Линклар

"Style.Uz" tadbiriga ko‘ngillilar tanlanmoqda


Gulnora Karimovaning "Art Week Style.Uz" tadbirlariga ko‘plab ajnabiy yulduzlar keladi.

Gulnora Karimovaning "Art Week Style.Uz" tadbirlariga ko‘plab ajnabiy yulduzlar keladi.

Shu kunlarda Gulnora Karimova homiyligidagi Art Week Style.Uz san‘at haftaligiga tayyorgarlik avjiga chiqqani kuzatilmoqda. Tashkilotchilar tadbirga bepul yordam beruvchi volonterlarni ham izlayapti.

Yettinchi bor o‘tkaziladigan Art Week Style.Uz san‘at haftaligi 9 oktyabr kuni boshlanadi.

Haftalik tashkilotchilari kino, moda, foto, tasviriy san‘at kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladigan yirik tadbirda beminnat xizmat qilishga shay ko‘ngilli faollarni izlash bilan mashg‘ul.

Tarjimon, dizayner, stilist, jurnalist va fotograf, qo‘yingki, kimki bepul ishlab beraman desa, tadbir tashkilotchisi Gulnora Karimova rahbarligidagi “O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi” jamg‘armasi – Fond Forum tashkilotiga murojaat qilishi mumkin.

Bir qarashda bepul ishlovchi hasharchilar guruhini eslatuvchi mazkur ko‘ngillilar safiga faqat ikki bosqichli tanlovdan o‘tganlargina qabul qilinadi.

Tanlov shartlari haqida bilish uchun Ozodlik kun davomida Internetda e‘lon qilingan ko‘ngilli faollar murojaat qilishi mumkin bo‘lgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi, biroq telefonga hech kim javob bermadi.

Bu yil ham haftalik doirasida “Theatre.Uz” teatr festivali va “Oltin gepard” kinoforumining o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ozodlik o‘tkazilajak san‘at haftaligiga oid qo‘shimcha ma‘lumot olish uchun Fond Forumga murojaat qildi, lekin "Art Week Style.Uz" bo‘yicha barcha ma‘lumotlarni Style.Uz saytidan o‘qiysiz", degan javobdan nariga o‘tishning iloji bo‘lmadi.

Style.Uz saytida yozilishicha, kengqamrovli madaniy tadbirlarni o‘z ichiga olgan 6 kunlik tadbir Markaziy Osiyodagi eng yirik loyiha hisoblanadi.

Style.Uz xabariga ko‘ra, joriy yilda, ayniqsa, fotobiyennalega katta e‘tibor qaratilgan.

Mazkur tadbirga ma‘sul bo‘lgan “Art and Fact” galereyasining xodimi Valentina Kateshovaga ko‘ra, fotobiyennaleda ishtirok etish uchun 35 dan ziyod xorijiy davlat fuqarolaridan taklif tushgan.

- Bizda hozir jami ikki yuzdan ziyod ishtirokchi. Lekin har kuni ular soni oshayapti. Ishtirokchilardan bir mingdan ziyod kartina olindi. Xitoy, Bangladesh, Eron, Argentina, Ispaniya kabi dunyoning 35 dan ziyod davlatidan ijodkorlar qatnashish istagini bildirdi. Tayorgarligimiz juda katta bo‘layapti. Bu yil fotobiyennale eng esda qolarli tadbir bo‘ladi,- dedi Valentina Kateshova.

Fotobiyennalega xorijiy ijodkorlar tomonidan katta qiziqish bildirilayotgan bir paytda mahalliy fotograflar tadbirni unchalik olqishlamayotganini ham kuzatish mumkin.

Jumladan, O‘zbekistondagi taniqli fotograf Umida Ahmedova va uning o‘nlab shogirdlari ham mazkur tadbirda ishtirok etmayapti.

Umida Ahmedovaga ko‘ra, u mazkur tadbirni jiddiy qabul qilmagani uchun unda ishtirok etmaslikni maqul topgan.

- Bilasizmi, bu biyennaleda shaxsan o‘zimning qatnashmasligimning sababi asli o‘zi biyennale bo‘lganda, biyennalelarning o‘zining obro‘yi bo‘ladi, odamlar unga intiladi. Biyennalening odatda davomi bo‘ladi. Deylik biyennaleda yutding. Yutganingdan keyin qanaqadir boshqa bir perspektivalar ochiladi. O‘zbekistondagi biyennalega ishonmayman. Chunki hamma biyennalening o‘zining kuratorlari bo‘ladi. Kuratorlarning ham o‘ziga xos reputatsiyasi bo‘ladi. Avvalgi biyennalega ko‘rdim, professional jihatdan bu biyennalelar meni shaxsan qiziqtirmaydi. Nafaqat mening shogirdlarim, boshqa fotograflar bir nechtasi qatnashib aytishdi. Men o‘zim bu biyennaleni jiddiy qabul qilmayman. Chunki professional jihatdan jiddiy o‘tganini ko‘rganim yo‘q,- deydi Umida Ahmedova.

Shu kunlarda mahalliy matbuot bo‘lajak san‘at haftaligini keng reklama qilmoqda. Tadbir ishtirokchilari esa kechayu kunduz demay tadbirga tayyorgarlik ko‘rayotgani aytilmoqda.

Har yili o‘tkaziladigan yosh dizaynerlarning modalar namoyishiga tayyorlanayotganlardan biri “Osiyo ramzi” dizaynerlar va modelerlar uyushmasidir.

Tashkilotning o‘zini tanishtirmagan xodimasi tayyorgarlik avjidaligi bois katta intervьyu berishga ham vaqt yo‘qligini aytib, javobni qisqa qildi.

- Biz ham qatnashamiz. Hozir tayyorlanayapmiz. Sizga telefonda hammasini gapirib bera olmayman,- dedi suhbatdosh.

Ozodlik muxbiri Toshkentdagi ayrim dizaynerlar va foto studiyalariga qo‘ng‘iroq qilib, ularning "Art Week Style.Uz" tadbiriga qanchalik qiziqish ko‘rsatayotganini o‘rgandi. Olingan javoblardan Gulnora Karimovaning san‘at haftaligida qatnashish ishtiyoqmandalari ko‘p emasligini aytish mumkin.

Toshkentdagi dizayner studiyasining (ma‘lum sabablarga ko‘ra, uning nomini keltirmayapmiz-tahr.) xodimasiga ko‘ra, tadbir davomidagi uzluksiz repetitsiyalar bois bu yil tadbirda ishtirok etmaslikni ma‘qul topgan.

Boshqa bir suhbatdoshimiz "Reporter Master Studio" foto-studiyasi xodimasi esa umuman Style.Uz tadbiri haqida eshitmaganini aytdi.

- Haqiqatni aytsam, sizdan birinchi bor eshitayapman bunaqa tanlov haqida. Eshitmaganman hech,- dedi "Reporter Master Studio" xodimasi.

Ayni paytda tadbirga xorijning mashhur xonandalaridan kimlar taklif qilinishi oshkor qilinganicha yo‘q.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasidagi ismini oshkor qilmayotganimiz manbaga ko‘ra, o‘zbek futbolining 100 yillik tantanalarini Style.Uz san‘at haftaligi arafasida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Uning aytishicha, san‘at haftaligiga taklif qilingan xonandalardan ayrimlari futbol yubileyi tantanalarida ham ishtirok etishi mumkin.

Toshkentdagi "Novыy vek" gazetasi o‘zbek futbolining 100 yillik yubiley tantalarida taniqli xonanda Shakira va Beyonse ishtirok etishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Gulnora Karimovaning avvalgi xos ma‘rakalarini obod qilgan xorijlik Sting, Xulio Iglesias, Monserat Kabalьe, Rod Styuart, Tarkan¸ Xose Karreras kabi san‘at yulduzlarining Toshkentga kelishi uchun ularning har biriga kamida 1 million yevrodan to‘langani aytiladi.

Ularning ayrimlari keyinchalik xalqaro maydonda qattiq tanqidga uchragan edi.

Stingning Toshkentda, Gulnora Karimova huzurida qo‘shiq aytgani haqidagi xabarlar Britaniya matbuotida paydo bo‘lgach, u bayonot berib, Islom Karimov va uning diktaturasi xaqida, uning biqiq mustabidona tafakkuri haqida gapirgan edi.
XS
SM
MD
LG