Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:35

Putin: Qirg‘izistondagi loyihalarga O‘zbekistonni jalb etish tarafdorimiz


Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Bishkekka rasmiy safari chog‘ida O‘zbekiston qurilishiga qarshilik qilayotgan Qamarota-1 va Yuqori Norin GES kaskadlarini hamkorlikda barpo etish shartnomasi imzolandi.

Vladimir Putin Bishkekka 19 sentyabr kuni kechqurun tashrif buyurdi. Uning Qirg‘iziston rahbari Almazbek Atambayev bilan uchrashuvlari 20 sentyabrda o‘tkazildi.

Rossiya prezidenti rahbarligidagi delegatsiya Bishkekka uchta samolyotda kelgani xabar qilindi.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev muzokaralar chog‘ida Rossiyani Qirg‘izistonning eng yaqin strategik hamkori sifatida e‘tirof etdi.

- So‘nggi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar turlicha bo‘ldi. Ammo biz, barcha qirg‘izistonliklar bizning asosiy va muhim strategik hamkorimiz Rossiya ekanini yaxshi tushnamiz, -dedi Almazbek Atambayev.

Bunga javoban Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonning avvalgi hukumati bilan munosabatlar sovuqlashganiga qaramay, rus xalqining Qirg‘izistonga munosabati o‘zgarmay qolganini aytdi:

- Qirg‘izistonning avvalgi rahbariyati bilan kelishmovchiliklar va bahs-munozaralar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo shunga qaramay, yana bir bor ta‘kidlamoqchimanki, Qirg‘izistonga va qirg‘iz xalqiga nisbatan munosabatimiz doimo ijobiy bo‘lgan. Shundan kelib chiqqan holda hamkorlikni rivojlantirishda davom etmog‘imiz zarur, -dedi Vladimir Putin.

Bishkekda Putin va Atambayev oltita shartnomani imzoladi.

Imzolangan hujjatlar orasida Qambarota-1 GESini hamda Yuqori Norin GES kaskadlarini qurish va hamkorlikda foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalar ham bor. Mazkur inshootlarning barpo etilishiga O‘zbekiston qarshi chiqayotgan edi.

Vladimir Putin jurnalistlarning Qambarota-1 GESi loyihasiga O‘zbekiston qarshiligi yuzasidan bergan savollariga javob berar ekan, “Biz barcha manfaatdor tomonlarni hamkorlikda ishlashga chaqirish orqali bu tashvishlarni bartaraf eta olamiz”, deb javob berdi.

- Biz bu ishga Qozog‘iston va O‘zbekistonni ham jalb etish tarafdorimiz. Biz kecha va bugun qirg‘iz prezidenti bilan gaplashdik. Qirg‘iz tomoni bu fikrga qo‘shiladi. Biz o‘z hamkorlarimizni birgalikda ishlashga chaqiramiz. Bu ish gidroenergetika sohasidagi bo‘lajak korxonalarni boshqarishga taaluqlidir, -dedi Vladimir Putin.

Bir hafta oldin qirg‘iz parlamentida chiqish qilgan prezident Atambayev ham Qambarota -1 GESi qurilishiga O‘zbekistonni jalb qilish masalasini aytib o‘tgan edi:

- Bu masala yuzasidan men Islom Abdug‘aniyevichning o‘zi bilan ham gaplashayapman. Rossiya tomoniga ham “qurilajak GESlarning 50 foiz aktsiyasi sizlarda, 50 foizi esa bizga tegishli, sizlar o‘zingizga tegishli 50 foizdan O‘zbekiston va Qozog‘istonga ulush beringlar”, deb aytayapmiz,-degan edi 12 sentyabr kuni Almazbek Atambayev.

Qirg‘izistonlik siyosatshunos Mars Sariyev prezidentlarning bu bayonotlarini sharhlar ekan, O‘zbekiston mintaqadagi eng yirik davlat bo‘lgani uchun ham yirik loyihalarni bu mamlakat ishitirokisiz amalga oshirib bo‘lmasligini aytdi:

- O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi strategik mamlakat. Shuning uchun Rossiya O‘zbekiston bilan ham muomalasini buza olmaydi. Oxir –oqibat O‘zbekiston bilan murosa qilishga majbur bo‘linadi va bu mamlakat ham gidroenergetik inshootlar loyihasiga sherik qilib olinadi. O‘zbekiston pozitsiyasi hisobga olinmasa, qurilishi rejalashtirilgan loyihalarning amalga oshirilishi o‘ta qiyin bo‘ladi, -dedi Mars Sariyev.

Vladimir Putinning Bishkekka rasmiy safari chog‘idai Qirg‘izistonning Rossiyadan bo‘lgan 500 million dollar qarzi, Qirg‘izistondagi Rossiya harbiy bazalari yuzasidan ham shartnomalar imzolandi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Rossiya qarzi hisobiga Qirg‘izistondagi harbiy bazalar hozirligi muddatini 15 yilga uzaytirmoqchi.Bu borada imzolanadigan shartnoma 2017 yildan kuchga kiradi. Buning evaziga Rossiya Qirg‘izistonning 300 millon dollar qarzidan kechadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan yili yana qayta hokimiyatga kelganidan beri birinchi marta Qirg‘izistonga safar qilmoqda.
XS
SM
MD
LG