Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:20

O‘qituvchilar paxtani o‘z hisobidan termoqda


Jizzaxda poyi-piyoda paxtaga qatnayotgan oddiy aholi safiga endi o‘qituvchilar ham qo‘shilmoqda.
Jizzaxda poyi-piyoda paxtaga qatnayotgan oddiy aholi safiga endi o‘qituvchilar ham qo‘shilmoqda.

Jizzaxlik o‘qituvchilarga viloyatning paxtaga ixtisoslashgan tumanlarida o‘z hisoblaridan ijaraga yotoq olib, terimga chiqish haqida ko‘rsatma berildi.

Jizzax shahri va viloyatning paxtaga ixtisoslashmagan bir necha tumanlaridagi maktab o‘qituvchilari 10 sentyabr kuni o‘z yonidan pul to‘lab, paxtakor tumanlarga yo‘l oldilar.

Viloyatning Do‘stlik, Paxtakor, Arnasoy kabi tumanlariga ko‘rpa-to‘shagini ko‘tarib, jo‘nab ketgan o‘qituvchilarga qaysi tumanga, necha kunga borishlari va ularga qanday sharoit yaratib berilishi haqida hech gap aytilmagan.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan jizzaxliklardan biriga ko‘ra, o‘qituvchilar maxsus ajratilishi aytilgan avtobusni 3 kun davomida kutishgan, ammo avtobus kelmagach o‘qituvchilarning o‘zlari yo‘l pulini to‘lab, RAF rusumidagi avtomobilni yollagan.

- Hali qaysi tumanga borishimiz, borsak qayerda yashashimiz ham noma‘lum. Kvartirada turishimiz ham mumkin ekan, shunga pul olvolinglar, degan gaplar ham bo‘ldi, deydi Zomin tumanidagi maktablardan birida kotiba bo‘lib ishlaydigan ayol.

Baxmal tumanidagi maktablardan birida dars beradigan va ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchiga ko‘ra, uning hamkasblari ham o‘z hisobidan taksi yollab, paxta terimiga junab ketgan.

- Juma kuni buyruq kelgan edi, shanba kuni yotoqqa chiqingizlar, degan. Uch kun avtobus kutdik, kelmadi. Davlat avtobus yetkazib berolmayapti ekan. Shunga bugun direktorimiz taksi yollab ketamiz endi, dedi,- deydi baxmallik o‘qituvchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra ham hozirga qadar o‘qituvchilarning qaysi tumanga borishlari va ularga qanday sharoit yaratib berilishi noma‘lum.

- Uch kun oldin paxtaga chiqarvorilgan o‘qituvchilardan ham haligacha paxta termay yotibmiz, deganlari bo‘layapti ekan bu yog‘ini so‘rasangiz,- deydi baxmallik o‘qituvchi.

Bu yil betartib ravishda boshlanayotgan paxta yig‘im-terim kampaniyasini o‘tgan yilgiga qiyoslayotgan ayrim jizzaxlik o‘qituvchilar, jilla qursa, yo‘l va yotoq pulini o‘zlari to‘lmaganini xotirlamoqda.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu yil maktab bolalarini chiqarmaslik to‘g‘risida shaxsan Bosh vazirdan ko‘rsatma olgan mahalliy hukumatlar hasharchilarning sonini haddan oshirgani uchun ularni joy va transport bilan ta‘minlash muammo bo‘lmoqda.

Ayni paytda jami o‘qituvchilar sonidan 40 foiziga maktabda qolib, ishni davom ettirish haqida ko‘rsatma berilgan.

- Lekin o‘sha 40 foiz o‘qituvchi ham o‘rniga odam jo‘natishi kerak, tushunyapsizmi? Maktabda darslarni 2 smenaga ajratadimi, ishqilib, amallab darsni davom ettirishi kerak. Yana "Maktabda o‘qituvchi 100 foiz ishlayapti", degan gapni qilinglar, deyishyapti,- deydi nogironligi bois paxta terimiga chiqmay, maktabda ishni davom ettirayotgan baxmallik o‘qituvchi.

Jizzax shahrida istiqomat qiladigan suhbatdoshimiz esa kuni kecha shahar maktablaridan birining o‘qituvchisi va poliklinikalardan birining xodimi o‘z o‘rniga paxta terib berishini iltimos qilib, uyiga kelganini so‘zlab berdi.

- O‘rnimga paxtaga chiqsangiz, pulini berardim, dedi. Bitta odamning o‘rniga yotoqqa borishga 100, 200, 300 ming so‘mgacha taklif qilishyaptida. Shu 10 kun, 1 oygacha borish mumkin,- deydi Jizzax shahrida istiqomat qiladigan aholi vakillaridan biri.

Jizzax va Sirdaryo viloyatlarning paxta terimiga otlanayotgan o‘qituvchilari hozircha qat‘iy ko‘rsatma borligi bois o‘quvchilarni paxtaga chiqarish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas, demoqda.

O‘tgan yili farzandlarini paxtaga yo‘llagan jizzaxlik suhbatdosh hozircha maktablarda darslar to‘liq davom etayotganini aytmoqda. Ammo, uning o‘tgan yilgi ahvol takrorlanmasligiga ishonchi komil emas.

- O‘tgan yili 20-15 sentyabrlardan keyin o‘quvchilarni ham chiqarvorishgan edi. 5-6-sinfdan oxirgi 9-sinfgacha yotoqqa ketgan edi. 10-15 kun, uzog‘i bilan bir oyga, deyishgan. Lekin paxta tugaguncha yurishgan. Sharoiti og‘ir, qanchasi kasal bo‘lib kelgan edi,- deydi suhbatdosh.

6 sentyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi maktab o‘quvchilarini bu yil paxta yig‘im-terimiga chiqarish qat‘iyan taqiqlanishi, taqiqqa amal qilmaganlar qonun doirasida jazolanishi haqidagi yana bir bayonotni tarqatdi.

Bayonotda aytilishicha, garchi mamlakatda paxta asosan xususiy sektor vakillari tomonidan yetishtirilsada, bu jarayonga fermerlarning oila-a‘zolari bo‘lgan bolalarning jalb etilishi ham maqsadga muvofiq emas.

Vazirlik e‘lon qilgan hujjatda 16 yoshdan katta bo‘lgan o‘smirlargina darsdan tashqari vaqtlarda o‘z ixtiyori bilan paxta terimiga chiqishi mumkinligi aytilgan.

Ammo, bu yoshda bo‘lgan va litsey, kollejlarda tahsil olayotgan o‘quvchilarning shu kunlarda majburan paxtaga chiqarilayotgani haqidagi xabarlar Ozodlik tahririyatiga yetib keldi.
XS
SM
MD
LG