Линклар

O‘zbekistonlik tadbirkor Alisher Ali Myanmar tijorat poytaxti Yangonda mamlakatning birinchi xorijiy investitsiya bankini ochdi. “Mandalay Kapital” nomli investitsiya bankini ochish uchun Alisher Ali bir million AQSh dollari yotqizdi.

Janubi-sharqiy Osiyoda joylashgan Myanmar 1989 yildan 2011 yilgacha harbiy xunta tomonidan boshqarib kelingani bois mamlakat xorij investorlari uchun yopiq bo‘lgan.

O‘tgan yil harbiylar o‘rnini yangi fuqaroviy hukumat egallab demokratik islohotlar amalga oshirala boshlanganidan keyin Myanmarga xorijiy investorlar qiziqishi orta boshladi.

Businessweek nashriga bergan intervyusida Alisher Ali “Mandalay Kapital” banki Myanmarga sarmoya yotqizmoqchi bo‘lgan xorijiy investorlar uchun ko‘prik vazifasini o‘tashini aytgan.

Assosieyted Press axborot agentligiga ko‘ra, “Mandalay Kapital” investitsiya bankini ochishda Alisher Ali Mo‘g‘iliston poytaxti Ulan Batorda 2008 yilda tashkil qilgan Yevraziya Kapital investitsiya banki tajribasidan foydalangan.

So‘nggi to‘rt yil davomida mo‘g‘ilistonlik mahalliy tadbirkorlar Yevraziya Kapital banki xizmatidan samarali foydalanib kelgan.

Agentlikka ko‘ra, AQShning Kolumbiya va Britaniyaning Oksford universitetlarida tahsil olgan Alisher Ali tashkil qilgan “Mandalay Kapital” bankining besh xodimi bo‘lib ular bir qavatli uyda ish yuritmoqda.

60 milliondan ko‘proq aholiga ega bo‘lgan Myanmar tijorat poytaxti Yangonda idoralar uchun atigi 63000 kvadrat metr joy bo‘lgani uchun ijaraga beriladigan ofislar narxi qimmatlab ketgan.

Shu bois Alisher Ali kichik ofis uchun yiliga 150 ming dollar ijara haqi to‘lashdan ko‘ra Yangonning aholi yashaydigan Oltin Vodiy mavzesidagi bir qavatli uyni ijaraga olishni afzal ko‘rgan.

Myanmarning 52 milliard dollarlik iqtisodiyotiga yotqizilayotgan investitsiyaning 99 foizi neft va gaz hamda kon sanoatiga to‘g‘ri kelmoqda.

Biroq Alisher Alining “Mandalay Kapital” banki foydali qazilmalar, axborot texnologiyalari, telekom xizmati, axborot vositalari, maorif, sog‘liqni saqlash, ko‘chmas mulk, moliyaviy xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda faoliyat yuritishini rejalamoqda.

Alisher Aliga ko‘ra, hozir u duch kelayotgan asosiy qiyinchiliklardan biri ish yuritishni biladigan mutaxassislarni izlab topish bo‘lmoqda.

AQShda yuklar transportirovkasi bilan shug‘ullanib kelayotgan o‘zbekistonlik tadbirkor Botir Ozodlik bilan suhbatda Alisher Alining Myanmarda investitsiya banki ochganidan hayratga tushmaganini aytdi.

Boisi so‘nggi 10 yil davomida ko‘plab o‘zbeklar Markaziy Osiyo, Rossiya, Yevropa, Amerika va boshqa davlatlarda o‘z biznesini tashkil qilgan.

- Biznesmenlar asosan qayerda foyda ko‘ra olsa, o‘sha yerga pulini tikishga harakat qiladi. Alisher aka ham o‘sha yerdagi muhitni o‘rganib, pul tikkandir. Chunki Myanmar yaqinda diktator tuzumdan qutilgani bilan hozir mana ko‘plab islohotlar bo‘laëtgani uchun shu narsani ko‘rib bu davlatda biznes kelajagi borligini ko‘rib pul tikkandir. Ikkinchidan, diktator davlat bo‘lgan bo‘lsa ham bank sistemasi yaxshi rivojlanmaganligini ko‘rib, sarmoyasini ozroq muddat ichida chiqaraman deb tikkandir. Chunki bank sistemasi ularda yaxshi rivojlanmagandir hali,- deydi AQShda biznes yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkor Botir.

O‘zbekistonlik iqtisod fanlari doktori Xonnazar Amonovga ko‘ra, yangi bozorlarda katta foyda orttirish imkoniyatlari mavjud bo‘lgani bois investorlar tavakkal qilib birinchilardan bo‘lib ana shunday bozorlarga kirishga harakat qiladi.

- Kapital nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, yangi bozorga kirishda katta risk asosida qaror qabul qilinadi. Chunki har doim yangi bozor ochilganda birinchi kirgan investorlar tezlik bilan bu muhitga o‘rganib boradi.

Ular bu yerda mo‘maygina daromad olishi mumkin. Yuqor risk bo‘lishiga qaramay, o‘sha yerda aql bovar qilmaydigan darajada daromad olish imkoniyatlari bo‘lishi mumkin, deydi o‘zbekistonlik iqtisodchi Xonnazar Amonov.

Myanmada 1990 va 2010 yilgi saylovlarda uy qamog‘ida saqlangan 66 yashar Nobel mukofoti laureati Aun San Su Chji 2012 yil aprelida parlamentdagi bo‘sh o‘rinlar uchun o‘tkazilgan saylovda g‘olib chiqib parlament a‘zosi bo‘ldi.

Myanma hukumati islohotlar o‘tkazayotgani bois joriy yil iyulida Yevropa Ittifoqi Myanmaiga nisbatan joriy etilgan qurol embargosidan tashqari barcha sanktsiyalarni bir yil muddatga to‘xtatdi.

12 iyul kuni AQSh prezidenti Barak Obama ham o‘z mamlakati tomonidan Myanmaga joriy etilgan sanktsiyalarni qisman bekor qildi.
XS
SM
MD
LG