Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:10

Gulnora Karimova O‘zbekiston bo‘ylab xayriya tadbirlarida yuribdi


Gulnora Karimova keyingi paytlarda ommaviy tadbirlar kunda-shundasi bo‘lib qolgan.
Gulnora Karimova keyingi paytlarda ommaviy tadbirlar kunda-shundasi bo‘lib qolgan.

Mamlakatning Surxondaryo¸ Samarqand va Xorazm viloyatlarida Gulnora Karimova boshqaraëtgan “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi jamg‘armasi” homiyligida navbatdagi xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlaridagi tadbirlarda shaxsan qatnashgan O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova u yerdagi xususiy korxonalarga borib ishchilar bilan uchrashgani xabar qilindi.

Gulnora Karimovaning bu safarini turne deya yoritayotgan “Sayyod” nashri vakili Sardor Komilovga ko‘ra¸ Gulnora Karimova xalq bilan uchrashuvlari “qizg‘in va samimiy” o‘tmoqda.

Ayni paytda Gulnora Karimova tashrifi munosabati bilan joylarda xavfsizlik choralarining kuchaytirilayotgani hammaga ham yoqmayapti.

Gulnora Karimovaning mahalliy tadbirkorlar hisobidan “sahiyligi” ham odamlar g‘ashiga tegayotgani ham kuzatilmoqda.

Ayni paytda Gulnora Karimova boshqargan xayriya karvoni Samarqand viloyatiga yetib keldi, deydi tadbirda ishtirok etayotgan “Sayyod” ko‘ngilochar nashri muharriri Sardor Komilov:

- Samarqanddamiz. Zo‘r bo‘layapti, yoqayapti menga. Mazza qilayapman. Men o‘zi hech qachon viloyatlarga chiqmasdim. Yo‘l azobini yoqtirmayman, yo‘l mashaqqatini. Lekin Gulnora Karimova o‘tkazgan bu tadbirlar menga juda yoqayapti. Birinchidan, xayriya tadbirlari bo‘layapti. Bevosita bu yerning o‘zida bo‘lib intervyu qilsangiz, boshqacha bo‘larkan. Nechta odamning istoriyasini ko‘rdimda. Bir necha yildan beri sevishib, turmush qura olmayotganlarga shunaqa katta imkoniyatlar berildi, chto hashar sifatida to‘y uyushtirib berilayapti. Sunnat to‘ylar ham shu qatorda. Ularning quvonchi cheksizda. Istoriyalarni, voqealarni eshitib, g‘alati bo‘lib ketasizda. Necha yil turmush qura olmay yurgan, Fond forum mana shunaqa ajoyib, g‘aroyib, qiziqarli loyihalar orqali taqdim qilayapti.

Ozodlik: Gulnora Karimovaning bu tadbirlardagi roli nima?

- Xalq orasida ajoyib tarzda, ochiq muloqot qilmoqdaku.

Ozodlik: Gulnoraxon chollar bilan o‘zbekcha gaplashayaptimi?

- Ha. O‘zbekcha ham, ruscha ham. Tilaklar, samimiy so‘zlar hammasi o‘zbek tilida yangramoqda¸ deydi Sardor Komilov.

Suhbatdoshga ko‘ra, bundan bir kun oldin Surxondaryoda tadbirlar o‘tkazgan.

- Surxondaryoda 70 juftlikka nikoh to‘yi qilib berildi. 72 bola sunnat qilindi. Ularga sovg‘alar berildi¸ deydi Sardor Komilov.

Abduxoshim Ismoilov va Zulayho Boyhonova ishtirokida to‘y


Surxondaryolik o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, sunnat qilingan va nikohi o‘qilganlarning hammasini yig‘ib, shahardagi "Turon" restoranida to‘y qilib berilgan.

To‘yni taniqli kino artisti Murod Rajabov ochib berganidan keyin ashulachi Zulayho Boyhonova qo‘shiqlar aytgan. Abduxoshim Ismoilov esa g‘ijjak chalgan.

Termizlik suhbatdosh Qashqadaryodagi 18 tadbirkor to‘yga homiy sifatida jalb qilinganini aytadi.

- Bu tadbirkorlar puliga kelgan sovg‘alarni Gulnora Karimova topshirdi¸ deydi suhbatdosh.

Ayni paytda Termizdagi tadbirda sovg‘a olganlar ham o‘z navbatida Gulnora Karimovaga sovg‘alar topshirishgan.

Internetdagi ko‘ngilochar nashrlarda Gulnora Karimovaga o‘zi to‘qigan gilamchani sovg‘a qilayotgan ayol surati e‘lon qilindi.

Termiz¸ Qarshi va Samarqanddagi kelinlar Gulnora Karimovaga ta‘zim qilishdi deydi voqealarni kuzatib borayotgan tadbir qatnashchilaridan biri¸ Ozodlik bilan suhbatda.

"Sayyod" nashri esa Qarshidagi mo‘ysafidning Gulnoraga atab qasida o‘qigani haqida yozdi:

“Gulnoraga atalgan qasida? Kutilmaganda Yoshi ulug‘ boboy Gulnoraga yozgan she‘rini o‘qib berdi... Gulnora qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha eshitar ekan, uyalib yerdan ko‘zini uza olmay qoldi.”

Gulnora prezident bo‘lmoqchi


Termizlik o‘qituvchi odamlar orasida Gulnora prezident bo‘lmoqchi degan gap tarqalganini aytadi.

Bunday gap Qarshi¸ Samarqand va Xivada ham tarqalgani aytildi.

Avgust oxirida Xorazm viloyatining Urganch¸ Xiva¸ Bog‘ot¸ Xazorasp, Xonqa va Gurlan tumanlarida ham Gulnora Karimovaga nisbat berilgan sunnat va nikoh to‘ylari o‘tkazilgan.

Bu to‘ylarda ham mahalliy tadbirkorlar “Homiy” bo‘lishga ixtiyoriy-majburiy safarbar qilingan, deydi xivalik 50 yashar mahalliy tadbirkor Erkaboy Jumaniyozov.

Odamlarning munosabati qanday Gulnora Karimovaning bunday tadbirlariga? deb so‘raymiz tadbirkordan:

- Odamlar ishonmaydi unga. Skeptik nuqtai nazar bilan qarashmoqda. Gulnora Karimovaning odamlar orasida obro‘si yo‘q deb bilaman. Masalan, Xorazm viloyatida shunday, deydi tadbirkor.

Ayni paytda suhbatdosh Gulnora Karimova o‘tkazayotgan tadbirlar orqali xalqning avom va qashshoq qismiga qarata, "men sizlarning boshpanohingizman" degan mujda yuborayotganini aytadi:

- Aynan mana shu qatlam manipulyatsiya qilinishga moyil. Ayni shu qatlam Gulnoraning arzon-garov targ‘ibotiga uchishi mumkin. Lekin bu nisbiy tushuncha. Chunki ko‘pchilik mamlakat tashqarisiga chiqib ketgan¸ deydi Xivalik tadbirkor Erkaboy aka.

Gulnora Karimova O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mulozimi va BMTning Jenevadagi qarorgohida O‘zbekiston Respublikasining ishonchli vakili sifatida ishlab davlat byudjetidan oylik oladi.

Shu kunlarda Gulnora Karimovaning tashqi siyosatni qo‘yib O‘zbekiston ichkarisida qizg‘in faoliyat olib borayotgani qator savollarni tug‘dirmoqda.
XS
SM
MD
LG