Линклар

Joriy yil O‘zbekiston hukumati paxtani bolalar kuchisiz terib olishga qat‘iy ahd qilgan ko‘rinadi. Ozodlik muxbiri o‘tkazgan surishtiruv davomida viloyatlarda bolalarni paxta terimiga jalb qilishning keskin taqiqlangani aniqlandi.

Bolalarni paxtaga chiqarmaslik uchun to‘garaklar tashkil qilindi


Har yili birinchilardan bo‘lib paxta dalalariga otlanadigan xorazmlik bolalar bu yil maktab partalariga “mixlandi”. Xorazmdagi manbalarga ko‘ra, o‘quvchilar dars mashg‘ulotlarini to‘la o‘tayapti; hatto aksar maktablarda o‘quvchilarning darsdan keyin paxtaga chiqib ketishini oldini olish maqsadida qo‘shimcha to‘garak mashg‘ulotlari ham tashkil qilingan.

Suhbatdoshimiz Bobojonning ikki qizi maktab o‘quvchisi. Ikkala qizning ham har kuni maktabdan keyin turli xil to‘garaklarda qatnashishi maktab rahbariyati tomonidan shart qilib belgilangan.

Bobojonning aytishicha, ota-onalar maktab ma‘muriyati va mahalliy hokimlik tomonidan bolalarni paxta terimiga jalb qilmaslik borasida qa‘tiy ogohlantirilgan.

- Ertalab 8:30 da maktabga ketadi. Obedda 1-1 yarimlarga qaytib keladi. Soat 3 da yana ketib soat 5 gacha to‘garakka borib keladi. Bu yil paxtaga bolalarni chiqarmaydigan bo‘lishdi. Shunga bolalarni o‘qishga qiziqtirish uchun to‘garaklar ochib qo‘yishibdi har xil yo‘nalishda. Ota-onalarga ham “Bolalarni paxtaga olib bormaysan” deb aytgan. Maktabga, o‘qituvchilarga gap tegadi deb. Shuning uchun to‘garak ochib qo‘yishibdi. Hozir bolalarga umuman paxta terish mumkin emas¸ deb qo‘yishibdi, deydi Bobojon.

Samarqandlik bolalar maktabdan qochib paxta terayapti


O‘zbekiston hukumatining bu yilgi paxta yig‘im-terim mavsumiga bolalarni jalb qilishni taqiqlaganiga qaramasdan, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi ayrim o‘quvchilar dars payti maktabdan qochib, paxta terayapti.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi shifokor Abduraim Bozorov paxta mavsumi boshida Kattaqo‘rg‘ondagi fermer xo‘jaliklaridan biriga tuman hokimligi tomonidan maxsus vakil qilib jo‘natilgan. Shifokor o‘quvchilarning yashirincha paxta terayotganiga shaxsan guvoh bo‘lganini aytadi.

Abduraim akaning aytishicha, fermerlar va ota-onalar o‘zaro kelishgan holda o‘quvchilarni paxta terimiga jalb qilmoqda.

- Birinchi kun 7-8ta bolani polyadan chiqarib yubordim men. “Maktabingga bor, o‘qi” deb qaytarib yubordim. Maktab payti ikkita o‘quvchi polyaga borib tergan ekan. Meni aldab kollejda o‘qiyman deb qo‘limdagi ro‘yxatga tushgan ekan. Ularni ushlab, o‘qituvchisi, direktorining oldida turg‘izib, “Nima uchun kollejda o‘qiyman deb paxta terayapsan? Nima uchun maktabda o‘qimayapsan?” deb turib ularga saboq bo‘lsin deb turib o‘qituvchilarni, hammasini ogohlantirdim, deydi Abduraim Bozorov.

O‘qituvchilar paxtada, dars soatlari esa qisqartirildi


Joriy yilda o‘quvchilar o‘rniga o‘qituvchilar paxta terayapti. Ozodlik muxbirining o‘rganishicha, viloyatlardagi shaharlarning maktablarida 16 foiz o‘qituvchilar, qishloq joylarida esa 50 foiz o‘qituvchilar paxta terimiga jalb qilingan.

Paxtaga ketgan o‘qituvchilar beradigan dars soatlari maktabda qolgan o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan.

O‘qituvchilar zimmasidagi bu “nagruzka”ni kamaytirish uchun dars soatlari qisqartirilayapti.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan jizzaxlik o‘qituvchi Rustam akaning aytishicha, olti soatlik dars soatlari 3-4 soatga qisqartirilgan.

- Olti soat o‘tmaysizda, 3-4 soat o‘tasiz, javob berasizda. Dars soati kamroqda. Chunki olti soat mashg‘ulotlar bo‘lsa o‘qituvchilar yetmaydi. shuning uchun 4 soatda javob beramiz. Asosan to‘rt soat, deydi Rustam aka.

Shu joyda oddiy matematik hisob-kitob qilsak: Bir kunda dars mashg‘ulotlari 2 soatga qisqarsa, bu raqam 10 kunda 20 soatni tashkil qiladi. Demak, paxta bir oy davom etsa, 52-54 soat dars mashg‘uloti qisqartirilgan bo‘ladi. Agar paxta bir oyda ko‘p bo‘lsa, bu raqam yana ko‘payishi tabiiy.

Dars soatlari qisqarishi o‘quvchilarning bilim darajasiga salbiy ta‘sir qilmaydimi degan savolimizga, o‘qituvchi Rustam aka “albatta ta‘sir qiladi” degan javob bilan cheklandi.

Bir sinfda 65 nafar o‘quvchi o‘qiyapti


Buxoro shahri maktablarida esa paxtadagi o‘qituvchilar o‘rnini “qoplash”ning boshqa bir usuli o‘ylab topilgan.

O‘qituvchi Quvondiq akaning aytishicha, paxta boshlangandan buyon bir qancha sinf o‘quvchilarini qo‘shib o‘qitish tartibi joriy qilingan.

- Qo‘shib o‘tayapmiz. Sinflarni qo‘shamiz, o‘tamiz. Masalan 6-A bor, 6-B bor, 6-V bor. Hammasining programmasi birku. 20 ta o‘quvchiga bergan narsani 50 taga berish juda qiyin. Aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. 50 tasiga 50 xil gapirish kerak. 50 tasiga 50 xil podxod qilib ko‘nglini olib dars o‘tish kerak. 50 xil tushuntirish kerak. Hatto 65 tagacha o‘quvchi bir sinfda o‘tiradi. 65 ta o‘quvchiga juda qiyin dars o‘tish. Chunki bularning saviyasi juda pasayib ketadi. Hammasiga birdan berib bo‘lmaydi. 55-60 o‘quvchiga mavzuni bitta-bitta yetishtiramiz deguncha vaqt tugab qoladi, deydi Quvondiq aka.

"Tablichka": Bolalarni paxtaga chiqarish taqiqlanadi


Namangan shahridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, shahar maktablari o‘qituvchilarining 10 foizi paxtaga jalb qilingan. Dars mashg‘ulotlarini to‘la o‘tish uchun “namangancha” usul qo‘llanilmoqda.

- 70 kishi kollektiv bo‘lsa, 10 tasi 15 kunlik paxtada. Har 15 kunda o‘qituvchilar almashayapti ekan. Undan tashqari shanba-yakshanba kunlari 100 foizlik paxta. 15 kunlik paxta chiqqan o‘qituvchilarning fanlari o‘rniga, masalan¸ rus tilichi qolgan bo‘lsa, rus tilichi o‘tib turadi. O‘rniga paxtadan qaytib kelgandan keyin matematikachi o‘tib boshlaydi, deydi suhbatdosh.

Namanganlik manba paxta davrida o‘zi guvoh bo‘lgan bir voqeani ham tilga oldi. Uning aytishicha, bu yil mahalliy hokimliklar o‘quvchilarni paxta terimiga jalb qilmaslikka astoydil harakat qilmoqda.

- Paxta dalalariga ko‘p borayapman. Rayonma rayon yuribman. Ba‘zi bir brigadalar ya‘ni yo‘lning bo‘yida, mehmon qabul qiladigan brigadalar, tablichka ëzib ëpishtirib qo‘ygan “Maktab o‘quvchilarini paxtaga jalb qilish taqiqlanadi” deb. Juda qiziq. Birinchi marta duch kelishim. Namunali fermer xo‘jaliklari borda yo‘lning bo‘yidagilar. Mehmonlar kelsa olib kiriladigan. Xuddi shunaqalarga chiroyli qilib ëzib qo‘yganini ko‘rdim, deydi suhbatdosh.

“Barcha o‘qituvchilar maktabda”



Buxorolik o‘qituvchi Shavkat akaning aytishicha, u ishlayotgan maktabda (Shavkat akaning iltimosiga ko‘ra maktab manzilini aytmayapmiz-tahr.) o‘qituvchilar dars payti umuman paxtaga chiqarilmayapti va dars mashg‘ulotlari ham jadval bo‘yicha to‘la o‘tilmoqda.

- Maktabda o‘qituvchilar har doimgidek ishda, ish faoliyati bilan band. Xizmatchilar, laborantlar, farrosh kabi ishchilar paxtaga olib chiqilayapti. O‘qituvchilar faqat shanba, yakshanba kuni olib borilayapti. Shanba kunlari darsi yo‘q o‘qituvchilar boradi. Dars soatlari avvalgidek. Avval qanday tuzilgan bo‘lsa, shunday. Qisqarish bo‘lgani yo‘q, dedi Shavkat aka.

"To‘ytepalik bolalar paxta terayapti"


Ayni paytda O‘zbekiston inson huquqlari al‘yansi raisi Yelena Urlayeva Toshkent viloyatida maktab o‘quvchilari yashirin ravishda paxta terimiga jalb qilingani haqida xabar tarqatdi.

Urlayevaning Ozodlikka aytishicha, 15 sentyabr kuni Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani hududida yuqori sinf o‘quvchilari paxta terayotganiga shaxsan guvoh bo‘lgan.

- To‘ytepa shahri yaqinidagi dalada men 42-maktab o‘quvchilari uchratdim. Ularni militsiya qo‘riqlardi. O‘quvchilar 13-14 yoshda edi. Bu maktabda dars mashg‘ulotlari bo‘layotgan payt edi. Bizda yana Yangiyo‘l o‘quvchilari paxtaga chiqarilgani haqida ma‘lumotlar bor. Hozir faollarimiz buni o‘rganishga ketishdi. Men hozir yo‘ldaman. Qoraqolpog‘istonga ketayapman. Olgan xabarimizga ko‘ra, u yerda ham o‘quvchilar paxtaga chiqarilayotgan ekan, dedi Yelena Urlayeva.

Bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yganlar jazolanadi


O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 2012 yilgi paxta mavsumida o‘quvchilarni paxta terimiga jalb qilmaslik haqida Xalq ta‘limi vazirligiga ko‘rsatma bergan.

Bosh vazirning ayni ko‘rsatmasini amalga oshirish yo‘lida mamlakatning barcha hududlaridagi maktab, bog‘cha, kollej, institut, universitet, shifoxona, zavod-fabrika va boshqa davlat idoralari ishchi-xizmatchilari bugungi kunda paxta terimiga jalb qilindi.

Ayni paytda O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi rasmiylari bu yil mamlakatda bolalar mehnatiga izn berilmasligi, bunga yo‘l qo‘yganlar qattiq jazolanishini ma‘lum qildi¸ biroq jazoning nima ekaniga aniqlik kiritmadilar.

O‘zbekistonda har yil paxta mavsumida 2 milliondan oshiq bolaning davlat tomonidan majburan paxta dalasida ekspluatatsiya qilib kelinaëtganiga norozilik tariqasida jahonning 60 ga yaqin yirik shirkati o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilgan.
XS
SM
MD
LG