Линклар

logo-print

“O‘zbek imomlari” ruknining bu galgi qahramoni Abduhakim Vosiyevni o‘zbekistonlik musulmonlar "marg‘ilonlik ulug‘ ustoz", deya xotirlaydilar.

Abdulhakim Vosiyev bir asrlik umri davomida imomlik bilan shug‘ullanmagan, ammo sobiq sovet davrida Farg‘ona vodiysida yetishib chiqqan qariyb barcha ilm ahliga saboq bergan ustozlardan biridir.

Shuningdek, u O‘zbekistondagi musulmonlarning 1980-90 yillar oralig‘idagi hayotida o‘ziga yarasha muhim rol o‘ynagan va ba‘zi muhim voqealar markazida bo‘lgan.

Paxta zavodida o‘tgan bolalik


Abduhakim qori Vosiyevning tug‘ilgan yili u kishining hujjatida 1897 yil, deb qayd etilgan.

Ammo u kishining o‘g‘li Abdusalom Vosiyevga ko‘ra, qori ota tug‘ilgan yilini 1904 yoki 1905 yil, deb xotirlagan.

- Hujjat bo‘yicha 1900 yildan oldinroq tug‘ilganlar. 1897 yil, deb dokumentida yozilgan. O‘zlari 1904 yoki 1905 taxminan, derdilar, deydi Abdusalom Vosiyev.

Abdulhakim qori ota ajdolari tadbirkor o‘tgan mahalliy boylardan birining oilasida tug‘ilgan.

Qori otaning Vosijon, deb tanilgan otasi 1900 yillar boshidan 1920 yillarga qadar Marg‘ilon shahrida xususiy paxta zavodini yurgizgan.

Bot-bot otasining ortidan paxta zavodiga borib yurgan Abduhakim qori diniy ilmni, dastlab, bobosidan olgan. Keyin esa Marg‘ilonda tanilgan ahli ilmlarga qatnagan.

- Asosiy ustozlari marg‘ilonlik Xolmuhammad qori, degan odam bo‘lganlar. U kishi 1938 yilning oxirida olamdan o‘tib ketganlar. Keyin turli xil ustozlarga borganlar. Ilmiy darajalari unaqa juda baland bo‘lmagan, lekin bor ilmlarini o‘zimizning xalqimizga, elimizga yetkazishga harakat qilganlar qo‘ldan kelganicha.

Arab tilida Qur‘on, hadislarni tarjima qilishga yaraganlar. Bu o‘sha payt uchun nisbatan katta ilm edi, lekin mana hozir mustaqillikdan keyin ulamolarimiz ko‘payishib, juda ham ilm kengayib ketdi.

O‘zlarining zamonlarida vodiyda dadam qatorida ulamolar kam bo‘lishgani uchun menimcha ulamolarga e‘tibor kattaroq qaratilgan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Dadamizning ilmlarini olgan odamlar Hindistoniy domlaga borishardi.

Amallari so‘ralganda “Xudoning menga fazli karami keng edi”, deb qo‘yardilar xolos. Men falon qilganman, piston qilganman, demasdilar. Haqiqatan unaqa Hindistoniy domlaga o‘xshagan yoki bo‘lmasa Alixonto‘ra Sog‘uniyga o‘xshagan, mana Ziyovuddinxon Eshon Boboxon hazratlari o‘tganlar, unaqa ilmlari bo‘lmagan, deydi Abdusalom Vosiyev.

Abduhakim qori Vosiyevning asl maqsadi o‘zida bor ilmni imkon qadar ko‘proq odamga yetkazish bo‘lgan.

Abdusalom akaning o‘zi ham hozirda O‘zbekiston Musumlonlari idorasi qoshidagi madrasalardan birida arab tilidan dars beradi.

U kishining so‘zlariga ko‘ra, otasida tahsil olgan talabalar savodi, asosan, Qur‘on va hadislarni arab tilida o‘qish hamda mazmunini tushunish darajasiga qadar ko‘tarilgan.

Keyin esa bu yo‘lni davom ettirishni istaganlar yanada kattaroq olimlarga qatnagan. Davom ettirmaganlar ham umri davomida asqotadigan darajadagi ilmga ega bo‘lib qolishgan.

Buni ta‘kidlagan Abdusalom aka ayni shu maqsad u kishini butun umri davomida harakatlantirgani va shuning ortidan u kishining hayoti o‘ziga yarasha qiyinchiliklar va sinovlardan iborat bo‘lganini xotirlaydi.

Qatag‘on zoriqtirgan bir burda non


Avvaliga 1933-37 yillardagi qatag‘onlar, keyin esa Ikkinchi jahon urushi va undan keyin yana sobiq sovet davri chig‘iriqlariga bir-bir uchragan Abduhakim qori Vosiyev 40 yoshdan oshganida oila qurgan.

U kishining 5 farzandi – to‘rt o‘g‘il va bir qizi bo‘lgan. Abdusalom Vosiyev dunyoga kelgan 1958 yillarda ota 55 yoshni qoralagan edi.

Shu bois ham Abdusalom aka Abduhakim qori otaning hayotidagi pastu-balandlar, xususan sobiq sovet hukumati maxsus xizmatlarining tazyiqlariga bevosita guvoh bo‘lmaganini aytadi.

- Endi ta‘qiblar bo‘lgan, juda oshkora bo‘lmasada. Oddiy mana hozirgiga o‘xshagan madrasalar ochib qo‘yilgan bo‘lganda bunaqa ishga majbur bo‘linmas edi. U paytda shunaqalar yo‘q bo‘lganligidan maxfiy ravishda o‘qilgan, o‘qitilgan.

O‘sha paytda KGB nimaligini bilmas edik. Ehtiyot choralari, falon ekan, piston ekan, degan gaplarni eshitgan bo‘lsak ham alohida uyimizga KGBdan odam kelib o‘sha paytda dadamizga ta‘qib qilib: “Nima qilayapsiz”, deganini sezmaganmiz, bilmaganmiz.

Chaqirtirib masalan: “Shu ishni qilmang. Qilarkansiz” desa, “Yo‘q, bilmay qilib qo‘yibman” deganga o‘xshagan tilxatlar yozib, endi qilmayman deb so‘z berib chiqib, qutulib, shunga o‘xshagan ishlar bo‘lgan. Zamonning siyosatiga qarab ish yuritilgan harqalay, deydi marg‘ilonlik ulug‘ ahli ilmlardan biri Abduhakim qori Vosiyevning o‘g‘li Abdusalom Vosiyev.

Ammo, Abduhakim qori otaning qo‘lida tahsil olgan va kishining xizmatida bo‘lgan ahli ilmlar bu ustozning og‘ir hayot yo‘li haqidagi xotirilarini hanuz yodda saqlaydi.

Ozodlikka bundan avval ham Abduhakim qori dada haqida intervьyu bergan Sodiq qori Kamolovdan tinglaymiz.

- Hakimjon qori domla og‘ir vaqtlarda, Sovet Ittifoqi atalmish imperiya davrida dinga qarshi qatag‘on yillarida, Stalin davrlarida, eng og‘ir paytlarda ham o‘qigan, bilgan ilmini talabalarga o‘rgatish, o‘qitish bilan mashg‘ul bo‘lib, bu kishini 1937 yillar atrofida Stalin repressiyasi vaqtida Ukrainaga surgun qilishgan.

Bu kishining tog‘alari, onalari birgalikda bo‘lib, o‘sha joylarda til bilmaydi, urf-odatlarini bilmaydi, hatto, shunday bir og‘ir holatlar bo‘lganki, o‘sha joylarda ish yo‘q, o‘zlari surgun bo‘lib borgan. Ukrainadagi cherkovlardan yordam so‘rashlikka, o‘sha joylarda odamlardan o‘lib qolmaslik uchun, hayot qolishlik uchun ozuqa so‘rab olishlikka ham bular majbur bo‘lganligini necha marotaba gapirib berardilar, deydi qirg‘izistonlik yirik ulamo, Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Sodiq qori Kamolov.



"Vahhobiylik" haqidagi ziddiyatu murosa


O‘tgan galgi eshittirishlarimizdan birida Mavlaviy Hindistoniy haqida suhbatlashgan edik.

O‘shanda Hindiystoniy domlaning aynan Abduhakim qori Vosiyev va u kishining o‘g‘li Abdusalom Vosiyev bilan o‘tgan muloqoti haqida gap borgan edi.

Bu ikki yirik figuraning 1980-90 yillar oralig‘ida O‘zbekiston musulmonlari boshidan o‘tgan va hanuzgacha ularning hayotida ta‘siri so‘nmayotgan ixtiloflar davridagi roli katta bo‘lgan.

Mavlaviy Hindistoniy o‘zbekistonlik musulmonlarning yagona mazhabda ibodat qilishiga tarafdor bo‘lgan va rasmiy manbalarda ta‘kidlanishicha, mintaqaga yot oqimlar, xususan, “vahhobiylik” oqimining kelishiga qarshi kurashgan ulamo sifatida xotirlanadi.

U kishi aynan Abduhakim qori Vosiyev va u kishining Abduvali qori Mirzayev kabi shogirdlarini biroz adashgan, deb baholagan edi.





Hindistoniyning Abdulhakim qori Vosiyev bilan o‘tgan bu suhbatida Abdusalom Vosiyev ham ishtirok etgan edi.

Abdusalom Vasiyev o‘sha kunlarni shunday xotirladi:

- Otam ibodatlarda Imomi A‘zam mazhablarida juda mahkam bo‘lganlar. Sal boshqacharoq ibodat qilganlarni ko‘rsalar, ochiqdan-ochiq qattiq urushib berardilar, so‘kib berardilar.

Ozodlik: Mana shu masalada Mavlaviy Hindistoniy bilan Abduhakim qori o‘rtasida bir muloqot o‘tgan ekan. Siz ham qatnashgan ekansiz. Shunda otangiz rahmatlik bilan: “Sal boshqacha ibodatlar bo‘layapti. Mana shunaqa farqlar kelayapti. Shularni yo‘qotaylik. Hammamiz bitta yo‘ldan ibodat qilaylik”, deb borgan ekansizlar-a?

- Ha, hamma bir xil bo‘lsin, Imomi A‘zam mazhabida bo‘laylik, degan masala ko‘tarilgan. Endi Hindistoniy domla hazratlari ham Hanafiy mazhabida mustahkam bo‘lganlar. Dadamizga nisbatan har xil gaplar paydo bo‘lganiga:“o‘sha gaplarni qilmaylik bitta yo‘lda bo‘lganimizdan keyin”, degan iltimos bilan borilganda.

Ozodlik: O‘sha iltimosning davomi nima bo‘lgan keyin?

- Davomi mening esimda yo‘q. Ancha yil bo‘lib ketdi. Taxminan 1986 yillarmikan bu voqea.

Ozodlik: Yig‘ilish bo‘lganmi? Marg‘ilonda yig‘ilamiz degan ekan Hindistoniy domla.

- Yig‘ilishlar bo‘lmagan o‘shandan keyin mening esimda qolishicha. Amalga oshmagan shunaqa yig‘ilish.

Ozodlik: Qori otaning qo‘lida Abduvali qori ham o‘qiganmi yoshligida?

- Shunaqa deyishadi. Hozir aniq bilmayman men.

Ozodlik: O‘shanda Mavlaviy Hindistoniy “Abduvali qori ham ozgina xato yo‘ldan ketayapti”, degan mazmunda aytgan ekanda. 1992 yilda musulmonlar yig‘ilishganku, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari hammalarini yig‘ib, sulh masalasida gapirgan edilar. O‘shanda qori ota qatnashganmilar?

- Ha, hamma qatnashgan unda. Diniy idorada yig‘ilingan. Men ham qatnashganman. Dadamning qo‘llaridan yetaklab borib, birga kirib qolganmiz. O‘sha sulhda dadam gap gapirmaganlar. Dadamning odatlari ko‘pchilik ichida gapira olmas edilar.

Ozodlik: Yoshi nechada edi o‘shanda?

- 85 dan oshgan paytlari bo‘lsa kerak.

Ozodlik: Sulhdan keyin nima bo‘ldi?

- Ancha yaxshilik bo‘ldi. Ancha yaxshi ishlar bo‘ldi Muhammad Sodiq akaning harakatlari bilan.

Ozodlik: O‘shanda u kishi: “Boshqacha ibodatlar qilib dushmanlarga imkon bermaylik. Bundan din dushmanlari unumli foydalanishi mumkin”, degan gapni aytgan edilar. O‘sha vaqtdan keyin "vahhobiylik", degan atama ayblovga aylanib qanchadan-qancha odam qamaldi. O‘sha paytlarda "vahhobiylik", degan oqim haqiqatan bormidi yoki Shayx hazratlari aytmoqchi, vaziyatdan din dushmanlari foydalandimi?

- Shunaqa bo‘ldi. "Vahhobiylik", degan narsa dadamizga ham qarab gapirilgan o‘sha paytda. Lekin dadamiz umrlarining oxirlarigacha "vahhobiylik" deganda aytiladigan ayblar, masalan, namozda qo‘lini ko‘tarib o‘qish, jahriy omin aytish, oyog‘ini kerib namoz o‘qish kabilar dadamda umuman ko‘rinmagan. Dadamning o‘g‘illari, nevaralari bo‘ladimi hech qaysinisida bu narsa davom etmagan. Ko‘rinmaydi u narsa bizda, deydi marg‘ilonlik ulug‘ ahli ilmlardan biri Abduhakim qori Vosiyevning o‘g‘li Abdusalom Vosiyev.

Bu kishining so‘zlariga ko‘ra, Abduhakim Vosiyev umrining oxiriga qadar farzandlari, yaqinlari, shogirdlari va ziyoratiga kelgan musulmonlarni ixtilofdan qochish, ittifoqli bo‘lishga chorlab kelgan.



Chegachilik


O‘zida bor ilmni imkon qadar ko‘proq ilmu tolibga yetkazishni hayotidagi asosiy maqsad, deb bilgan Abduhakim qori ota bir umr hunarmandlik qilib o‘tgan.

U kishining asl hunari chegachilik bo‘lgan. Abdusalom akaning xotirlashicha, ba‘zi kunlari qori ota bozordagi do‘konida ishlagan.

Boshqa kunlarda esa bo‘ylari uzun, baquvvat qori ota yelkasiga bir xaltani osib, mahallama-mahalla yurgan va aholining chinni buyumlarini chegalagan.

Aholi orasida yurar ekan, o‘z harakati, hunari bilan halol tirikchilik, halol turmush tarziga bir namuna bergan qori ota odamlarni diniy ilmga ham targ‘ib qilgani xotirlanadi.

Ammo, Abduhakim qori otaning hunari o‘zi bilan ketgan.

- Choynak chegalardilar. Kasblari shunaqa edi. Choynak-piyolalarning uchgan, singan joylarini to‘g‘irlaydiganlarni chegachi, deyishardi. Ustaxona ham bo‘lgan. Mahallalarda odamlar choynagini olib chiqib bersa, salqinda o‘tirib yamab ketavergan vaqtlari bo‘lgan. Halol tirikchilik bo‘lgan. Birovdan kamchiligimiz bo‘lmagan. Doim qornimiz to‘q bo‘lgan. Katta bo‘lganimizda ham asbob-uskunalarni ko‘rib yurdik, lekin qila olmadik, deydi Abdusalom aka.

Farzandlar orasida din ilmidan saboq berish yo‘lini faqatgina 54 ga kirgan Abdusalom Vosiyev davom ettirmoqda.

- Men o‘zim hozir madrasada boshlang‘ich sinflarga dars beraman. Ilmdan ozgina olganmiz dadamdan. Harqalay dadamizning yo‘llaridamiz Xudoga shukur, deydi Abdusalom Vosiyev.

So‘nggi nafasga qadar o‘qilgan tahajjud namozi


Abduhakim qori ota 2011 yilning 7 martida – bir asrlik umrni yashab, olamdan o‘tdilar.

Abdusalom aka u kishining so‘nggi kunlarini shunday xotirlaydi:

- Umrlarining oxirida endi bir joyda yotib qolganlar. Bitta oyoqlari gangrena bo‘lib ketib, yara bo‘lib ketib kesilgan. Shunday bo‘lsa ham Qur‘on o‘qish, kitob ko‘rish masalalarida juda g‘ayratli bo‘lganlar. To‘xtamasdan Qur‘on o‘qirdilar. Umrlarining oxirgi kunlarigacha desak ham adashmaymiz.

Kechasi turib tahajjud namozi o‘qishlari umrlarining oxirigacha davom etgan. Uyg‘onib navbat bilan qarardik aka-ukalar. Kechasi uyg‘otardi: “Turinglar, tahorat qildirib qo‘yinglar, ibodatimga yordam berib yuboringlar”, deb yalinganday muomala qilardilar, bizning uyqumizni buzganlariga hijolat bo‘lgandek.

Qo‘limizdan kelganicha xizmatlarini qilib o‘g‘illar, nevaralar, ibodatlariga yordam berib, tahoratlarini qildirib qo‘yib, ko‘tarib o‘tkazib orqalariga yostiq suyab qo‘yardik. Doimiy nasihatlari ixtilof chiqarmaslik, kattalarga itoatda bo‘lish, shu to‘g‘rida ko‘p gapirardilar. Ko‘p yoshlar kelib qolsa: “Ehtiyot bo‘linglar. Ixtilof yomon narsa”, deb nasihat qilardilar.

Ozodlik: Odamlar turli masalalarga yechim so‘rab ham kelarmidi?

- Nikoh, taloq masalasida ko‘proq kelinardi. Kasallar “Dam solib qo‘ying. Sizning bir marta kuf deganingiz yetadi, sizni qiynamaymiz”, deb kelishardi. Asosan shunaqa bo‘lardi, deya o‘z otasi Abdulhakim qori Vosiyevni xotirlaydi Abdusalom Vosiyev.

Shu bois ham katta yoshdagi marg‘ilonliklar orasida Abdulhakim qori Vosiyevni "qori dada", deb xotirlaydiganlar ko‘pchilik.

O‘zbek imomlari haqida Ozodlikka bildiring


Biz o‘zbekistonlik musulmonlarga ilm bergan va ularning hayotida chuqur iz qoldirgan ahli ilmlar haqida imkonimiz qadar xotirlashga harakat qilyapmiz.

Tinglovchilarimizdan bu ma‘lumotlarga qo‘shimcha qilish zarur bo‘lgan ma‘lumotlari bo‘lsa hamda buni Ozodlik tinglovchilariga bildirish istagi bo‘lsa, bizga murojaat qilishlarini iltimos qilar edik.

"O‘zbek imomlari" turkumidan boshlaganimiz yangi loyiha biroz mushkulligi, ayrim ma‘lumotlar nodirligini inobatga olgan holda sizning yordamingizga umid qilamiz.

Marhamat, bizga maktub yozing: ozodlikmail@gmail.com, isakovab@rferl.org

bizga qo‘ng‘iroq qiling: +420 221 123 437, +420 608 549 460(mob)
XS
SM
MD
LG