Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:11

"Usell" o‘z boshiga "O‘zdunrobita" kuni tushishidan xavotirda


Ucellning O‘zbekistondagi bosh idorasi.
Ucellning O‘zbekistondagi bosh idorasi.

"O‘zdunrobita" boshqaruvchilari ustidan sud boraëtgan kunlarda Toshkentga kelgan "Ucell" egasi Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati rahbari Lars Nyuberg O‘zbekistonga kiritilgan sarmoyalarning himoyalanishi borasida kafolat istamoqda.

Aktsiyalarining kattagina qismi Shvetsiya hukumatiga tegishli bo‘lgan TeliaSonera shirkati prezidenti Lars Nyuberg 29 avgust kuni O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi (O‘zAAA) rasmiylari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

MTS litsenziyasi olib qo‘yilganidan so‘ng O‘zbekistondagi eng yirik mobil aloqa operatoriga aylangan "Ucell" shirkatining asosiy mulkdori TeliaSonera rahbari asosiy vaqtini "MTS-O‘zbekiston" shirkati faoliyatini to‘xtatish haqida qaror chiqargan mazkur agentlik rahbarlari bilan muzokaralarda o‘tkazgan.

O‘zAAAning Ozodlik muxbiri bilan suhbatda o‘zini tanishtirmagan rasmiysi uchrashuv bo‘lganini tasdiqlay turib¸ uning tafsilotlari haqida ma‘lumot berilmasligini ta‘kidladi:

- Ha, uchrashuv bo‘lgan. Agentligimiz rasmiy sayti ma‘lumot qo‘yilgan, deya gapni qisqa qilib saytdan “to‘liq” ma‘lumot olishimizni so‘radi O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi bo‘lim boshliqlaridan biri.

Agentlik rasmiy saytida esa “tomonlar telekommunikatsiya sohasida keyingi o‘zaro foydali hamkorlik masalalari muhokama qilgani”, “O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga yangi texnologiyalar joriy qilayotgan va rivojlantirayotgan “Coscom” MChJsining malakali faoliyati” alohida ta‘kidlangani to‘g‘risida xabar qilinadi¸ xolos.

Ayrim mustaqil axborot vositalari TeliaSonera rahbarining O‘zbekistonga tashrifi bevosita Rossiyaning MTS aloqa operatorining O‘zbekistonda duch kelayotgan muammolari munosabati bilan tug‘ilgan xavotirlar bilan bog‘liqligiga ishorat qilmoqda.

Xususan¸ Uzmetronom Internet gazetasining noma‘lum tahlilchilarga tayanib ta‘kidlashicha, Lars Nyuberg Usellning kelajak taqdiridan xavotirlanib¸ vaziyatni shaxsan o‘zi o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurgan.

“TeliaSonera rahbari respublikada zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun bundan keyin ham sarmoya kiritishga tayyor ekanini bildirdi”, deb xabar qilinadi O‘zAAA rasmiy saytida. Lekin Lars Nyuberg O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi rasmiylaridan bu sarmoyaning huquqiy jihatdan himoyalanganiga oid biror kafolat oldimi-yo‘qmi, bunisi noma‘lumligicha qolmoqda.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi shu yil 17 iyul kuni "O‘zdunrobita" shirkati litsenziyasini bekor qilish haqidagi qarorini e‘lon qilgan kuni TeliaSonera shirkati vitse-prezidenti Sisiliya Edstrom Ozodlik bilan suhbatda, "Ucell"ning mobil aloqasiz qolgan millionlab MTS mijozlariga xizmat ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan edi:

- "Ucell" keyingi bir necha yil mobaynida tarmoqlarini rivojlantirish uchun katta sarmoya yotqizdi va mijozlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirdi. O‘ylashimcha, "Ucell" kelgusida ham mijozlar soni ko‘payishiga tayyordir, degan edi o‘tgan oy TeliaSonera shirkati vitse-prezidenti.


Otlar kechuvda almashtirildi


Ayni paytda, TeliaSonera prezidenti Lars Nyuberg “Usell"shirkatining yangi bosh direktori – asli turkiyalik Ali Aganni O‘zbekiston rasmiylari va "Ucell" xizmatchilariga tanishtirdi.

“Kompaniya ishchilariga qilgan murojaatida yangi rahbar 2008 yildan buyon “Usell” ni boshqarib kelgan O‘g‘uz Memigyuven tomonidan O‘zbekistonning yetakchi mobil aloqa operatori taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini yuqori baholadi”, deb yozadi “Olam.uz” nashri.

Ali Agan “Usell” ga rahbarlik lavozimiga tayinlangunga qadar Ozarbayjonning "Azercell" mobil aloqa operatori prezidenti lavozimida ishlab kelgan.

- Men sizga Ali Aganning juda yaxshi odam ekanini aytishim mumkin. Bizda u 4 yil davomida rahbarlik qildi. Qolgan savollar bilan endilikda O‘zbekistonga Usell ga murojaat qiling, dedi "Azercell" rasmiysi Gyunay xonim Mamedli Ozodlik bilan suhbatda.

"O‘zdunrobita"ga uzoq yillar rahbarlik qilib kelgani Behzod Ahmedovning O‘zbekistondan qochib ketgani ortidan shirkatning qator boshqaruvchilari hibsga olindi va hozirda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanmoqda. O‘z sobiq raqibi boshqaruvchilari ustidan mahkama jarayoni borayotgan kunlarda "Ucell" boshqaruvchisining o‘zgartirilishi rejaga muvofiq amalga oshganmi¸ yoki bu qarorning ehtiyot chorasi ekani haqida hozirda biror ma‘lumot yo‘q.

Bugunga kelib O‘zbekistonda 8 milliondan oshiq mijozga egaligini aytayotgan “Usell” shirkati mamlakatdagi eng yirik mobil aloqa operatoriga aylangan.

Hozirda Yevroosiyoning jami 20 mamlakatida 175 million mijozni mobil aloqa xizmati bilan ta‘minlab kelayotgan TeliaSonera shirkati O‘zbekiston bozoriga 2007 yilda Coscom aktsiyalarini sotib olish orqali kirib kelgan.

TeliaSonera 2002 yilda Shvetsiyaning “Telia” va Finlyandiyaning “Sonera” shirkatlari birlashishi natijasida vujudga kelgan.
XS
SM
MD
LG