Линклар

logo-print

"GM-O‘zbekiston" korxonasi ishlab chiqarayotgan mashinalar bilan savdo qilayotgan avtosalon xodimlarining Ozodlikka bildirishicha¸ mijozlardan 2013 yil uchun buyurtma qabul qilinmoqda¸ biroq shartnoma tuzilmayapti.

29 yashar Adhamjon Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidan. Bir necha yillardan beri xorijda mehnat qilayotgan bu oila boshlig‘i GM-O‘zbekiston shirkatida ishlab chiqarilayotgan mashina sotib olish niyatida pul to‘plab uyiga jo‘natgan, yaqinlari xarid niyatida avtosalonga borgan, ammo ularning hatto buyurtmasi ham qabul qilinmagan:

- O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan "Damas"ni olmoqchi bo‘lib, anchadan beri niyat qilib yurgan edik. Uydagilar avtosalonga borishsa, shartnoma qilish bayramgacha to‘xtatilgan, deb hatto ariza ham qabul qilishmabdi¸ deydi Adhamjon.

Andijon shahridagi "Andijonavtotexxizmat" hissadorlik kompaniyasi savdo bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi xaridorlar bilan 2013 yil uchun shartnoma tuzilmayotgani haqida Adhamjon aytganlarni tasdiqladi:

- Hozirgi kunda 2011-2012 yil uchun ariza yozganlar bor. Shularni ro‘yxat qilib chaqiryapmiz. Mabodo shulardan ortib qolsagina erkin savdoga chiqarishimiz mumkin. Hozir erkin savdoda faqat "Malibu" bilan "Kaptiva" degan mashinalarimiz bor. Biz 2013 yil uchun shartnoma tuzmaymiz, faqat arizangizni olib qolishimiz mumkin. Agar biror boshqa ilgari ariza bergan odam niyatidan qaytsa¸ sizni chaqirishimiz mumkin. Andijon viloyatida oltita diller ish olib boryapti. Boshqalariga murojaat qilib ko‘ring, dedi Andijon shahridagi "Andijonavtotexxizmat" hissadorlik kompaniyasi savdo bo‘limi xodimi.

"Buxoroavtotexxizmat" korxonasi qoshidagi avtosalonning o‘zini tanishtirmagan sotuvchisiga ko‘ra, avtosalonda 2013 yilda mashina olishga ariza bergan xaridorlar bilan shartnoma tuzish boshlangan:

- Mana kelib o‘zingiz qarang, ikki kundan buyon mashina olish uchun rayonlardan ariza bergan yuzlab odam shartnoma olish uchun kelib o‘tiribdilar, deydi avtosalon sotuvchisi.

"Podrobno.uz" Internet saytining yozishicha 22 avgustda GM-O‘zbekiston qo‘shma korxonasining Toshkent shahridagi avtosalonlarida avtomobil xarid qilish shartnomasini qo‘lga kiritish uchun juda ko‘p odam to‘plangan.

Tuziladigan yangi shartnomaga ko‘ra, 2013 yilning 31 dekabriga qadar yangi avtomobillar o‘z egalariga topshirilishi lozim.

"GM-O‘zbekiston" qo‘shma korxonasi e‘lon qilgan rasmiy ma‘lumotga ko‘ra¸ korxona bir yilda 250 mingta turli rusumdagi yengil avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2011 yilda "GM-O‘zbekiston" qo‘shma korxonasi 175 mingta avtomobil ishlab chiqargan.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bu avtomobillarning 40 foizi MDH davlatlariga eksport qilinadi. O‘zbek avtomobilining asosiy importchilaridan biri Rossiyadir.

O‘tgan yilning noyabr oyida Toshkent viloyatining Zangiota tumanida "GM-O‘zbekiston" qo‘shma korxonasining qiymati 522 million AQSh dollariga teng bo‘lgan avtomobil motorlari ishlab chiqaradigan zavodi ishga tushirilgan edi.

"GM-O‘zbekiston" qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan avtomobillarning O‘zbekiston ichki bozoridagi sotuvi nega muammoga aylanib borayotgani sababini bilish maqsadida Ozodlik muxbiri 23 avgust kuni "O‘zavtosanoat" hissadorlik kompaniyasiga murojaat qildi.

Biroq kompaniyaning Internet saytida e‘lon qilingan telefon raqamlarining birortasi ham javob bermadi.

"GM-O‘zbekiston" qo‘shma korxonasi e‘lon qilgan "qaynoq liniya" esa kun bo‘yi band bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG