Линклар

Keyingi bir oy ichida O‘zbekiston valyuta qora bozorida AQSh dollari qiymati ancha arzonladi. Bozorda valyutafurushlik qiladigan va tadbirkorligi AQSh dollari bilan bog‘liq savdogarlar bir ovozdan qattiq valyuta arzonlagani sababi O‘zbekistonda GM Uzbekistan mashinalari so‘mga sotila boshlaganidir, demoqda.

Ba‘zi tahlilchilar esa, bu muayyan guruhlar tomonidan olib borlayotgan afyora, demoqda. O‘zbekiston bank sohasida ishlaydigan iqtisodchi esa, Ozodlik bilan suhbatda, AQSh dollari kursining tushishi ob‘ektiv sabablar bilan bog‘liq, degnan fikrni bildirdi.

O‘zbekiston valyuta qora bozorida AQSh dollari narxi avgust oyi o‘rtalarigacha 2850 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, keyingi bir oy davomida 2650 so‘m darajasida saqlanib turibdi. Jahon valyutasining 200 so‘mga pasayib ketishiga ko‘pchilikning fikricha, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan GM Uzbekistan avtomobillari AQSh dollari emas, mahalliy valyutaga sotila boshlagani sabab bo‘lgan.

Farg‘onadagi qora bozorda valyutafurushlik qiladigan yigitlardan birining ovozi yozib olinmasligi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, bir oydan beri dollar oladiganlardan sotadiganlar ko‘proq bo‘lgani bois, “qora-bozorchilar” daromadi ham kamaygan. Lekin, deya ogohlantiradi u, “bu kimningdir o‘yini bo‘lishi kerak va dollar yana kutilmaganda, bir-ikki soat ichida, ko‘tarilib ketishi hech gap emas”.

AQSh dollarining “qora” kursi maxsus pasaytirilmoqda, bu muayan moliyaviy guruhlarning “afyorasi”, degan taxminni “Uzmetronom” Internet nashri ham ilgari surmoqda.

Nashr chop qilgan “Bir afyora texnologiyasi” nomli maqolada yozilishicha, go‘yo mashinalarni so‘mga sotish qarori mahsus qattiq valyuta narxini tushirish va aholidan shu yo‘l bilan naqd pulni yig‘ishtirib olish uchun qabul qilingan. Maqola muallifi ham, yaqin orada, oktyabr oyi o‘rtalarida AQSh dollari narxi yana 3000 so‘mga yaqinlashishini bashorat qiladi.

Biroq O‘zbekiston bank sohasini yaqindan biladigan iqtisodchi Orif Xoshimov AQSh dollari narxining tushishi afyora natijasi, degan fikrga qo‘shilmaydi. Uning fikricha, bunga qator ob‘ektiv omillar, jumladan, mashinalarning so‘mga sotila boshlagani sabab bo‘lgan.

- Men afyora demagan bo‘lardim. Sababiki, afyora bo‘lganda qisqa muddatli, 3-5 kunlik, bir haftalik davom etgan jarayon bo‘lardi. Agar kuzatayotgan bo‘lsangiz, 15-20-avgustlardan beri bir oydan ortiqroq vaqt o‘tdi. Valyuta kursining parallel bozordagi qiymati borgan sari pasayib boryapti. Bu yerda sabab bittamasda. Birinchisi, muomaladagi naqd pul massasining tobora qisqarib borayotganligi. Hozir hattoki Toshkent shahrida ham pensionerlarning anchagina qismi o‘zining pensiyalarini, nafaqalarini plastik kartochka orqali berish tizimiga o‘tildi. Talabalar o‘zlarining stipendiyalarini plastik kartochka orqali olayapti. Ya‘ni, muomaladagi naqd pul massasi oydan oyga borgan sari qisqarib borayapti. Bu birinchi faktor.

Qancha ko‘p naqd pul bo‘lsa, shunchalik dollarning kursi yuqoriroq bo‘lardi. Muomalada qancha kam naqd pul bo‘lsa, parallel bozorda dollarning kursi shuncha past bo‘ladi.

Ikkinchi sabab, yirik shaharlardagi tijorat banklaridagi pul massasini qishloq, tumanlarga qarab yo‘naltirilayotgani bo‘layapti. Hozir paxta mavsumi munosabati bilan yirik shaharlarda asosiy savdo tushumi, asosiy naqd pul tushumi shaharlardagi tijorat banklari tushumining asiosiy qismi podkrepleniye uchun qishloq tumanlariga yuborilgan. O‘z o‘zidan tadbirkorlikni asosiy tashkil qiladigan shaharlardagi naqd pul massasini yana ham qisqartirayapti. Bu ham o‘z o‘zidan naqd pul massasining kamayishiga va o‘z o‘zidan dollar kursining pasayishiga sababchi bo‘layapti, deydi iqtisodchi.

Bundan tashqari yana bir sababi, deydi iqtisodchi, keyingi bir-ikki oy ichida davlat tomonidan jarimaga tortilgan tadbirkorlik sub‘ektlari soni keskin ko‘paygan va jarimani so‘mda to‘lashi kerak bo‘lgan tadbirkorlar katta miqdordagi valyutani bozorga tashlashga majbur bo‘lgan.

- Men o‘zim bilganim uchun, shu sxemada bo‘lganim uchun keyingi avgust-sentyabr oyida yetkazilgan zarar summasini qoplash uchun bank nimaga kirib kelayotgan pul mablag‘larini hisob-kitob qilib turib shundan chamalab aytayapmanda,.

O‘rtacha har oyda to‘lanayotgan jarima summalaridan uch-to‘rt barobar yuqoriroq miqdorni tashkil qiladida. Bu degani albatta hech qaysi tadbirkor, hech qaysi mulk egasi o‘zining yiqqan mablag‘ini so‘mda saqlamaydi. Uni qaysidir ko‘rinishda valyuta mablag‘ida saqlagan bo‘ladi. Davlat oldidagi majburiyatini u albatta so‘mda qoplashi kerak.

Bu omillarning hammasi bir vaqtga to‘g‘ri kelib qolgani bois qora bozorda valyutaning arzonalshganini ko‘rib turibmiz, deydi Orif Xoshimov.

Iqtisodchining aytishicha, keyingi bir-ikki yil davomida O‘zbekistondagi tijorat banklari xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarga 2000 AQSh dollari miqdoridagi pulni davlat kursida ayirboshlash imkoni berilayotgani ham qora bozordagi ob-havoga ta‘sir qilgan.

Kelasi oy o‘rtalarigacha qora bozor kursi 3000 so‘mga yaqinlashishi mumkinligiga oid bashoratlarga kelsak, deydi iqtisodchi Orif Xoshimov, qisqa muddatda bunday prognoz amalga oshishiga asos yo‘q.

- Men jiddiy ko‘tariladi deb aytmagan bo‘lardim. Ko‘tarilish bo‘lishi mumkin, lekin to avgust oyidagiday yuqori ko‘rsatkich darajasiga ya‘ni 2850-2900 darajasiga qaytib chiqadi paxta mavsumi tugagandan keyin degan gapni aytmagan bo‘lardim. Chunki buning uchun asos yo‘q. Yana bir tarafini ham inobatga oling. Markaziy bank tarafidan belgilangan kurs asosida valyuta ayriboshlash shoxobchalari orqali har hafta yangilanib borayotgan kurs ham borgan sari bozor kursiga yaqinlashib borayapti yuqori tezlikda. Agar e‘tibor bergan bo‘lsangiz, oldingi oylarda dollarning rasmiy kursi har haftada 2,5-3 so‘mga yuqorilardi. E‘tibor berayotgan bo‘lsangiz, keyingi ikki oyda 4-4,5 so‘mga yuqorilayapti har haftadagi dollar kursi. Agar shu temp davom etadigan bo‘lsa, 31-dekabr holatiga so‘mning AQSh dollariga nisbatan Markaziy bank kursi 2000 so‘m, valyuta ayriboshlash shoxobchalarida 2050-2100 so‘m deb baholanishi mumkin, deydi o‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchi Orif Xoshimov.

O‘zbekiston Markaziy banki joriy hafta uchun o‘rnatgan kurs bo‘yicha 1 AQSh dollari 1938 so‘mga teng. Payshanba kuni Toshkentdagi bozorlarda 1 AQSh dollari o‘rtacha 2680 so‘mdan sotildi.
XS
SM
MD
LG