Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:01

To‘rtko‘lda paxtadan qochgan ikki talaba poyezd tagida qoldi


16 sentyabr kuni Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Miskin qishlog‘i hududida mahalliy kollej talabalari Masharip Siddiqov va Doston Amitov poyezd tagida qolib halok bo‘ldi. Tergov natijasida aniqlanishicha, hasharchi talabalar paxtadan qochib, poyezdda uyiga ketmoqchi bo‘lgan paytda nobud bo‘lgan.

Miskin qishlog‘idagi ikki talaba yigitning o‘limi to‘g‘risidagi voqea Ozodlikka 25 sentyabr kuni ma‘lum bo‘ldi.

Ismini oshkor qilmayotganimiz to‘rtko‘llik manbaning xabar qilishicha, Sho‘raxon kasb-xunar kollejining ikki nafar talabasi paxtadan qochib, uyiga poyezdda ketayotgan paytda mazkur voqea sodir bo‘lgan.

Manbaning aytishicha, poyezddan sakrab tushib qolmoqchi bo‘lgan hasharchi-talabalar poyezd tagida qolib, halok bo‘lgan.

- To‘rtko‘lning Miskin qishlog‘ida ikkita bolani poyezd qoqib o‘lgan. Paxtadan qochib kelayotgan bo‘lgan. Poyezdga osilib olgan. Tushmoqchi bo‘lganida poyezdning tagiga tushib ketgan. Bu voqeaning bo‘lganiga bir hafta bo‘ldi. Miskin qishlog‘i hududidan Toshkent-Qo‘ng‘irot temir yo‘li o‘tadida. Toshkent tomondan poyezd kelayotgan bo‘lgan. Poyezdga osilgan. Sakramoqchi bo‘lganida tagiga tushib ketganda. Ikkalasi ham tagiga tushib o‘lgan. Paxtada ovqat bermagan, och bo‘lganda bular. Shunga qochganda paxtadan. Sharoiti yomon bo‘lgan deyapti,- dedi to‘rtko‘llik manba.

To‘rtko‘l tuman Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi hasharchi talabalar 16 sentyabr kuni kechasi halok bo‘lgani va militsiya bo‘limiga ertalab bu haqda xabar kelganini aytdi.

Militsiya xodimining aytishicha, Sho‘raxon kollejining halok bo‘lgan talabalarining ismi-sharifi Siddiqov Masharip Abdullajonovich va Amitov Doston Umrbekovich bo‘lib, ularning ikkalasi ham 17 yoshda bo‘lgan.

Sho‘raxon kollejining ikkinchi kursida o‘qiyotgan Masharip Siddiqov bilan Doston Amitov Miskin qishlog‘ida sentyabr oyi boshidan buyon paxta terimida bo‘lgan.

To‘rtko‘l militsiya idorasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, voqea haqiqatdan ham talaba yigitlar paxtadan qochib, uyiga ketayotgan paytda sodir bo‘lgan.

Hozirda Qo‘ng‘irot temir yo‘l bekatidagi tarmoq ichki ishlar bo‘limida ikki hasharchi-talabaning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish ochilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Temir yo‘l militsiyasi xodimlari tergov ketayotgani bois voqea tafsilotlari ochiqlanmasligini aytishdi.
XS
SM
MD
LG