Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:24

Moskvada politsiyachi o‘zbekistonlikni otib o‘ldirdi


Yakshanba kuni Moskva viloyati Domodedovo shahrida avtoinspektorlar talabi bilan mashinasini to‘xtatmagan o‘zbekistonlik haydovchi otib o‘ldirildi.

Podmoskovening Domodedovo shahridagi Oktyabr va Rabochaya ko‘chasida Yo‘l-patrul xizmati naryadi 26 avgustga o‘tar kechasi soat 2 larda svetoforning qizil chirog‘iga to‘xtamagan VAZ-2114 rusumli avtomashinani to‘xtatishga uringan.

Biroq, politsiya xodimlarini ko‘rib qolgan avtomobil haydovchisi tezlikni oshirib, Moskva shahriga qarab yo‘l oladi.

VAZ orqasidan quvib borgan YPX inspektori ovoz kuchaytiruvchi moslama yordamida, bir necha bor avtomobilni “o‘ng tarafga olish va to‘xtatishni” talab qilgan. Lekin to‘liq tonirovka qilingan avtomobil yo‘l-harakati qoidalarini buzib qarama-qarshi yo‘lga chiqib olgan va harakatni davom ettirgan. Voqea tafsilotlarini Ozodlikka gapirib bergan va ismi oshkor etilmasligini so‘ragan Moskva viloyati Ichki ishlar boshqarmasi zobiti jumladan bunday dedi:

- Mashinani quvish Domodedovoda boshlandi, otishma esa Moskva shahri hududida sodir bo‘ldi. VAZ-2114 avtomashinasi haydovchisi politsiya xodimlarining bir necha bor ogohlantirishlariga qaramasdan piyodalar va boshqa avtomobillarga xavf tug‘dira boshlaganidan keyin, inspektor havoga o‘q uzdi. Bu ogohlantirish natija bermaganidan so‘ng Moskva shahri Varshava shossesida VAZ avtomashinasiga yaqinlashgan politsiyachi tabel to‘pponchasida orqa g‘ildirakka 5 marotaba o‘q uzdi,- deydi politsiya ofitseri.

Uning aytishicha, politsiya va haydovchi poygasi soat 2:30 larda tugagan. VAZ-2114 Varshava shossesida qarama-qarshi yo‘lni kesib o‘tib, gazon va trotuarni bosib o‘tgan va 36-uy yonida to‘xtagan. Mashinaga yaqinlashib kelgan politsiya xodimlari sindirilgan chap oyinadan haydovchi behush ekanligini aniqlagan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Moskva viloyati politsiya boshqarmasi rasmiysi mashinaga qarab otilgan o‘qlardan biri mashinani boshqarib ketayotgan, 1983 yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi boshining orqa qismiga tekkanini tasdiqladi.

- Ha, adashmasam o‘zbek ekan. Bizda u haqda ma‘lumot yo‘q. Gap shundaki, otishma Moskva shahrida sodir bo‘lgani sababli voqea tergovi bilan Moskva shahar Tergov qo‘mitasi shug‘ullanyapti. Politsiyachi tomonidan tabel pistoletni ishlatishning qonuniyligi tekshirilmoqda,- dedi Moskva viloyati politsiya boshqarmasi ofitseri.

Ozodlik boshqa manbalardan olgan ma‘lumotlarga ko‘ra, Varshava shossesidagi otishmada o‘ldirilgan 29 yashar haydovchining ismi Ashot Malintsev bo‘lib, u haqiqatan O‘zbekiston fuqarosi ekani aytilmoqda.

VAZ-2114 avtomashinasi tintuv qilinganda topilgan hujjatlardan aniqlanishicha, shu yilning 24 iyulida sud qaroriga ko‘ra o‘zbekistonlik Ashot Malintsev 1,5 yilga haydovchilik huquqidan mahrum etilgan, O‘zbekistonda esa noqonuniy narkotik savdosi uchun qamalib chiqqan.

Moskva shahar Tergov qo‘mitasi olib borgan dastlabki taftishning 27 avgustda e‘lon qilgan xulosasiga ko‘ra, Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tabel pistoletidan qonuniy foydalangan.
XS
SM
MD
LG