Линклар

Rossiyada “Nu, pogodi!” (“Senimi, shoshmay tur!") multfilmi “kattalar uchun” toifasiga kiritildi. Joriy yilning 1 sentyabridan boshlab telekanallar bu multserialni faqat soat 23.00 dan keyin namoyish qilishlari mumkin bo‘ladi.

“Senimi, shoshmay tur!" multserialida bo‘rining sigaret chekish, aroq ichish kabi kattalar hayotiga daxldor ishlarni qilishi bu taqiqqa asos bo‘ldi.

Davlat Dumasi 2010 yil oxirida “Bolalarni ularning sog‘lig‘i va rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborotdan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilgan edi.

Ana shu qonunga muvofiq “Senimi, shoshmay tur!" “18+” toifadagi filmlar qatoriga kiritildi.

Endilikda Rossiya telekanallari oldida ikki yo‘l bor – yo bu kabi multfilmlardagi zo‘ravonlik sahnalarini kesib tashlab, efirga berish, yoki uni yarim tunga yaqin namoyish qilish. Har holda, qaychilanmagan “Senimi, shoshmay tur!” multfilmi bundan buyon “Xayrli tun, kichkintoylar!” kabi ko‘rsatuvlarda namoyish qilinmasligi aytilmoqda.

Sovet bolalari bir necha avlodining sevimli multfilmiga aylangan “Senimi, shoshmay tur!” multfilmining ilk seriyasi 1969 yilda olingan.

Amerikaliklarning “Tom va Jerri”siga javoban suratga olingani aytiladigan mazkur multserialga Vyacheslav Kotyonochkin rejissyorlik qilgan. Undagi bo‘riga mashhur aktyor Anatoliy Papanov, quyonga esa taniqli aktrisa Klara Rumyantseva ovoz bergan.

Ko‘pchilik uchun sevimli bo‘lgan multserialning tsenzura qilinib, qaychilanishi Rossiyada aksariyat san‘at arboblarining noroziligiga, istehzoyu pichinglariga sabab bo‘lmoqda. Xususan, Rosbalt agentligining rossiyalik taniqli kinorejissyor va xizmat ko‘rsatgan san‘at arbobi Yuriy Maminga iqtibosan yozishicha, “bu tili achchiq komediya yaratish uchun yaxshi bahona, faqat Saltikov-Shchedrin yetishmayapti, xolos”.

- Har bir davlat turmushida ahmoqlikning rivojlanish davri bo‘ladi (bizda esa bunaqasi bir necha marta bo‘lgan), bunaqa davrda esi past mansabdorlar kuchayib, faollashib qoladi. Ular o‘zlarining kerakliligini isbotlash uchun ahmoqona qonunlar chiqaradilar, - deydi Yuriy Mamin.

Ayni paytda Rossiyadagi markaziy telekanallarning hammasi bilan hamkorlik qiluvchi hamda "Xayrli tun, kinkintoylar!" ko‘rsatuvini tayyorlovchi Transkontinental mediakompaniya (TKM) o‘zi tayyorlagan va efirga uzatadigan dasturlar ichida “Senimi, shoshmay tur!” multfilmini qanday bo‘lsa, shundayligicha namoyish bo‘yicha rossiyalik mas‘ullar bilan kelishuvga erishishga umid qilayotibdi. Bu haqda Interfaks agentligiga so‘zlagan TKM bosh direktori Aleksandr Mitroshenkov TKM shu kunlarda Davlat dumasi va boshqa davlat muassasalari bilan muzokaralar olib borayotganini va ulardan multfilmni qaychilanmagan holda ko‘rsatish bo‘yicha aniq kafolatlar olishga urinayotganini bildirdi.

O‘zbekiston Davlat qo‘g‘irchoq teatri rejissyori Dinara Yo‘ldosheva ham mazkur multfilmdan bo‘rining sigaret chekkan yoki boshqa noma‘qul ishlarni qilgan sahnalarini olib tashlashda ma‘no ko‘rmaydi.

- Bu qusurlar salbiy qahramonga tegishli-ku. Salbiy qahramon shunaqa yomon qiliqlarga ega bo‘lishi mumkinligi shundoq ham tushunarli. Aksincha, bu bolalarda bunaqa qiliqlarga nisbatan nafrat hissini tarbiyalaydi, chunki ular salbiy qahramonga ergashmaydilar. U yerda bolalar xayrixoh bo‘lgan ijobiy qahramon – mittigina quyoncha bor. Multfilmni ko‘rarkan, bolalarda ojiz quyonchani xafa qilayotgan bo‘riga nisbatan norozilik kayfiyati uyg‘onadi. Shuning uchun ham multfilmda bo‘rining salbiy xususiyatlarini ko‘rsatish o‘zini oqlaydi, - deydi Dinara Yo‘ldosheva.

“Senimi, shoshmay tur!” o‘z bolalari uchun ham yillar davomida sevimli multserial bo‘lib kelganini aytgan o‘zbekistonlik rejissyor uning farzandlari tarbiyasiga salbiy ta‘sir qilmaganini ta‘kidladi.

“Siz ishlayotgan qo‘g‘irchoq teatrida ham pьesalar tsenzura qilinadimi?” degan savolimizga rejissyor quyidagicha javob berdi.

- Shu paytgacha bo‘lgani yo‘q. Buning buyog‘iga bo‘ladimi-yo‘qmi – bunisini bilmayman, - dedi Dinara Yo‘ldosheva.
XS
SM
MD
LG