Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:34

100 bilan yuzlashganlar taqdirlandi


1880 yilda tug'ilgan to'rtko'llik To'ti momo Yusupova.
1880 yilda tug'ilgan to'rtko'llik To'ti momo Yusupova.

Yuz yoshdan oshgan o‘nlab O‘zbekiston fuqarosi mamlakat mustaqilligining 21 yilligi munosabati bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Taqdirlanganlarning ko‘pi vodillik bo‘lib chiqdi.

Taqdirlanganlar orasida Farg‘onaning Vodil tumani turg‘uni 102 yashar Xudoybergan Akbarov ham bor.

Xudoybergan otaning o‘g‘li 54 yashar Yigitali aka Ozodlik bilan suhbatda otasining hanuz tetik ekanini aytib, uni medal bilan siylagan hukumatdan minnatdorligini izhor qildi.

Bu yil 102 yoshga kirgan Xudoybergan akani yaxshi bilgan Vodil tumani mahalla jamg‘armasi faoli 55 yashar yorbek akaning Ozodlikka aytishicha, birgina Vodil tumanida 14 nafar yuzdan oshganlar istiqomat qiladi:

- Vodilliklar umuman uzoq yashaydigan el. Buning boisiga kelsak¸ bu yerda havo yaxshi. Tog‘li, so‘lim joy. Ikkinchidan, irsiyat bilan bog‘liq. Uzoq umr ko‘rgan otaning bolasi ham uzoq yashaydi. Xudoybergan akaning ota-onalari ham uzoq umr ko‘rgan¸ deb eshitganman¸ deydi mahalla faoli.

Xudoybergan otaning o‘g‘li Yigitalining aytishicha¸ butun qarindosh-tuqqanlari uzoq umr ko‘rib kelishmoqda.

- Menam irsiyat bilan bog‘liq¸ degan gapga ishonaman. Ammam 94 ga kirdi. Juda ko‘p qarindoshlarimiz to‘qson bilan to‘qnashib¸ yuz bilan yuzlashib yuribdi.

Vodildagi “Mahalla” jamg‘armasi faoli yorbek aka esa¸ irsiyat va muhit uyg‘un bo‘lsa¸ odam yanada uzoq yashaydi¸ degan fikrda sobit.

yorbek aka tog‘li joyda odamlar uzoq yashaydi¸ degan fikriga Kavkaz tog‘lari aholisining uzoq umr ko‘rishini misol qilib keltirdi.

Kavkaz tog‘laridan qolishmaydigan Jizzaxning Baxmal tog‘ tizmalariga yaqin joyda istiqomat qiladigan Pardaxol opa Pardayeva bu yil 108 yoshga kirdi.

Pardaxol opa ham bu yil “Shuhrat” medali nishondorlari ro‘yxatidan o‘rin oldi.

Chustning osmono‘par tog‘lari qo‘ynida joylashgan qishloqda bundan 100 yil muqaddam tug‘ilgan Achaposhsha aya Nishonova ham medalga loyiq ko‘rildi.

Uzoq umr ko‘rish iqlim bilan bog‘liq emas

O‘zbekistondagi “Nuroniy” jamg‘armasida yuz yoshga kirgan o‘zbekistonliklarning ro‘yxati bor. Ozodlik bog‘langan “Nuroniy” faoli O‘zbekistonning cho‘l va dasht hududlarida ham yuz yoshdan oshganlar ko‘pligini aytdi.

- Masalan¸ Buxoroning G‘ijduvonida istiqomat qiluvchi Mavlon ota Murodov 100 dan oshdi¸ Navoiyning Karmana tumanidan Hojibibi Karimova esa 106 yoshga kirdi.Qoraqalpog‘istonning Shumanay tumanida yashovchi Turg‘an ota Asqarov ham 100 dan oshdi¸ deydi "Nuroniy" vakili.

Suhbatdoshimiz nomlarini keltirgan qariyalar ekologik jihatdan yashash uchun noqulay hisoblangan cho‘lu biyobonlarda istiqomat qilishadi.

2008 yilda Ozodlik muxbirlari To‘rtko‘l tumanida yashovchi To‘ti Yusupovaning pasporti bilan tanishib hayron qolishgan edi.

Pasportdagi tug‘ilgan vaqti degan joyda 1880 yil deb yozib qo‘yilgan edi.

Ana shundan keyin Ozodlik muxbiri To‘ti Yusupovaning uyida bo‘lib¸ u bilan suhbatlashib videolavha hozirladi.

Ana shundan keyin To‘ti Yusupovaning uzoq umr ko‘rgani haqidagi Ozodlik xabari olislarga tarqaldi.

BiBiSi jahon xizmati telkanali¸ Rossiyaning Birinchi kanali bu keksa ayol haqida ko‘rsatuvlarni efirga berishdi.

2008 yilda Qoraqalpoqfilm studiyasi bu opa haqida hujjatli kino suratga oldi.

Ayni paytda¸ To‘rtko‘ldagi bu ayolni Ginnes kitobiga kiritish uchun harakat qilayapmiz¸ deydi To‘rtko‘l tuman Xotin-qizlar kengashi raisi Xadicha Ibodullayeva Ozodlik bilan suhbatda.

- Opa hozir 132 yoshda. Xabar olib turibmiz. 2008 yilda u kishiga "Shuhrat" medali berilgan edi¸ deydi suhbatdosh.

O‘zbekistonda bundan 100 yil oldin tug‘ilish qayd qilish tizimlari mavjud bo‘lmagan. Oddiy odamlar muchal hisobida yoki ma‘lum ekinlar unishi bilan bog‘liq holatlarga bog‘lab o‘z tavallud vaqtini chamalagan.

Tut pishgan paytda¸ qovun ikki palak bo‘lgan davrda tug‘ilgan edim¸ degan mavhum tushunchalar odamlarning tavallud kuni uchun ma‘lumot manbai bo‘lgan.

Olim ulamolar¸ hukmdorlar esa o‘z tug‘ilgan kunlarini abjad hisobida aniq tarix qilib kitoblarda yozib qoldirishgan.

O‘zbekistonda pasport tizimi joriy qilingan 1932 yildan boshlab mulozimlar juda ko‘p xatolar qilganiga ishoniladi.

Masalan¸ 1937 yil tug‘ilgan xorazmlik Rajabboy aka faqat maktabni bitirib Toshkentga o‘qishga ketayotgan paytdagina¸ tug‘ilish guvohnomasi olgan:

- Tug‘ilgan kunimni esa tumandagi vrach “aniqlab berdi”. Men vrach oldiga borganimda 30 iyun edi. Vrach menga sen bundan 18 yil oldin 30 iyunda tug‘ilding¸ deb spravka yozib berdi. Shu spravka asosida pasport oldim. Onamdan so‘rasam seni paxta uch ko‘rak bo‘lganda tuqqan edim deydi¸ Rajabboy aka.

O‘zbekistondagi 100 yoshdan oshganlar borasidagi ma‘lumot xuddi shu omil bois ishonarsiz hisoblanadi.
XS
SM
MD
LG