Линклар

Asqar Aqayev o‘z xalqidan kechirim so‘radi


Mustaqil Qirg‘izistonning ilk prezidenti Asqar Aqayev.

Mustaqil Qirg‘izistonning ilk prezidenti Asqar Aqayev.

Qirg‘iziston mustaqilligining 21 yilligi nishonlangan kunda Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan mamlakatning ilk prezidenti Asqar Aqayev¸ 14 yillik hokimiyati davrida yo‘l qo‘ygan xatolari uchun qirg‘izistonliklardan uzr so‘radi.

Mustaqil Qirg‘iziston Respublikasining birinchi prezidenti¸ fizik olim Asqar Aqayev 2005 yilda “Lolaqizg‘aldoq inqilobi” deb nom olgan xalq isyoni natijasida hokimiyatdan ag‘darilgan edi. Olomon Bishkekdagi hukumat uyini ishg‘ol qilib turgan bir paytda¸ uni kuch bilan tarqatish taklifini rad etib¸ mamlakatdan chiqib ketishga qaror qilgan Aqayev o‘shandan beri Moskvada yashaydi.

Qirg‘iziston mustaqil davlat deb e‘lon qilinganiga 21 yil to‘lgan 31 avgust kuni Ozodlik muxbiri 67 yashar Asqar Aqayev bilan suhbatlashdi.

- Men sizning ishonchingiz bilan 14 yil prezident bo‘lib ishladim¸ yumshoqlik bilan¸ yaxshi niyat bilan davlat idorasini boshqardim. To‘g‘ri¸ bu yillar davomida¸ muvaffaqiyatsizliklar bo‘ldi¸ katta xatolarga yo‘l qo‘yildi. Shuning uchun men bugungi fursatdan foydalanib¸ agar qilgan xatolarim Qirg‘izistonning o‘shandagi va hozirgi vaziyatiga salbiy ta‘sir qilgan bo‘lsa¸ butun qirg‘iz xalqidan kechirim so‘rayman¸ dedi Aqayev.

Prezident sifatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklariga to‘xtalgan Asqar Aqayev¸ Qurmanbek Bakiyevni kichik zavod direktorligidan viloyat gubernatorligi¸ so‘ngra esa¸ Bosh vazir vazifasiga ko‘targanini eng katta xatolik deb baholadi:

- Men yangi davrda¸ yangi davlatga boshchilik qildim. Shu bois¸ hamma sohada¸ iqtisod¸ siyosat va kadrlar tanlashda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydim. Buni sanab o‘tishning o‘zi qiyin. Ammo kichkinigina bir zavod direktorini ikki oblastga gubernator qilib¸ so‘ngra uni Bosh vazir etib tayinlashni prezidentlik davrimda yo‘l qo‘ygan eng katta xatolarimdan biri deb bilaman¸ dedi Qirg‘izistonning ilk prezidenti.

Bakiyevni mustaqil Qirg‘iziston va uning xalqiga eng katta ziyon yetkizgan shaxs sifatida ta‘riflagan Aqayev¸ uni hokimiyat tepasiga olib kelgan o‘zi bo‘lgani bois¸ bu ziyonning bir chekkasiga o‘zi ham mas‘ul ekanini tan oldi.

Aqayev tomonidan hokimiyatga keltirilgan Bakiyev¸ 2005 yil mart oyida Aqayevning o‘zini haydab yubordi. 2010 yilda esa¸ Bakiyevning o‘zi ayni shunday xalq isyoni vositasida Qirg‘izistondan haydalib¸ Belarusdan boshpana topdi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbat davomida Asqar Aqayev Qirg‘iziston siyosiy sahnasiga yangi avlod siyosatchilari kelib¸ mamlakatning bir paytlardagi “Markaziy Osiyodagi demokratiya orolchasi” degan obro‘sini qayta tiklashiga umid bildirdi.

- Ammo yangi siyosiy kuchlar tug‘ilishi uchun sharoit bo‘lishi kerak. Kadrlar osmondan tushmaydi¸ ularni o‘stirish kerak. Hozir tashqaridan turib Qirg‘izistonda bunday shart-sharoit borligi haqida gapirmagan bo‘lardim. Ammo qirg‘iz xalqi har doim kuchli liderlarni¸ Chingiz og‘amiz kabi shaxslarni yaratib kelgan. Agar mamlakatda birlik bo‘lsa¸ hozirgi qiyinchiliklarning barini hal qilib¸ Qirg‘izistonni demokratik kuchli davlatga aylantira olishimizga men qattiq ishonaman¸ dedi Asqar Aqayev.
XS
SM
MD
LG