Линклар

Moskvaning "Spartak" futbol klubi "Kamp Nou"da bir vaqtlar Qozonning "Rubin" jamoasi qayd etgan sensatsiyani qaytalashi mumkin edi. Biroq ... 19 sentabr kuni Chempionlar ligasi birinchi tur o'yinlari doirasida o'tgan uchrashuv 3:2 hisobi bilan "Barselona" jamoasi foydasiga yakunlandi.

"Barsa" hujumchisi Kristian Telyo tarafidan 14-daqiqada kiritilgan gol "Spartak" jamoasi ustidan o'qilgan hukmdek sezildi. Hisob 1:0.

Biroq moskvaliklar himoya bilan birga hujum qilishni ham unutishmadi. Natijada 29-daqiqada "Spartak" hujumchilari Dani Alvesni avtogolga mualliflik qilishga majbur qilishdi. Hisob 1:1.

"Spartak" yarim himoyachisi Romuloning 59-daqiqada kiritgan goli esa "Barsa" o'yinchilarini shoshtirib qo'ydi. Hisob 1:2.

Shundan so'ng o'z uyida g'alabani boy berishni istamagan kataloniyaliklar hujumga tez-tez o'ta boshlashdi.

O'yin birinchi yarmida maydonda nisbatan sust harakat qilgan Lionel Messi 75-daqiqada hisobni 2:2 ga yetkazdi.

To'pni asosan oyoqlari bilan yaxshi o'ynaydigan va past bo'yi tufayli "ikkinchi qavatda" o'zi kam ko'rsata oladigan Messi 80-daqiqada boshi bilan bergan zarba uni dubl muallifiga aylantirdi. Hisob 3:2.

"Barselona" - "Spartak Moskva" 3:2



"Spartak" ustidan qozongan g'alabasidan so'ng "Barselona" uch ochko bilan Chempionlar ligasi "G" guruhida birinchi o'ringa chiqib oldi. 1:1 hisobida durang o'ynagan "Seltic" va "Benfika"lar esa bir ochkoda guruhning ikkinchi va uchinchi o'rinlaridan joy olishdi. Hozircha ochkosiz Moskvaning "Spartak" klubi esa to'rtinchi o'rinda.
XS
SM
MD
LG