Линклар

Yana bir jurnalist O‘zbekistonga qo‘yilmadi


Bagila Buxorboyeva jurnalist sifatida O‘zbekistondagi hodisalarni ham yoritib kelgan

Bagila Buxorboyeva jurnalist sifatida O‘zbekistondagi hodisalarni ham yoritib kelgan

5 sentyabr kuni Londondan Toshkentga shaxsiy safar bilan uchib kelgan asli o‘zbekistonlik jurnalist Bagila Buxorboyeva poytaxt aeroportidan kiritilmadi.

Buxorboyeva ta‘tilda onasini ko‘rish uchun Toshkentga borgani, lekin Toshkent aeroporti pasport nazorati xizmatchilari hech bir izohsiz uni chegaradan o‘tkazishmaganini aytmoqda.

Jurnalist deyarli bir sutka Toshkent aeroportida ushlab turilgach, Qozog‘istonga bilet olib uchib ketishga majbur bo‘lgan. Bu haqda jurnalistning yaqinlari Ozodlikka ma‘lum qildi.

Markaziy Osiyo masalalarini yorituvchi jurnalist Bagila Buxorboyeva O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan. U 2008 yilda boshlarida Qozog‘iston fuqaroligini olgan. Qozoq fuqarolari O‘zbekistonga safar qilishlari uchun viza olishlari shart emas.

Jurnalist so‘nggi bor O‘zbekistonga o‘tgan yilning yozida borgan va o‘shanda mamlakatga kirishda muammo bo‘lmaganini aytmoqda.

Jurnalistning shaxsi sir qolishini istagan qarindoshiga ko‘ra, Toshkent aeroportidagi chegara xizmati xodimlari Buxorboyevaga “Sizga mumkin emas, sizni o‘tkaza olmaymiz” deyishgan.

40 yashar Bagila Buxorboyeva 2008 yilgacha Associated Press muxbiri sifatida Olmaota shahrida faoliyat yuritgan va O‘zbekistondagi hodisalarni ham yoritib kelgan.

2006 yilda u Pol Xlebnikov Fondining Jurnalistikadagi mardligi uchun mukofotini olgan edi. Hozirda u Londonda BBC Monitoring guruhida ishlaydi.

Bagila Buxorboyeva Uznews.net mustaqil Internet nashri bosh muxarriri, o‘zbekistonlik taniqli jurnalist Galima Buxorboyevaning tug‘ishgan opasidir.

Toshkent aeroportidan jurnalistlarning ortga qaytarib yuborilishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Shu yilning mart oyida Bi-Bi-Si Jahon xizmati muxbiri, taniqli jurnalist Natalya Antelava ham Toshkent xalqaro aeroporti chegara xizmati xodimlari tomonidan hech bir izohsiz ortga qaytarilgan edi.

Antelava O‘zbekistonga shaxsiy safar bilan Olmaota shahridan uchib borgani, ammo chegara ko‘rigidan o‘tayotgan paytda, unga nisbatan cheklov joriy qilingani va shu bois mamlakat ichiga kirishi mutlaqo mumkin emasligini bilgan.

Shundan so‘ng jurnalist 20 soat davomida Toshkent xalqaro aeroportining tranzit yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan terminalida o‘tirishga va keyin Olmaota shahriga uchib ketishga majbur bo‘lgan.

- Hukumat jurnalistlar yoki O‘zbekiston haqida tashqi dunyoga gapirib berishi mumkin bo‘lgan odamlarning mamlakatga kirishiga taqiq qo‘yayotgan ekan, demak, ulardan yashiradigan narsasi bor,- degan edi o‘shanda Natalya Antelava.

Aprel oyi boshlarida esa moskvalik fototasvirchi, Rossiyada chiqadigan “Novaya gazeta” muxbiri Viktoriya Ivleva Toshkent aeroportidan hech qanday sabab ko‘rsatilmasdan ortga qaytarilgan edi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston matbuot erkinligining ahvoli eng yomon bo‘lgan davlatlar qatorida bo‘lib kelmoqda.

Freedom House – Ozodlik uyi tashkilotining “Matbuot erkinligi” bo‘yicha so‘nggi hisobotida O‘zbekiston 197 malakat orasida 195 o‘rinni egalladi.
XS
SM
MD
LG