Линклар

Toshkentdagi bir nechta ulgurji bozorlarning sobiq egasi¸ hozirda qidiruvda bo‘lgan tadbirkor Dmitriy Limga tegishli bezak ashyolari¸ artefakt va retro avtotransportlar kollektsiyasi muzeyga topshiriladigan bo‘ldi.

Tadbirkordan musodara qilingan va bir qismi muzeyga topshiriladigan¸ mol-mulk¸ oltin bezak ashyolari¸ hamda nodir avtomobillarning ro‘yxati 2 varaq va 10 ilovadan iborat hujjatga jo bo‘lgani aytilmoqda.

Bu hujjatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Ozodlik manbasiga ko‘ra¸ Dmitriy Lim jamlamasidagi 77 retro avtomobil yangi tashkil qilinadigan muzeydan o‘rin oladi.

Dmitriy Lim yiqqan eski avtomobillar O‘zbekistonda ilk bora tashkil qilinayotgan Retro avtomobil va mototsikllar muzeyining asosiy kollektsiyasidan o‘rin oladigan bo‘ldi.

Ayni paytda Dmitriy Limdan tortib olingan qadimiy ashyo va avtomobillar O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligining san‘atshunoslari tarafidan o‘rganilmoqda.



(Dmitriy Lim uyida o‘tkazilgan tintuv tushirilgani aytilgan bu videoni Ozodlik mushtariylaridan biri tahririyatimizga yuborgan edi.)

Vazirlikning muzeylar bo‘limida ishlovchi san‘atshunos ayol¸ ismi aytilmaslik sharti bilan, ba‘zi tafsilotlarni Ozodlikka ma‘lum qildi.

Suhbatdoshga ko‘ra, O‘zbekistonda shu paytgacha retro avtomobillar muzeyi bo‘lmagan. O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyida esa bunday avtomobillarga oid bo‘lim mavjud emas. (Shunday bo‘limlar Ermitaj¸ Luvr¸ To‘pqopi kabi san‘at muzeylarida mavjud.)

Shu bois davlat tasarrufidagi alohida binodan iborat retro avtomobil va mototsikllar muzeyi tashkil qilish g‘oyasi tug‘ildi deya ma‘lum qildi o‘zbekistonlik san‘atshunos.

Shu paytgacha O‘zbekiston muzeylarida xonlarga oid izvosh hamda aravalar eksponat o‘laroq saqlab kelingan¸ ammo avtomobillar bo‘lmagan deydi suhbatdosh.

O‘zbekistonda retro avtomobillar muzeyi tashkil qilinish yuzasidan fikr so‘rab O‘zbekiston Davlat San‘at muzeyiga qo‘ng‘iroq qildik.

O‘zini muzey direktori deb tanishtirgan, lekin ismini aytishdan bosh tortgan kishi Ozodlik bilan qisqa suhbatda yangi muzey haqida hech bir shaklda izoh bera olmasligini uzil kesil bildirdi. "Bu masala bilan madaniyat va sport ishlari vazirligining tahliliy bo‘limi shug‘ullanadi", dedi direktor.

Musodara muzeyi


O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyidagi ko‘p eksponatlar musodara qilingan asarlardan iborat ekani aytiladi.

O‘zbekiston Davlat San‘at muzeyida kollektsiya asosini tashkil qiluvchi rus klassik rangtasvir asarlar o‘z vaqtida Turkiston General Gubernatori Kaufmanga va boshqa chor amaldorlariga tegishli bo‘lgan.

Chor Rossiyasi tugatilib¸ bu xududlarda SSSR tashkil topgach xon¸ amir va gubernatorlarga oid bezak ashyolari¸ osori atiqalar musodara qilinib, muzey fondlaridan o‘rin olgan.

O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyida saqlanuvi zarbob to‘n va qilichlar kollektsiyasi bir vaqtlar Amir Olimxonga tegishli bo‘lgan.

Amir Olimxon Afg‘onistonga qochganidan keyin esa, bu kollektsiya O‘zbekiston Davlat san‘at muzeyi ixtiyoriga o‘tdi.

Muzey kollektsiyasi musodara qilingan asarlar hisobiga yillar mobaynida ko‘payib borgani kuzatildi.

O‘zbekistonning amaldagi qonuni ham qadimiy ashyolar (gilam¸ kartina¸ zargarlik va qandakorlik buyumlari) chet elga olib chiqiladigan bo‘lsa, maxsus ruxsatnoma rasmiylashtirilmog‘i kerak.

Bunday ruxsatga ega bo‘lmagan asarlar kontrabanda deya malakalanib bojxonachilar tarfidan musodara qilinadi.

Ana shundan keyin bu asarlar qiymatiga qarab mahalliy muzeylar fondiga o‘tkazib beriladi.

Musodara va adolat mezonlari


O‘zbekiston muzeylaridan o‘rin olgan qadimiy ashyolrar sobiq Sovet davrida egalaridan musodara qilingan.

Musodara qilishda adolat mezonlariga amal qilinmagani qayta-qurish¸ oshkoralik davrida e‘lon qilingan hujjatlardan ma‘lum bo‘lgan edi.

Kommunistik o‘tmishga ega bo‘lgan Boltiq bo‘yi davlatlari va Sharqiy Yevropada bugunga kelib asossiz musodara qilingan asarlar egalariga qaytarilgan.

O‘zbekistonning yaqin tarixida faqat bir holatda noyob mulkning egasiga qaytarilgani fakti mavjud.

1991 yilda O‘zbekiston Davlat tarix muzeyiga oid bo‘lgan Xalifa Usmon Qur‘on kitobi O‘zbekiston musulmonlari ixtiyoriga qaytarib berilgan edi.

Yana Lim merosi haqida


Bir paytlar “Karavan xolding” shirkati o‘zagini tashkil qilgan bozorlarning sobiq egasi Dmitriy Limning davlatga yetkazgan zarari O‘zbekiston prokuraturasi tarafidan 607 milliard 410 million 410 ming 970 so‘m deya bildirilgan.

Bu summa¸ Ozodlik manbasi tanishgan hujjatga ko‘ra¸ Toshkentdagi “Ipak yo‘li” bankiga va Toshkent shahar hokimligiga o‘tkazilishi kerak.

Limga oid bino va qurilmalar davlat balansiga o‘tkaziladi.

Noyob deb topilmagan 15 ta yangi avtomobil esa bojxona qo‘mitasiga o‘tishi bildirilgan.

2009 yil dekabrida, Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan nutqida, Islom Karimov “O‘zbekistonda juda boylar ham, juda kambag‘allar ham bo‘lmaydi” degan tamoyilni ilgari surgan edi.

Islom Karimov bu fikrni undan keyin ham bir necha marta takrorladi va keyingi 2-3 yil ichida o‘zbekistonlik bir qancha yirik mulkdorlar, biznesmenlarga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilib, ba‘zilari o‘z sarmoyalariyu korxonalaridan ajragani bu tamoyilning amalga ko‘chganini ko‘rsatadi.

Bu tamoyil amalga osha boshlagan 2009 yilda hibsga olinishdan qo‘rqqan Dmitriy Datsenovich Lim O‘zbekistonni tark qilgan edi. Hozirda O‘zbekiston rasmiylari tomonidan qidiruvda bo‘lgan Limning qayerda ekani noma‘lum.
XS
SM
MD
LG