekiston hukumati yoki Internetni filtr qiluvchi texnologiyasini yangilamoqda¸ yoki xalqaro Internetni to‘sgan holda¸ O‘zbekiston ichkarisidagi nazoratdagi Internet saytlarini ochiq qoldirishga hozirlik jarayonini sinovdan o‘tkazmoqda"¸ degan taxminni ilgari suradi Ozodlik bilan suhbatda axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassis.

O‘zbekiston hukumati yillardan beri xalqaro maydonda Internet dushmanlari sifatida qayd etib kelinadi.
XS
SM
MD
LG