Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:06

Namanganda GM-Uzbekiston korxonasi uchun yana bir zavod qurildi


Norin mechanikal plant zavodi GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar kuzovi uchun ehtiyot qismlar hozirlamoqda.

Namangan viloyatining Norin tumanida Janubiy Koreya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi bilan hamkorlikda ishga tushirilgan Norin mechanikal plant zavodi Nexia, Matiz, Spark va Damas avtomobillari kuzovi uchun ehtiyot qismlari ishlab chiqara boshladi.

Ozodlik bilan suhbatda zavod mutasaddilaridan biri hozircha zavodning birgina tsexi ishlab turgani va bu ham O‘zbekiston Mustaqilligining 21 yilligi munosabati bilan ishga tushirilganini aytdi.

- Bizda faqat GM avtomobillarining kuzovi uchun ehtiyot qismlari ishlab chiqariladi. Hali to‘la quvvat bilan ish boshlamadik. Ehtiyot qismlarimiz to‘g‘ri Janubiy Koreya bilan hamkorlikda ishlayotgan Andijondagi "O‘zse Myun KO" zavodiga ketadi,- dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda zavod mutasaddisi.

Undan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Andijondagi zavod Norin zavodidan kelgan ehtiyot qismlaridan foydalanib, GM-Uzbekistan avtomobillari kuzovini payvandlashga tayyor holga keltiradi va Toshkentdagi zavodga yo‘llaydi.

Norin tumani hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozirda zavodning ish boshlagan birgina tsexida 50 dan ortiq mutaxassis ishlamoqda va ularning aksariyati shu soha bo‘yicha kollejlarni bitirib, ishga joylashgan yosh kadrlardir.

Hozircha tuman va zavod mutasaddilaridan ushbu zavodning to‘la ish quvvati va yil davomida ishlab chiqariladigan mahsuloti hajmi haqida aniq ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, ushbu viloyatda GM-Uzbekistan avtmobillari uchun chiroq ishlab chiqarayotgan "Uzchasis" O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi xodimlaridan O‘zbekistonda o‘z avtomobillari ehtiyot qismlari uchun ehtiyoj katta ekani va bu ehtiyojni qondirish uchun qurilayotgan zavodlarning zarurligini urg‘uladi.

- Misol uchun, bizda kundalik ishlab chiqarilayotgan chiroqlar to‘g‘ri GM-Uzbekistan zavodiga va uchta-to‘rtta servisga jo‘natiladi. Har kunligini o‘sha kunda jo‘natamiz. Hamma avto servislar bizga o‘xshagan korxonalar bilan shartnoma tuzgan. Men ehtiyot qismlar O‘zbekistonda yetarli ishlab chiqarilayapti, deb o‘ylayman, - dedi "Uzchasis" O‘zbekiston-Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi xodimi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqindan boshlab ushbu qo‘shma korxonada Chevrolet Cobalt rusumidagi avtomobillar uchun chiroqlar ishlab chiqarishga hozirlik ko‘rilmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, GM-Uzbekistan qo‘shma korxonasi bundan buyon aynan Chevrolet Cobalt va Chevrolet Malibu avtomobillarini ko‘proq ishlab chiqarishni rejalamoqda.

Yaqinda korxona tomonidan Chevrolet Epica avtomobilining yig‘ilishi to‘xtatilgani ham shu maqsad bilan izohlandi. Boisi, har ikki rusumdagi avtomobillarning ichki bozorda xaridori ko‘payishi bilan birga Rossiya va Qozog‘istonda ham bozori qizimoqda.

“O‘zavtosanoat” hissadorlik shirkatiga asoslanib UzDaily.uz nashrining xabar qilishicha, Andijon viloyatining Asaka shahridagi zavodda yiliga 120 mingdan ortiq Chevrolet Cobalt ishlab chiqarish va uning yarmidan ko‘pini MDH davlatlariga eksport qilish mo‘ljallangan.

Hozirgi paytda GM-Uzbekistan korxonasi Nexia, Lacetti, Malibu, Cobalt, Matiz, Spark, Captiva va Damas kabi avtomobillarni yig‘ayapti.

2011 yili mazkur qo‘shma korxona 221.445 dona avtomobil ishlab chiqargani aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG