Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:21

Blog: Militsiya kimni himoya qiladi?


Uzbekistan - Tashkent police
Uzbekistan - Tashkent police
Kecha yo‘lda ketayotsam politsiya to‘xtatdi. Hujjatlarimni so‘radi. Pasportimni olib qaysi adres bo‘yicha yashashimni so‘radi. Men aytayotgan adres bilan pasportdagi adres bir xilmi yoki yo‘qmi shuni tekshirmoqchi bo‘ldi u.

Hamma narsa joyida ekanligiga amin bo‘lgan politsiya xodimi muloyimlik bilan “rahmat” deb hujjatlarimni qo‘limga berdi.

Avtobusga chiqib uyga ketarkanman, bundan ancha yillar oldin bir o‘rtog‘imning Toshkentga kelib boshidan kechirgan sarguzashti esimga tushdi.

Maktabni bitirgan yili o‘qishga kira olmadim, deya o‘z hikoyasini boshlagan edi do‘stim.

Keyingi yili testga uch oy qolganda Toshkentga keldim. Ulfatlardan uzoqda tayyorgarlik ko‘rish osonroq bo‘lsa kerak deb o‘yladimda.

O‘zim bilan yog‘, guruch deganday narsalar opkeldim.

Toshkent degan joylarida pul juda tez ketib qolarkan. Ikki haftadan keyin pulsiz qolib, besh kilo guruchni ko‘tarib Yunusobod bozori qaydasan deb yo‘lga chiqdim.

Bozorga 50 metrlar chamasi qolganda oldimdan yam-yashil formasi bilan jonajon melisa chiqib qolsa bo‘ladimi.

Men tushunmaydigan qanaqadir bir tilda o‘zini tanishtirdi chest berib. Keyin “hujjat bomi” deb so‘radi.

Pasportimni qo‘liga olib varaqlarkan “Nima qivossan bo‘tta? Qayaqqa ketvossan? Iye, propiska yo‘g‘akanu” dedi viloyatdan kelgan toshkentlik melisa.
Bozorga, dedim. Qo‘lingdagi nima? Guruch. Qattan oldin? O‘zimniki, pulim qolmadi. Bozorda sotib besh-o‘n so‘m pul bo‘lsin devdim.

Pasportimni cho‘ntagiga solgan melisa “Bu yoqqa yur” dedi.

Birgalikda militsiya tayanch punktiga kirdik. Ichkarida navbatchidan boshqa hech kim yo‘q. Hamma xodimlar yurtimizni ko‘ra olmayotgan terroristlarni ushlagani ketgan shekilli.

Bir payt boyagi melisa ratsiyasida “Alo, faloncha, mani eshitvossanmi? Bo‘tta gruz bor. Mashina jo‘natgin” deb qoldi. “Aka, o‘zi besh kilo guruch bo‘lsa, bu qanaqasiga gruz bo‘ladi?” desam, “man guruchchi eytmayabman” dedi.

Bir payt xuddi retsidivistni olib ketish uchun kelayotganday qilib sirenalar chalib melisa mashinasi keldi. Ichidan yam-yashil yigitlar tushib meni olib ketishdi.

Borgan joyimiz menimcha yo IIB edi yoki IIBB edi. Aniq esimda yo‘q. Lekin yaxshigina qorovullanadigan joy ekanligi esimda.

Ichkariga kirsam, menga o‘xshagan viloyatliklar anchagina ekan. Kimdir mardikorlikka kelgan, kimdir yumush bilan va hokazo.

Yarim soat navbatim kelishini kutdim. Navbat menga kelganda bitta xonaga kirgazishdi.

Ichkarida shtativga o‘rnatilgan videokamera. Oldida grajdanskiy formadagi yigit.

Oppoq devor oldida videokameraga tikilgancha qo‘limga berilgan qanaqadir qog‘ozni ikki qo‘limda ko‘krak balandligida ushlab pasport danniylarimni “sayrashni” boshladim.

Endi chap tomoning bilan menga, o‘ng tomoning bilan devorga qarab takrorlaysan shu aytganlaringni, dedi grajdanskiy formadagi yigit.

Kamera ishlari bitib mayorning yoniga bordim. “Endi ukam Toshkentda propiskasiz yurish mumkin emas. Shuning uchun 5000 so‘m shtraf to‘laysan” dedi yonidagi issiq choydan bir ho‘plagan mayor.

Gap kor qilmas ekan bu mayor deganlariga. yo tushunmaydi, yo tushunishni istamaydi.

Xullas 2000 so‘mga sotaman deb olib chiqqan guruchim menga 5000 so‘mga tushdi.

Men bitta narsaga hayronman. O‘g‘riyu qaroqchilarni ushlab xalq xavfsizligini ta‘minlashi kerak bo‘lgan melisa nima uchun menga o‘xshagan viloyatliklarni ovlash payida yuradi? Axir biz melisa davlati emas demokratik huquqiy davlatmizku, deya kuyunib o‘z gapiga yakun yasadi o‘shanda o‘rtog‘im.

To‘g‘ri biz qog‘ozda demokratik huquqiy davlatmiz, ammo amaldachi?

Militsiya xalq xavfsizligini ta‘minlaydigan organmi yoki o‘zbekning poytaxtini viloyatlik o‘zbeklardan himoya qiladigan organmi?
XS
SM
MD
LG