Линклар

logo-print

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Tergov departamenti MTS kompaniyasining O‘zbekiston bozoridan siqib chiqarilgani munosabati bilan jinoiy ish qo‘zg‘adi. Ba‘zi ma‘lumotlarga ko‘ra, tergov materiallarida "O‘zdunorobita" shirkatining yopilishi ortida uning raqobatchilari qo‘li borligi taxmin qilinmoqda.

Rossiya Federatsiyasi IIV Tergov departamenti favqulodda holatlarda qo‘llaniladigan Rossiya Jinoyat Kodeksining 178-moddasi 2-qismi (“Raqobatga yo‘l qo‘ymaslik, cheklash yoki uni bartaraf qilish”) asosida "MTS-O‘zbekiston" shirkatining O‘zbekistondan siqib chiqarilgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti matbuot kotibi Anjela Kastuyeva Ozodlik muxbiriga MTS kompaniyasining O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxonasi "O‘zdunrobita"ning mamlakatdan siqib chiqarilgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini tasdiqladi, lekin tergov tafsilotlarini hozircha ochiqlay olmasligini ta‘kidladi.

- Sizga faqat bunday jinoiy ish haqiqatan qo‘zg‘atilganligini tasdiqlashim mumkin, xolos. Afsuski, bundan ortiq ma‘lumot bera olmayman, chunki Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksiga muvofiq jinoiy ishlar to‘g‘risida ma‘lumot tarqatilishi keskin cheklangan. Qolgan savollar bilan Ichki ishlar vazirligiga murojaat qiling, deya maslahat berdi Tergov departamenti rasmiysi Anjela Kastuyeva.

Ozodlik Rossiya politsiyasi Tergov departamenti aynan kimni yoki qaysi tuzilmani jinoiy javobgarlikka tortganini aniqlash maqsadida Rossiya Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi. Biroq, IIV matbuot markazi rahbari Marina Molokova ham tergov manfaatlarini himoya qilish maqsadida bu ish tafsilotlari hozircha sir saqlanayotganini aytdi.

Biroq vazirlikning shaxsi sir qolishini istagan boshqa xodimining Ozodlikka aytishicha, jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga MTS rahbariyatining Rossiya Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi hamda Federal monopoliyaga qarshi xizmat idoralariga murojaat qilgani sabab bo‘lgan. U shuningdek, taxmin qilinayotgan jinoyatlar Rossiya tashqarisida sodir bo‘lgani inobatga olinib, jinoiy ish Rossiya Jinoyat Kodeksining 12-moddasi 3-qismi (“Rossiya Federatsiyasidan tashqarida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy qonunning amal qilishi”) asosida qo‘zg‘atilganini aytdi.

Mazkur qonunga ko‘ra, agar xorijdagi shaxslar Rossiya manfaatlariga qarshi jinoyat sodir etgan bo‘lsa, mamlakatda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

"Kommersant‘" gazetasining Rossiya Ichki ishlar vazirligidagi manbalariga tayangan holda yozishicha, mazkur jinoiy ish Rossiya Jinoyat kodeksining 178-moddasi ya‘ni “Raqobatga yo‘l qo‘ymaslik, cheklash yoki uni bartaraf qilish” moddasi bo‘yicha ochilgan.

“MTSning O‘zbekistondagi raqobatchilari o‘z ma‘muriy resurslaridan foydalangan holda 9 milliondan ortiq abonentga ega bo‘lgan MTS sho‘‘basini bozordan siqib chiqargan va nafaqat yirik telekommunikatsion shirkat, balki umaman Rossiya manfaatlariga putur yetkazgan", deya bayon qiladi "Kommersant‘" tergov materiallarini.

"Kommersant‘"ning o‘z manbalariga tayanib yozishicha, dastlabki taxminlarga ko‘ra, gap MTSning O‘zbekistondagi raqobatchilaridan UcelI va Uzmobile kompaniyalari haqida bormoqda.

MTSning Moskvadagi bosh qarorgohi rasmiy vakili Valeriya Kuzmenko mazkur xabarga bunday munosabat bildirdi.

- Men sizga faqat MTS-O‘zbekiston atrofida yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida huquq-tartibot idoralariga murojaat qilganimizni tasdiqlashim mumkin, xolos, dedi Valeriya Kuzmenko.

MTS rasmiysi O‘zbekiston hukumati bilan olib borilgan muzokaralar natija bermagani va MTSning O‘zbekistondagi mulki allaqachon musodara qilinganini qo‘shimcha qildi

MTS O‘zbekistondagi sakkiz yillik faoliyati mobaynida “O‘zdunrobita” mobil operatori faoliyatini takomillashtirish uchun 1 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘ investitsiya qilgani aytiladi.

O‘zbekistonda "O‘zdunrobita" ga qarshi tekshiruvlar joriy yilning iyun oyida boshlangan edi.

O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi 17 iyul kuni “O‘zdunrobita” mobil operatori faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan edi. 31 iyul kuni esa Toshkent shahar xo‘jalik ishlari bo‘yicha sudi “MTS-O‘zbekiston” brendi ostida ishlagan “O‘zdunrobita”ni litsenziyalaridan mahrum qilish haqida qaror chiqardi.

27 avgust kuni "O‘zdunrobita" mulozimlariga qarshi tekshiruvlar asosida to‘plangan faktlar mahkamaga oshirildi va 17 sentyabr kuni Toshkent shahar sudi “O‘zdunrobita” kompaniyasining to‘rt nafar xodimini uch yildan shartli ravishda ozodlikdan mahrum qildi.

“O‘zdunrobita” operatori faoliyatining to‘xtatilishi O‘zbekistonda millionlab abonentlarning bir muddat aloqasiz qolishiga sabab bo‘ldi. Hozirda abonentlar boshqa operatorlarga o‘tib ketgan bo‘lsa-da, mamlakat bo‘ylab uyali aloqa sifati sezilarli tarzda pasaygani kuzatilmoqda.
XS
SM
MD
LG