Линклар

19 setyabr kuni Moskvaning Mitino tumani aholisi bu hududda masjid qurilishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishiga chiqdi. Rossiya muftiyati esa Moskvaning har bir tumanida bittadan masjid qurishni rejalashtirganini gapirmoqda.

Mitino aholisi masjidga qarshi


Chorshanba kuni kechki payt Rossiya poytaxti Mitino tumanining bir yarim mingdan ortiq fuqarosi “Mitinodagi masjidga yo‘q deymiz!” shiori ostida norozilik aktsiyasini uyushtirdi.

Soat 19:30 larda boshlangan mitingda tashkilotchilar masjid qurilishiga qarshi murojaatnoma ostiga imzolar yig‘di.




Norozilik namoyishi ishtirokchilari bilan uchrashgan Mitino tuman deputatlaridan biri Vladimir Demidko Ozodlik bilan suhbatda fuqarolar masjid qurilishi ortidan Mitinoda transport, epidemiologiya muammolari yuzaga kelishi va kriminal vaziyat izdan chiqishidan xavotir bildirganini aytadi.

- Bu yerda istiqomat qiluvchilar masjid qurilishi rejalaridan norozi ekani va nima uchun ularni bundan xabardor qilishmagani, ularning fikrlarini birov tinglamaganidan norozi ekanliklarini bildirishdi. Aytish joyizki, haqiqatan bu yangilik 2 hafta oldin paydo bo‘lganiga qaramasdan mahalliy hukumat tomonidan biror rasmiy tushuntirish berilmagan va natijada turli mish-mishlar tarqala boshladi. Kecha biz deputatlar va hokimiyat vakillari odamlar bilan uchrashib vaziyatni biroz oydinlashtirdik, tushuntirish ishlarini olib bordik, deydi deputat Vladimir Demidko.

Ayni paytda, turli forum va ijtimoiy tarmoqlarda moskvaliklar shahar hokimiyatining masjid qurishga ruxsat berganini qoralab, turli jamoatchilik guruhlarini tuzmoqda.

Namoyishchilarni yig‘ilishlarini boshqarib borayotgan “Vkontakte” ijtimoiy tarmog‘idagi “Mitinodagi masjidga qarshi” deb nomlangan ijtimoiy guruhda 19 sentyabrdagi miting natijalari yuzasidan “Hurmatli mitinoliklar! Kechagi yig‘ilishimiz masjid qurilishi masshtabigagina ta‘sir etgan, ko‘rinadi. Endilikda u “Mokvaning eng kichik masjidi” degan nom olibdi. Agarda prefektura o‘z qarorini o‘zgartirmasa, biz yana yig‘ilishimizga to‘g‘ri keladi”, deb xulosa chiqarildi.

Mitingda so‘zga chiqqanlardan biri qurilish fundamentiga so‘yilgan cho‘chqaning kallasini tashlab qo‘yish va bu joyni cho‘chqaning qonini oqizib chiqish kabi keskinroq choralarni qo‘llashni taklif etdi.

Demidkoning fikricha, Rossiya qonunchiligidagi yangi o‘zgartishlarga binoan mahalliy deputatlar Kengashi ruxsati berilmasa, hech qanday masjid qurilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. U deputatlar ko‘pchilikning fikrini inobatga olishga majbur ekani va agarda Mitino tumani aholisi deputatlarga yozma tarzda murojaat qilsa, albatta ularning fikrlari asosida qaror chiqarilishini ma‘lum qildi.

Mitino tumani deputati Vladimir Demidko hozircha bu masala yuzasidan unga shaharning biror musulmon jamoasi vakili murojaat qilmaganini qo‘shimcha qildi.

“Agarda Mitinoda musulmonlar jamoasi masjid qurilishini yoqlab xuddi shunday xat bilan murojaat qilishsa, ularning ham fikrlari inobatga olinishi so‘zsiz”, deya davom etadi deputat.

- Agarda Mitinoda ko‘plab musulmonlar yashayotgan bo‘lsa, menimcha ular o‘z fikrlarini bildirishga haqli. Ular Rossiya fuqarolari sifatida o‘z argumentlarini keltirib murojaat qilishlari mumkin. Lekin hamma gap shundaki Mitino hokimiyatiga bu qurilish loyihasi yuzasidan biror hujjat kelib tushmagan. Ya‘ni bu shunchaki reja, qurilish boshlangani ham yo‘q, deydi miting ishtirokchilari bilan suhbatlashgan Mitino tuman deputatlar Kengashi a‘zosi Vladimir Demidko Ozodlikka.

"Har bir tumanga - bittadan masjid!"


Ma‘lum bo‘lishicha, Moskva shahar Qurilish komissiyasi Rossiya Musulmonlar tashkilotlari birlashgan Islom markaziga Barishixa ko‘chasidagi 0,35 gektar yerga masjid va gumanitar markaz qurilishiga ruxsat bergan. Lekin imoratning balandligi 35 metr yoki 13 qavatli binodan baland bo‘lmasligi alohida ta‘kidlangan.


Joriy yilning avgustida Rossiya Muftiylar Kengashi Moskvaning har bir tumanida bittadan masjid qurish taklifi bilan Moskva hukumatiga murojaat qilgan va go‘yo ruxsat olgan.

Rossiya Muftiylar kengashi raisi muovini Rushan hazrat Abbosov bu masala yuzasidan o‘z fikrini bildirib, Moskvada mavjud 4 masjid poytaxtda doimiy yashayotgan 2 milliondan ziyod musulmonlar ehtiyojini qondira olmayotganini aytadi.

- Biz musulmonlar ham o‘zimizga poytaxtimizda kamida 10 ta masjid qurilishini rejalashtirib qo‘ydik. Rejamizga muvofiq masjidlarga ehtiyoj har bir okrugda mavjud. Bu masala yuzasidan Moskva hukumati bilan hozirda kelishuv mavjud va bizga shaharning turli joylaridan maydonlar taklif qilindi: Mitinoda, Marino va Lyublinoda joylashgan Janubi-Sharqiy okrugda hamda boshqa tuman va okruglarda, deydi Rossiya Muftiylar kengashi raisi muovini Rushan hazrat Abbosov.

Mitinodagi vaziyat Rossiyaning turli millatchi-taqirbosh to‘dalari diqqatini ham o‘ziga tortmoqda. “Russkiye” harakati rahbari Aleksandr Belov-Potkin bergan intervyularidan birida Mitinodagi vaziyat ustidan nazorat qilib borayotganini ta‘kidladi.

Ruxsat etilmagan namoyishga zudlik bilan kelgan yuzlab politsiya xodimlari kechki soat 21:00 larda mitinoliklarni tarqashga chaqirdi. Lekin yig‘ilganlar orasida ochiqdan-ochiq millatchilik, fashistik chaqiriqlar hitob qilgan to‘rt nafar shaxs hibsga olindi.

Deputat Demidko bu shaxslar Mitinodan emasligi, allaqanday millatchilar tashkilotidan o‘z maqsadlarida foydalanishga uringanliklarini ma‘lum qildi.

2010 yilning 11 sentyabrida Moskvaning janubi-sharqida joylashgan “Tekstilshchiki” tumanida masjid qurish rejalariga mahalliy aholi qarshilik ko‘rsatgani va bu qurilish boshlanmasdan to‘xtab qolgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yilning 28 noyabr kuni Moskvada shaharning Tekstilshchiki mavzesida masjid qurilishiga qarshi mahalliy jamoatchilik guruhlari vakillarining avtomobillarda yurishi ham o‘tkazilgan edi.
XS
SM
MD
LG