Линклар

Afg‘onistonda NATOning bir askari va shartnoma asosida ishlayotgan mahalliy fuqaro Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari a‘zosi ekani aytilayotgan shaxs tomonidan otib o‘ldirildi. Bu bilan Afg‘onistondagi 11 yillik urushda halok bo‘lgan amerikalik harbiylari soni 2000 kishiga yetdi.

AQSh rasmiylari Afg‘oniston sharqidagi Vardak viloyatida amerikalik askar shanba kuni kechqurun otib o‘ldirilganini tasdiqladi.

Yakshanba kuni ertalab NATO yetakchiligidagi Xalqaro kuchlar voqeada NATO askari va shartnoma asosida ishlayotgan mahalliy fuqaro otib o‘ldirilgani, shuningdek, Afg‘oniston armiyasi ham talafot ko‘rganini bildirdi. Xalqaro kuchlar voqea tafsiloti haqda boshqa ma‘lumot tarqatmadi.

Vardak viloyati ma‘muriyati matbuot kotibi Shahidulla Shahid otishma “anglashilmovchilik” oqibatida ro‘y bergani taxmin qilinayotganini aytdi.

- (Maydon Vardak viloyatining) Saidobod tumanida Xalqaro kuchlar bilan Afg‘oniston milliy armiyasi askarlari o‘rtasidagi anglashilmovchilik sababli otishma ro‘y bergan. Talafotlar bor. Tushunmovchilikka o‘t ochilgani sabab bo‘lgan. Qancha talafot ko‘rilgani hozircha aniq emas. Ikki tomon voqea yuzasidan tekshiruv olib bormoqda, dedi Maydon Vardan viloyati ma‘muriyati matbuot kotibi.

Shahidulla Shahid otishma Sayidobod tumanidagi AQSh-Afg‘oniston harbiy bazasi yaqinida joylashgan Afg‘on armiyasiga tegishli postda sodir bo‘lganini aytdi.

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, otishmada Afg‘on armiyasining ikki askari ham nobud bo‘lgan.

G‘arb axborot agentliklari xabariga ko‘ra, joriy yil boshidan beri Afg‘oniston xavfsizlik tuzilmalari a‘zolari g‘arblik hamkasblariga o‘q uzgani oqibatida NATOning 52 harbiysi halok bo‘lgan.

Shunday hujumlar soni keskin ko‘payganidan bois ikki hafta oldin Xalqaro kuchlar afg‘onistonlik hamkorlari bilan qo‘shma amaliyotlar o‘tkazishni cheklab qo‘ygan edi.

Biroq AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta payshanba kuni NATO yetakchiligidagi aksar qo‘shinlar Afg‘oniston kuchlari bilan birga amaliyotlar o‘tkazishni qayta boshlaganini e‘lon qildi.

Afg‘onistondagi NATO kuchlari qo‘mondoni, AQSh armiyasi generali Jon Allen CBS televideniyesi orqali yakshanba kuni efirga berilishi rejalangan intervyusida afg‘on askarlarining g‘arblik hamkasblariga hujum qilishi o‘zini “dahshatga solgani”ni aytgan.

Tolibon harakati g‘arb harbiylariga hujumlar Afg‘oniston xavfsizlik tuzilmalari tarkibiga kirib olgan toliblarga hayrixoh kishilar tomonidan amalga oshirilganini iddao qilib keladi.

NATO o‘z jangovor qo‘shinlarini 2014 yil oxirigacha Afg‘onistondan olib chiqishni rejalagan.

Biroq mazkur strategiyada xorij kuchlari olib chiqilganidan keyin xalqaro koalitsiya harbiylari afg‘onistonlik hamkasblari bilan birga ishlashni davom ettirishi va Afg‘on armiyasi askarlarini tayyorgarlikdan o‘tkazish uchun bu mamlakatda qolishi nazarda tutilgan.
XS
SM
MD
LG