Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:27

Farg‘onada qora niqoblilar reyd o‘tkazmoqda


Farg‘ona shahrida qora niqobli maxsus guruh transport vositalarini taftish etmoqda. Reydlar mustaqillik bayrami munosabati bilan kuchaytirilgan xavfsizlik choralarining tarkibiy qismi sifatida ko‘rilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan farg‘onalik haydovchilarga ko‘ra¸ oddiy aholi orasida keng tarqalgan ishonchga ko‘ra¸ reydlar orqali viloyat g‘aznasiga pul tushumini ko‘paytirish maqsad qilingan.

– Farg‘ona shahrida bir haftadan beri kuchaytirilgan vaqtinchalik postlar ishlayapti. Bittasi shahar markazida, yana bittasi shahardan chiqishda.

Vaqtinchalik postda “gaishnik”dan tashqari qora maskali, qo‘lida avtomat ushlagan askarlar ham turibdi. Adashmasam, grajdanskiy kiyimdagilar SNB, deydi farg‘onalik Izzatilla ismli haydovchi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanitishni istamagan vakiliga ko‘ra, bu bayram arafasidagi xavfsizlik chorasi sirasiga kiradi.

Ammo mahalliy haydovchilar bu odatdagi xavfsizlik chorasiga o‘xshamayapti, degan fikrda.

– “Matiz”, “Damas”, “Neskiya”, keyin rossiyskiy eski mashinalarini umuman to‘xtatishmayapti. Asosan “Lasetti”, “Kaptiva”, inomarkalarni ushlashyapti. Manam “Lasetti”da kelayotganimda to‘xtatishdi. To‘g‘risi, avtomatdagi maskalilarni ko‘rib qo‘rqib ketdim. Narusheniye qilmagandim lekin. “Gaishnik” ukamiz kelib “Tanish-bilishga telefon qilaman deb ovora bo‘lmang, foydasi yo‘q. Undan ko‘ra tinchgina shtraf to‘lang” dedi. Keyin 120 ming so‘mdan oshiq jarima yozib berishdi, deydi farg‘onalik Izzatilla.

Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodi ma‘muriyatida ishlovchi suhbatdoshimizga ko‘ra, favqulodda reydlar bo‘shab qolgan viloyat g‘aznasiga qo‘shimcha daromad tushirishga qaratilgan.

– Xabaringiz bo‘lsa kerak, hozir Farg‘onada katta qurilish ketyapti. Ko‘p joylar buzib tashlangan. 2015 yilgacha shaharni butunlay boshqatdan qurish kerak.
Stroykaga pul yetishmay qolyapti. Eshitishimcha, transport vositalarini reyd qilib, jarimalar hisobiga qurilishga pul tushirishga buyruq berilgan. Ikki-uchta tanishim ham reydga tushib qoldi. Jarima to‘ladi, keyin qo‘yvorishdi, – deydi Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi ma‘muriyatida ishlovchi suhbatdoshimiz.

Toshkent shahridagi “Bunyodkor” stadioni transport egalaridan undirilgan jarimalar hisobiga ko‘tarilgani haqida ovozalar oralagan edi. Ozodlik suhbatlashgan haydovchilardan biri ana shunga ishora qildi.

– Toshkentlik shofyorlar stadion qurib bitkazdi, bizam Farg‘ona qurilishiga hissa qo‘shishimizga to‘g‘ri kelyapti. Maskalilar to‘xtaganidan keyin manaman deganizam cho‘ntak kavlab qoladi-da¸ deydi farg‘onalik haydovchi Komil aka.

2011 yil 15 noyabrda O‘zbekiston prezidentining 2012–2015 yillarda Farg‘ona shahrining ijtimoiy va transport-kommunikatsiya infrastrukturasini qayta qurish to‘g‘risidagi qarori e‘lon qilingan. Mazkur qarorda, Farg‘ona shahridagi qurilish ishlari uchun 1,3 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Qayta qurish loyihasi bo‘yicha shahar rekonstruktsiyasiga xalal beradigan aholi turarjoylarini buzishga buyruq berilgan.
XS
SM
MD
LG