Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:21

Toshkentdagi talabalar paxtaga yo‘l oldi


Avtobuslar karvoni Toshkentdan ishchi xizmatchiyu talabalarni paxta dalalariga tashiy boshladi.
Avtobuslar karvoni Toshkentdan ishchi xizmatchiyu talabalarni paxta dalalariga tashiy boshladi.

2 sentyabrdan boshlab paxta terimiga safarbar qilingan talaba va oliy o‘quv yurti xodimlarga kamida ikki oy beminnat terimchilik majburiyati yuklatilmoqda.

Hamma paxtaga


2 sentyabr kuni Toshkent Pediatriya Tibbiyot institutining xodimlari, o‘qituvchilari va magistrlari Toshkent Janubiy temir yo‘l vokzalidan paxta terimi uchun Jizzax viloyatiga jo‘nab ketdi.

Institut qabulxonasi telefon go‘shagini ko‘targan xodimga ko‘ra, bu oliygohning bakalavr bo‘limida tahsil olayotgan talabalar bu yil paxtaga chiqarilmaydi.

- Kecha Janubiy vokzaldan Jizzaxga ketishdi. Magistrlar, ordinatorlar va o‘qituvchilarimiz jo‘nab ketishdi. Rektor yengil mashinada ketdi. Lekin talabalar ketishgani yo‘q, ular o‘qishda, - dedi Toshkent Pediatriya Tibbiyot Institutining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat institutidan esa talabalar ham paxtaga chiqarilmoqda. Bu institutga ajratilgan vagonlar 4 sentyabr kuni Sirdaryoga otlanadi.

- Yo‘l harajatlarini davlatning o‘zi to‘laydi. Bizga ikkita vagon bergan. Bizning institutdan hamma o‘g‘il bolalar paxtaga ketadi. Qizlarni qoldiramiz, - dedi instituning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Shuningdek, Toshkent Davlat Agrar universitetining talabalariga ham 4 sentyabr kuni soat 12 ga Janubiy temir yo‘l vokzaliga yetib kelish tayinlangan.

- Ertadan paxta. Soat 12 ga temir yo‘l vokzalga borib turadi. Vokzaldan olib ketiladi. Sirdaryo viloyatiga, - dedi universitetning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Janubiy temir yo‘l vokzalidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, talabalar va ularning ustozlari gurras-gurras paxta terimiga yo‘l olgan ikki viloyatga O‘zbekiston Temir yo‘llari aktsiyadorlik kompaniyasi tomonidan maxsus sostavlar ajratilgan.

- Masalan, Jizzaxga poyezd qatnamaydi. Hozir 5 kunlik muddatga maxsus sostavlar tashkil qilindi. Harajatlari har bir tashkilotning o‘zi tomonidan to‘lanadi, - dedi Janubiy temir yo‘l vokzali xodimi.

Terimchilar qulay avtobuslarda tashiladi


3 sentyabrdan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatining shaharga tutashgan qator rayonlaridagi avtobus saroylaridan ajratilgan avtobuslar karvonlari ham paxta yig‘im-terimi kampaniyasida beminnat xizmat ko‘rsatish uchun Jizzax va Sirdaryo yo‘l oldi.

Oliy ta‘lim muassasalari xodimlari oliygoh hisobidan poyezdda paxtaga otlangan kezda avtosaroylarning avtobuslari bo‘m-bo‘sh yo‘lga tushdi.

- Bugun tongdan biznikilar Sirdaryoga ketishdi. Bizdan 7 ta avtobus ajratildi. Avtobuslarimiz bo‘sh ketdi. Sirdaryoga borganidan keyin o‘sha yerdagi terimchilarni paxtazorga olib borib, olib keladi,- deydi Chirchiq shahridagi avtobus saroyi xodimi.

Viloyatlarga yordamga borgan shahar transportlari o‘sha yerdagi terimchilarni paxtaga tashish bilan mashg‘ul bo‘ladi.

- Mashinalarimiz bo‘sh ketadida, keyin o‘sha yerdagi harbiy qism bo‘ladimi, qishloqlarning yashovchilari bo‘ladimi - bular ularni paxtaga tashiydi. Paxtaga chiqadiganlar bog‘cha, maktab, kollejlarning xodimlari bo‘ladi. Maktablardan o‘quvchilar bo‘ladi. Hammasi shu davlatga qarashli tashkilotlarda,- deydi Toshkent shahridagi avtobus saroylaridan birining xodimi.

Bu suhbatdoshimizning o‘zi ham o‘tgan yili Sirdaryo viloyatidagi paxta yig‘im-terim kampaniyasida qatnashgan. Bu yilgi kampaniyada ham qatnashishga tayyor turganini aytadi.

- Bizda ikkita variant bor: yo xodim ajratamiz, yoki transport. Ikkalasiniyam ajrating, deyishsa ajratishga tayyormiz. Ko‘pga kelgan to‘y bu,- deydi avtosaroy xodimi.

Toshkent shahridagi qator avtobus saroylaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, shaharlik terimchilarni paxataga yo‘llash kampaniyasi uchun bu yil har yilgidan ko‘proq transport ajratish haqida ko‘rsatma bo‘lgan.

- Juma kuni bizdan yuqorida turuvchi shahar avtosaroylari uyushmasidan ko‘rsatma keldida, avtobus ajratinglar, deb. 26 ta deyishgan edi, endi yana 5 ta ajrating, deyishyapti. Jami 31 ta avtobus ketadi. Bizdan bu yil paxta terishga chiqish uchun 20 kishinining ro‘yxatini berganmiz. Bizning kolonna ertaga yo‘lga chiqadi, - dedi Toshkent shahridagi avtobus saroylaridan birining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, 5 sentyabrdan Toshkent shahridagi davlat tashkilotlari, ta‘lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalarining xodimlarini ham bir kunlik, 10 kunlik yoki undan ko‘proq muddatga paxta terimiga jo‘natish haqida aniq ko‘rsatma bo‘lishi kutilmoqda.

- 3 sentyabrdan 5 sentyabrgacha aniq ukazaniye keladi, deb aytilgan bizga. Shuning uchun tayyor turibmiz, - dedi toshkentlik suhbatdosh.

Hozircha, Jizzax viloyatida paxta-yig‘im terim kampaniyasi boshlangani haqida ma‘lumot bor.

Jizzax viloyatidagi bir qator tashkilotlardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, 2 sentyabrdan boshlab viloyatdagi mahallalar va byujet tashkilotlarining xodimlari paxta terimiga chiqishni boshlagan.

Sirdaryo viloyatida esa paxta terimi 5 sentyabrdan boshlanishi e‘lon qilingan.
XS
SM
MD
LG