Линклар

logo-print

O‘zbek xalqi o‘zi yemay, o‘zgaga yediradi, o‘zi kiymay, o‘zgaga kiydiradi. Sovuqda qunushib-dildirab o‘tirsa-da, gazini boshqalarga tortiq qiladi. Shunaqa, qo‘li ochiqdan ham ochiq xalq bu!

Xabaringiz bo‘lgandir, tunov kuni O‘zbekistonga Xitoy bosh vaziri o‘rinbosari qadam ranjida qildi. Vaziri a‘zamning noibi bo‘lsayam, Pekindan kelgan emasmi - O‘zbekiston prezidenti shaxsan qabul qildi mehmonni. Qolaversa, ikki o‘rtada eski og‘aynichilik ham yo‘q emas-da. Qanaqasiga deysizmi? Esingizdan chiqdimi, har ikki siyosatchiyam qavmdosh – partiyadosh-ku...

Mayli, asosiy masaladan chalg‘imaylik, xullas, shu uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti o‘tgan oydan Xitoyga gaz eksporti muntazam yo‘lga qo‘yilganini rasman e‘lon qildi. Boz ustiga, “Bu yog‘idan xavotir olmaysizlar, quloqboshida o‘zim turibman, uzilish bo‘lmaydi” degan mazmunda quyuq va‘da berib, mehmonning ko‘nglini xotirjam qildi.

Hukumatga yaqinligini pesh qilayotgan axborot manbalariga ko‘ra, yil oxirigacha O‘zbekiston Xitoyga 4-5 milliard kubometr atrofida gaz sotadi ("2016 yilga kelib, quvurlar orqali Chinga oqadigan gaz 25 milliardga yetadi" degan mahobatlar ham yo‘q emas).

Viloyatlar gaz yo‘qligidan (taqchilligidan emas!) nolib turgan bir paytda eksport uchun shu-uncha yoqilg‘i qayerdan olinadi? Shu kecha-kunduzda biror viloyatda dabdurustdan yangi kon topilganini eshitmagandirsiz?.. Mening ham ko‘zim tushmadi bunday xabarga. Demak, birodar chin-mochinliklar buyurtmasi eski usulda, oppa-osoniga – aholiga berilayotgan gazni kamaytirish hisobiga ado etiladi!

Odamlar nima qiladi? Nima qilardi?! O‘zbek shu paytgacha toqat qildi, bundan keyin ham tishini tishiga bosib, bardoshni oshno tutib yuraveradi. Endi tushuning-da, xalqaro bitim imzolangan o‘rtada. Katta siyosat “oq terakmi, ko‘k terak” o‘yini emas! Yana buyurtmachi Amerikasiyam qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashadigan kimsan Xitoy bo‘lsa!

Bilasiz, Xitoy – tutgan yeridan kesadigan sharttaki davlat! Nufuzi va nufusi bilan olamni mo‘r-malaxdek bosayotgan mamlakat andak dangal, xiyla cho‘rtkesar va ozroq olchoq bo‘lmasa ham bo‘lmaydi-da. Axir, “o‘zlaridan bo‘lsin” deb duch kelgan hamkorga mulozimat ulashaversa, bir milliarddan oshiq serbaraka mardum ochdan o‘lmaydimi?!

Xitoyning soat sayin ko‘kka sapchiyotgan iqtisodi uchun gazning ahamiyati ulkan. Zil-zambil mamlakatni suyab turgan sanoat birinchi navbatda ana shu tabiiy yoqilg‘i bilan nafas oladi. To‘rt javonibga suron solib, og‘zidan olov purkayotgan “Sariq ajdar” gazsiz dami chiqqan pufakdek shalvirab qoladi.

Xitoyning faqat o‘zbek gaziga qarab qolgan joyi yo‘q. Yaxshi buzoq evini qilib, ikki sigirni emadi. Pixini yorgan Pekin amaldorlari bu borada Turkmanboshi II bilan ham savdoni pishitib qo‘ygan (Azaldan burgani ushlab, yog‘ini olgan qavm-da bu!)
Xitoy O‘zbekiston va Turkmaniston kabi qulay (ayni paytda, mo‘min-qobil) hamkor topishi amrimahol.

Bu davlatlar, avvalo, jug‘rofiy jihatdan qulay hududda bino bo‘lgan. Chegaradan bir hatlansa, Markaziy Osiyo-da! Taklif etilayotgan gaz narxi ham hamyonbop: olamni xitoyi molga burkayotgan chapdast korchalonlar qorni og‘rimasdan xarid qilishi mumkin.

O‘zbekiston aksar payt Xitoyga tantilik (yo tantiqlikdir?!) qilib kelgan. Bu gal ham “Sariq ajdar”ning o‘zbek zaminidagi ovi barorida keldi. Lekin, ming afsuski, qurbonsiz bo‘lmaydi shikor degani...

Muallif: Gazli shahrilik muxlis
XS
SM
MD
LG