Линклар

logo-print
Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti o‘qituvchilari Jizzaxning Paxtakor tumanida paxta termoqda. Olim-paxtakorlardan birining Ozodlikka shaxsi sir qolishi sharti bilan aytishicha, universitetining 150 nafar erkak domlalari bir haftadan beri dalada ter to‘kmoqda.

Uning so‘zlariga qaraganda, hozircha paxta terimiga faqat oliy o‘quv yurtlari domlalari jalb qilingan, lekin yaqin kunlarda poytaxtdagi oliygohlarning 200 nafar magistr talabalari ham "ixtiyoriy-majburiy tarzda" olim-paxtakorlar safiga qo‘shiladi.

Bu yilgi paxta terimiga jalb etilgan domlalar avvalgilaridan farqli ravishda bolalar bog‘chasi yoki maktabda emas, balki o‘z hisobidan mahalliy aholining uylarida ijara haqqi to‘lab yashamoqda.

- Ko‘pchilik domlalar paxta maydonidagi yaqin qishloq aholisining uylariga ko‘chib o‘tishdi. 200 nafar magistr talabalarning kelayotgani uchun bizga ham ijaraga uy topishimizni aytishdi, deydi ismini sir tutishni istagan domlalaridan biri. Shuning uchun ham mahalliy aholining uyidan kunlik 2000 so‘m to‘lov asosida ijara uy topdik. Magistr talabalar kelguniga qadar bizlar hozir turgan bolalar bog‘chasini bo‘shatib berishimiz kerak.

Paxta terimiga faqat erkak o‘qituvchilar jalb qilinayotgani sababli o‘quv muassalarida darslarni ayollar o‘tishmoqda, deydi o‘zini Nizom deya tanishtirgan domlalardan biri.

Suhbatdoshning fikriga ko‘ra ayol o‘qituvchilarning dars berayotganligi sababli bugungi kunda o‘quv yurtlarida talabalarning davomati ham anchagina pasayib ketgan. Ayni paytda aksariyat talabalarning hayoli bizni qachon paxtaga olib ketadi, degan savol bilan band.

- Biz bilan birgalikda Toshkent yuridik instituti domlalari ham paxta terishmoqda. Ularning ko‘pchiligi paxta terimiga chiqmagani uchun kunlik normani bajara olishmaydi. Shu sababli ham har kun kechda bo‘ladigan shtab yig‘ilishida yoshu-qari birdek gap eshitamiz, deydi Nizom domla.
XS
SM
MD
LG