Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:01

"MTS-O‘zbekiston" abonentlari qolib ketgan pullarini qaytib olishi mumkin


Rossiyaning MTS shirkati O‘zbekistondagi abonentlariga avvadan to‘lab qo‘yilgan pullarni qaytib bermoqda. MTS rasmiysining Ozodlikka aytishicha, “O‘zdunrobita” operatorining faoliyati O‘zbekistonda to‘xtatilgani bois abonentlarning 7 million AQSh dollariga yaqin pullari shirkat hisob raqamlarida qolib ketgan.

“MTS-O‘zbekiston” brendi ostida ishlagan “O‘zdunrobita” operatoriga avvaldan pul to‘lab qo‘yib, uni to‘liq ishlatish imkoniga ega bo‘lmagan abonentlar shirkatning O‘zbekistondagi idoralariga murojaat qilib, pullarini qaytarib olishlari mumkin.

MTS shirkatining Moskvadagi bosh qarorgohi matbuot xizmati vakili Valeriya Kuzmenko, bularni ma‘lum qildi.

- Bu yerda gap O‘zbekiston rasmiylari qarori bilan operator mamlakat hududida o‘z faoliyatini to‘xtatganidan keyin abonentlar hisobida qolib ketgan pullar haqida ketyapti. Odamlar avvaldan pul to‘lab qo‘ygan va hisoblarida pullar qolib ketgan va qonun doirasida abonentlar shartnomani bekor qilib, o‘z mablag‘larini qaytarib olishlari mumkin. Hozircha murojaat qilganlar unchalik ko‘p emas, O‘zbekistonda 9 milliondan oshiq abonent bo‘lsa, murojaat qilganlar mingga yaqin xolos. Lekin shunga qaramay, har bir abonent, xususiy shaxs yoki kompaniya bo‘lishidan qat‘iy nazar, pullarini qaytarib beryapmiz, deydi MTS rasmiysi.

Uning aytishicha, MTSning O‘zbekistondagi abonentlariga doir mablag‘lar umumiy miqdori 13 milliard o‘zbek so‘mi, ya‘ni rasmiy kurs bo‘yicha qariyb 7 million AQSh dollariga teng.

Lekin pulni qaytib berish naqd pul ko‘rinishida emas, naqd pulsiz hisob-kitob tarzida amalga oshiriladi.

- Albatta, shirkat to‘lovni faqatgina bank hisob raqamlarimiz muzlatilmagan holdagina amalga oshira oladi. Chunki hisob raqamlarimizni blok qilish hollari tez-tez uchramoqda, lekin biz iloji boricha, mijozlarimiz pullarini qaytib berish maqsadida, bu muammoni hal qilishga urinmoqdamiz, deydi Valeriya Kuzmenko.

Shu bilan birga MTS vakili, mijozlarga pullarning qaytib berilayotgani ishrkatning O‘zbekistondagi vaziyat oldida chekinayotgani va biznesidan voz kechganini anglatmasligini alohida qayd etdi.

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi shu yilning 17 iyul kuni MTS shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi “O‘zdunrobita” mobil operatori faoliyaitini vaqtincha to‘xtatgan edi. 31 iyul kuni esa Toshkent shahar xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudi “MTS-O‘zbekiston” brendi ostida ishlagan “O‘zdunrobita”ni litsenziyalaridan mahrum qilish haqida qaror chiqardi.

O‘zbekiston hukumati “O‘zdunorbita” rahbariyatini moliyaviy jinoyatlarda ayblab, shirkatning to‘rt xodimini hibsga olgan. 27 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida shirkat direktorlari va menejerlari Temurmalik Olimov, Azizillo Mirzamo‘ydinov, Alisher Muhammedov va Aziz Rahimovlar ustidan sud boshlandi.

Mazkur jinoiy ish vajidan O‘zbekiston rasmiylari sud qarorisiz MTS shirkatiga qarashli mol-mulkni ham hibsga oldi.

O‘zbekistondagi biznesidan mahrum qilingani Sharqiy Yevropa va sobiq ittifoqdagi eng yirik mobil aloqa shirkati hisoblangan MTSga 1 milliard AQSh dollaridan ortiqqa tushdi.

Faoliyati to‘xtatilishidan oldin “O‘zdunrobita” aloqasi O‘zbekistonning 94 foiz hududini qamrab olib, 9 milliondan ortiq abonentga xizmat ko‘rsatgan.
XS
SM
MD
LG