Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:07

Farg‘onada Malibu olganlarga “o‘lpon” solinmoqda


O‘zbekistonda chiqariladigan Chevrolet Malibu mashinasi narxi 95 million so‘mgacha, olinayotgan qo‘shimcha o‘lpon bilan narxi 100 million tepasida, demoqda farg‘onaliklar.
O‘zbekistonda chiqariladigan Chevrolet Malibu mashinasi narxi 95 million so‘mgacha, olinayotgan qo‘shimcha o‘lpon bilan narxi 100 million tepasida, demoqda farg‘onaliklar.

Farg‘onada Chevrolet Malibu avtomobili sotib olgan davlatmandlar viloyat ma‘muriy markazi qurilishiga homiylik qilishga majburlanmoqda.

“Qurilishga – 15 million so‘m ehson”


Asakada ishlab chiqarilayotgan Chevrolet Malibu mashinasiga puli yetgan farg‘onaliklardan qo‘shimcha haq undirilayotganini Farg‘onadagi bir necha manba tasdiqladi. Farg‘onalik Asqar aka, qo‘shnisi olgan yangi Chevrolet Malibu unga qimmatga tushganini aytadi.

– Qo‘shnim yaqinda Malibu oldi. Bir haftani yon-beridagi gap bu. Mashina kaliti qo‘liga tegar-tegmas Farg‘onadagi qurilishga pul o‘tkazishi kerakligini aytishdi. 10 millionmi, 15 millionmi, ko‘ngildan chiqarib-da. O‘zi biznesmen bola, yana orqamga tushishmasin, tinchgina so‘raganini beraman deyapti,– deydi farg‘onalik Asqar aka.

Ozodlik suhbatlashgan farg‘onaliklarga ko‘ra, Malibu mashinasi hududda barmoq bilan sanarli bo‘lgani sababli uni sotib olganlar tezda nazarga tushmoqda.

– Endi, Malibu hali juda kam. Narxi qimmat-u, uchinchi pozitsiyasi 95 million so‘m turadi. Shuning uchun ham ancha-munchasi ololmayapti. Keyin odamlarimizda bunaqa qimmat mashina olsang, organni qora spiskasiga tushib qolasan degan qo‘rquv bor. Kim Malibu minsa, ertasiga eshigini taqillatib, Farg‘onadagi stroykaga “ehson” qil deyishyapti,– deya vaziyatni izohlaydi Farg‘ona-Qo‘qon yo‘nalishida kira qiluvchi Sherzod ismli yigit.

O‘zbekiston prezidentining 2012–2015 yillarda Farg‘ona shahrining ijtimoiy va transport-kommunikatsiya infrastrukturasini qayta qurish to‘g‘risidagi qarori e‘lon qilingan. Ushbu qarorga ko‘ra, shaharni qayta qurish uchun 1,3 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda qurilish uchun byudjet mablag‘i bilan birga mahalliy tadbirkorlardan ham homiylik pullari undirilayotgani aytilmoqda. O‘tgan hafta farg‘onalik haydovchilar Ozodlikka qora niqobli askarlar ishtirokida qurilish uchun mablag‘ to‘plashga qaratilgan reydlar uyushtirilgani haqida xabar bergandi.

Avval soliq, keyin mashina?!


Farg‘onaliklar fikricha, Chevrolet Malibu xarid qilishdan oldin talabgor avtomobilning 10 foizi miqdorida soliq to‘lashi kerak. Bundan tashqari, Malibu orzumandi kommunal to‘lovlardan ham qarzi yo‘qligi haqida ma‘lumotnoma taqdim etishi so‘raladi.

– Mashina olishdan oldin davlatga 10 protsent nalog to‘lash kerak. Bu 9 yarim million so‘m degani. Keyin svet, gaz, shunga o‘xshagan kommunalniy platalardan ham qarz bo‘lmasligi kerak. Endi, shu-uncha pul to‘lagan odam kommunalniylarniyam uzib qo‘yadi, manimcha,– deydi kirakash Sherzod.

Respublika davlat soliq qo‘mitasining o‘zini tanishtirmagan xodimi esa mashina xaridi oldidan soliq to‘lattirish haqidagi gaplarni asossiz deb atadi.

– Har bir fuqaro avtomobil olish-olmasligidan qat‘i nazar, daromad solig‘i to‘laydi. Har yili 1 aprelgacha deklaratsiya topshirganda daromadlari haqida hisobot beradi. Shunday ekan, avtomobil xarid qilayotganda unga soliq to‘lash talabini qo‘yish qonunga zid,– deydi soliq qo‘mitasi vakili.

“Sentabrda pul to‘lasangiz, mashina dekabrda tegadi”


Toshkentdagi avtosalon xodimining aytishicha, yangi Chevrolet Malibuning birinchi pozitsiyasi 60 million 250 ming, ikkinchi pozitsiyasi 62 million 250 ming, uchinchi pozitsiyasi esa 95 million so‘mga baholangan. Xaridorlar orasida avtomobilning uchinchi pozitsiyasiga talab katta.

– Agar hozir umumiy summani 85 foizini to‘lasangiz, uchinchi pozitsiya Malibuni dekabr oyida olishingiz mumkin. Ungacha bo‘lgan srokka ochered olib bo‘lingan,– deydi Yunusoboddagi avtosalon xodimi.

Yangi avtoulovning birinchi pozitsiyasi navbatsiz ham taklif etilmoqda.

– Mana, salonimizda birinchi pozitsiya turibdi. Navbatsiz olib ketaverasiz. Narxi 30 ming dollardan oshiqroq. Qolgan tafsilotlarni kelganingizda hal qilamiz,– deya gapni muxtasar qildi Sergelidagi “Toshkent Motors Avto Savdo” saloni xodimi.

Chevrolet Malibu GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasida joriy yil fevralda ishlab chiqarila boshlagan. Boyonlar mashinasi deb baholangan avtomobil taqdimoti 20 mart kuni o‘tkazilgan.
XS
SM
MD
LG