Линклар

Moskvada o'zbekistonlik “qotil taksichilar” ustidan hukm o‘qildi


Hukmga ko‘ra, o‘zbekistonlik besh nafar yigit qotillik va boshqa jinoyatlarda aybdordir.

Hukmga ko‘ra, o‘zbekistonlik besh nafar yigit qotillik va boshqa jinoyatlarda aybdordir.

Rossiya matbuotida “qotil taksichilar” deya nom olgan asli samarqandlik besh taksi haydovchisi ustidan Moskva sudida hukm o‘qildi.

Moskva shahar sudi O‘zbekiston fuqarolarini qotillik, talon-taroj, odam o‘g‘irlash, qotillikka urinish, hujjatlarni qalbakilashtirish, tan jarohati yetkazish, narkotik moddalarni saqlash kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topib, ikki nafarini umrbod, qolganini uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm etdi.

Moskva shahar sudi matbuot xizmati vakili Marina Maligina Ozodlik muxbiri bilan suhbatda hukm o‘tgan juma, 31 avgust kuni o‘qilganini ma‘lum qildi.

– 21 yashar Abdug‘ani G‘aniyev va 24 yashar Xushnud To‘raqulov odam o‘g‘irlash, hujjatlarni qalbakilashtirish, birovga qasddan tan jarohati yetkazish va giyohvand moddalarni saqlashda aybdor deb topilib, ularga umrbod qamoq jazosi tayinlandi. 28 yashar Iskandar Rahmatov 19 yilga, 22 yashar Suhrob Rajabov 19 yilga va 22 yashar Dilshod Jo‘rayev 22 yilga ozodlikdan mahrum etildilar,- dedi Moskva shahar sudi matbuot xizmati vakili Marina Maligina.

Tergov ma‘lumotlarida keltirilishicha, o‘zbekistonliklar jinoiy javobgarlikka tortilgan boshqa shaxslar bilan birga 2010 yilning dekabr oyidan 2011 yilning yanvarigacha uch ayolni o‘ldirishgan, yana bir nafarini o‘g‘irlab, o‘ldirmoqchi bo‘lishgan va bosqinchilik qilishgan.

Tergov xulosasiga ko‘ra, Yelena Gushina ismli 32 yashar suratkash ayol ularning dastlabki qurboni bo‘lgan. Uning jasadi 2010 yil dekabr oyida Moskvaning sharqiy mintaqasidagi metro bekati yonidan topilgan.

O‘tgan yil yanvar oyida jinoyatchilar 24 yashar hamshira Oksana Botova, 35 yoshli ofitsiant Indira Kamilovalarni o‘ldirishgan.

Moskva prokuraturasi xodimlari bergan ma‘lumotga ko‘ra, “taksichi”larning so‘nggi qurboni – 51 yoshli Olьga Rumyantseva tanasiga bir necha marotaba pichoq bilan jarohat yetkazganiga qaramay, ayol tirik qolgan.

Tergovchining aytishicha, qotillar mashinani qonga belamaslik uchun ayollarni mashinadan tashqariga olib chiqib, pichoq bilan chavaqlab o‘ldirgan, o‘ljaning telefoni, uzuk-ziragi va hamyonidagi pullari olingan.

O‘zbekistonlik yigitlar sud davomida bu jinoyatga aloqadorligini qat‘iyan rad etganlar.

– Sudda ular jinoyatga aloqasi yo‘qligini aytishdi,- dedi Moskva shahar sudi vakili Marina Maligina.

Sud vakili mahkumlar advokatlari 10 kun ichida Moskva sudi qarori yuzasidan yuqori instantsiyaga arz qilishlari mumkinligini aytdi.
XS
SM
MD
LG