Линклар

logo-print

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida noqonuniy yo‘l bilan qirg‘iz pasportini olmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik fuqaro qo‘lga olindi.

Bu haqda Ozodlikka Qirg‘iziston hukumati qoshidagi Davlat ro‘yxatiga olish xizmati mas‘uli Anara Mamitova ma‘lum qildi.

Uning aytishicha, shu yilning 2 avgust kuni O‘shdagi Aholini ro‘yxatga olish departamentining Pasport-viza va ro‘yxatga olish ishlari bo‘limiga 1990 yilda tug‘ilgan Islombek Ergeshov degan shaxs murojaat qilib, pasportini o‘z vaqtida olmagani haqida ariza topshirgan.

- Pasport-viza va ro‘yxatga olish ishlari bo‘limi rahbari Aliyev va mazkur bo‘lim mutaxassisi Aytbayeva tomonidan materiallar tekshirilgan paytda ariza bergan Ergeshov ismli shaxs aslida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ekani va uning familiyasi Mamajonov Tohir ekani, uning 1989 yilda tug‘ilgani aniqlangan, - dedi Anara Mamitova.

O‘shdagi Aholini ro‘yxatga olish departamentining Pasport-viza va ro‘yxatga olish ishlari bo‘limi rahbari Rinat Aliyev o‘z hamkasblarining sergakligi tufayli Farg‘ona shahrida yashovchi Tohir Tavakkalovich Mamajonovga qonunga xilof ravishda pasport berilishining oldi olinganini aytadi.

Unga ko‘ra, qirg‘izistonlik fuqarolar vositasida qirg‘iz pasportini olishga uringan Mamajonov Pasport-viza va ro‘yxatga olish ishlari bo‘limiga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, harbiy bilet, o‘qish joyidan ma‘lumotnoma va yashash joyidan ma‘lumotnoma kabi hujjatlar originalini topshirgan, keyingi tekshiruvlar natijasida bu hujjatlarning hammasi soxta bo‘lib chiqqan.

- Bu voqeadan bir oylar oldin, iyun-iyul oylarida biz o‘zbekistonlik fuqarolarning qirg‘izistonliklar vositasida bizdan pasport olishga harakat qilayotgani haqida ma‘lumot olgandik. “Ergeshov” arizasiga muvofiq hujjatlarda ko‘rsatilgan manzil bo‘yicha O‘shdagi Abay ko‘chasi, 47-uyga borganimizda u yerda bir onaxonga duch keldik. U Islombek Ergeshov o‘zining nevarasi bo‘lgani, bolakay 1 yoshu 7 oylik bo‘lganda nobud bo‘lgani, uning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi esa yo‘qolib qolganini aytib berdi. Bular o‘sha yo‘qolgan guvohnoma bilan pasport olmoqchi bo‘lishgan, boshqa hujjatlar ham soxta bo‘lgan, - deydi Rinat Aliyev.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, bu hodisa bo‘yicha barcha hujjatlar 27 avgust kuni Ichki ishlar vazirligi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bosh boshqarmasining O‘sh bo‘limiga o‘tkazib berilgan. Mazkur bo‘lim xodimlari haqiqatan ham o‘zbekistonlik Tohir Mamajonov bilan bog‘liq hujjatlar o‘zlariga kelib tushganini, bu borada jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini tasdiqladilar. Biroq bu haqdagi tafsilotlarni keyinroq ochiqlashlarini bildirdilar.

Ayni paytda O‘shdagi Aholini ro‘yxatga olish departamentining Pasport-viza va ro‘yxatga olish ishlari bo‘limi rahbari Rinat Aliyev Qirg‘iziston pasportini olishni istaganlar, “hatto o‘sha Tohir Mamajonov ham mutlaqo qonuniy yo‘l bilan pasport olishi mumkin edi”, deydi. Buning uchun tegishli idoralarga kerakli hujjatlarni topshirib, zarur protseduralardan o‘tilsa, kifoya.

Janob Aliyev keyingi paytlarda chet ellik fuqarolar, ayniqsa o‘zbekistonliklar tomonidan Qirg‘iziston pasportini olishga qiziqish kuchayganini qayd etarkan, buni qirg‘iz pasporti bilan Rossiyada yurish va bu mamlakat fuqaroligini olish oson kechayotgani bilan izohladi.
XS
SM
MD
LG