Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:15

Korzinka.uz o‘z nusxalaridan tondi


Toshkentdagi Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i viloyatlarda brend nomidan noqonuniy foydalanish ko‘payib borayotgani haqida xabar berdi. Shu munosabat bilan shirkat qaroqchilikka qarshi kurash e‘lon qildi.

Korzinka.uz ning ismini oshkor qilmagan xodimiga ko‘ra, oxirgi oylarda hududlarda bir necha g‘irrom raqobat holati aniqlangan.

– Andijon shahrida “Korzinka Lux” va “Karzinka Lux” degan ikkita universal magazin ochishgan. Nomi bizning brendga juda o‘xshash-ku. Shu-chun odamlar bu Korzinka.uzning rasmiy filiali bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan. Kontrafaktga qarshi kurash markazi brenddan noqonuniy foydalanish fakti bo‘yicha andijonlik tadbirkorni ogohlantirdi, keyin magazinlar nomi o‘zgartirildi, – deydi Korzinka.uz xodimi.

Bunday holat Qarshi shahrida ham qayd etilgan.

– Qarshida faqat nomimizdan emas, brendimizning rangi va shriftidan ham foydalanishgan, – deydi shirkat vakili.

Ogohlantirishdan keyin qarshilik tadbirkor ham brendni “tinch qo‘ygan”. Avvalroq Qoraqalpog‘istonning Nukusida ham Korzinka.uz brendidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangandi.

– O‘zbekistonda Kontrafaktga qarshi kurash markazi bor. G‘irrom raqobatchilar bilan kurashish uchun shu markaz bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Yaqinda Markaz xodimlarimizni asl mahsulotni qalbakisidan ajratish bo‘yicha treninglar o‘tkazib berdi, – deydi Korzinka.uz vakili.

Kontrafaktga qarshi kurash markazi ham mahalliy matbuotda e‘lon qilingan qator maqolalarda taniqli tovar va mahsulot ishlab chiqaruvchilar ko‘chirmachilik qurboniga aylanayotganini tan oldi.

Markazga ko‘ra, brend, logotip singari intellektual mulk ob‘ektlari qonun himoyasida va ulardan ruxsatsiz foydalanish hamda daromad olish mumkin emas.

O‘zbekistonning “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, tashqi bezak, nom, tamg‘a, tovar belgisi va yuridik shaxsning boshqa individual vositalaridan nusxa ko‘chirish “noinsof raqobat” deya malakalanadi.

Taniqli brenddan qaroqchilik yo‘li bilan foydalangan tashkilotga jarima solinadi, tovar belgisidan noqonuniy foydalanish davri uchun boy berilgan zarar qoplattiriladi. Shu bilan birga, noqonuniy daromad manbai bo‘lgan mahsulotlar musodara etiladi.

Korzinka.uz – Toshkentdagi shu nomli supermarketlar va Smart do‘konlari tarmog‘i. Xususiy mulk shaklidagi shirkat 15 yildan buyon mahalliy bozorda faoliyat yuritib keladi.

Iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, 2011 yil martda Turkiyaning Turkuaz supermarketlari yopilishi ortidan Korzinka.uz savdo hajmi oshgan va shirkat mahalliy bozorda yetakchilikni o‘z qo‘liga olgan.

Turkuaz tizimida tekshiruvlar ketayotgan paytda o‘zbek huquq idoralarining galdagi nishoni Korzinka.uz bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan, ammo keyinroq bu axborot o‘z tasdig‘ini topmagandi.
XS
SM
MD
LG