Линклар

Qozog‘istonning O‘trov viloyati Kulsari tumani markazida o‘tkazilgan maxsus operatsiyada terrorchilikda gumonlangan besh kishi otib o‘ldirildi.

Terrorchilikda gumonlangan shaxslar hali maxsus operatsiya boshlanmay turib bir necha portlash sodir qilib, maxsus xizmat xodimlariga qarata o‘t ochdilar, deb xabar berdi Qozog‘iston bosh prokuraturasi.

Bu xabarga ko‘ra, maxsus xizmat xodimlaridan bir kishi jarohat olgan.

O‘tkazilgan maxsus amaliyot davomida voqea joyidan besh kishining jasadi topilgan. Bir kishi og‘ir jarohatlar bilan qo‘lga olingan. Aholi orasida qurbon bo‘lganlar va jarohatlanganlar yo‘q, deb xabar berdi Qozog‘iston bosh prokuraturasi.

Maxsus operatsiya va otishma


Ozodlikning qozoq xizmati muxbiriga ko‘ra, 12 sentyabr kuni tongdan Kulsari shahrining birinchi mikrorayonidagi bir necha uydan aholi evakuatsiya qilingan. “Ak Jayik” gazetasi xabariga ko‘ra, odamlar o‘z uylaridan "quvurlardan gaz sizib chiqayotganligi" bahonasida chiqarilgan.

Mahalliy aholi vakillarining aytishlaricha, kun bo‘yi bu hududda o‘q ovozlari tinmagan. Ularga ko‘ra, 11 sentyabr kuni kechqurun shaharga 300dan ortiq maxsus xizmat xodimlari keltirilib, shahar o‘rab olingan. Taxminlar bo‘yicha, terrorchilikda gumonlanganlar 1-mikrorayonning 22-uyida joylashgan.

“Interfaks” xabariga ko‘ra, maxsus operatsiya O‘trov shahrida amalga oshirilgan terrorchilik portlashlari va bunda gumonlanib to‘rt kishining hibsga olinishi ortidan o‘tkazilgan.

5 sentyabr kuni O‘trov shahrining Mo‘ldagulova ko‘chasidagi xususiy uylardan birining hovlisida portlash sodir bo‘lgan edi.

Portlash sodir bo‘lgan joyda 1991 yilda tug‘ilgan Nurlibek Sakauovning maydalanib ketgan jasadi topilgan edi. Politsiyaning dastlabki ma‘lumotlariga ko‘ra, bu yigit qo‘lbola portlatish moslamasini yasayotgan paytda u beixtiyor portlab ketgan.

Kulsari--O‘trov viloyatidagi Jilioy tumanining ma‘muriy markazi. Jilioy Qozog‘istondagi neftga boy tumanlardan biri hisoblanadi.
XS
SM
MD
LG