Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:43

O‘zbekistonda ko‘mir ishlatish ko‘payadi


O‘zbekiston korxonalarida ko‘mir ishlatish hajmi 2020 yilga borib to‘rt barobarga ko‘payadi. Hozir korxonalar yiliga 2 million tonna ko‘mir ishlatayotgan bo‘lsa¸ 2020 yilga borib bu raqam 9 million tonnaga yetishi mumkin.

Bu ma‘lumotni Ozodlikka norasmiy tarzda bildirgan “O‘zbekko‘mir” ochiq hissadorlik jamiyati matbuot kotibi Svetlana Kimga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda issiqlik elektr stantsiyalarini (TES) ko‘mirga o‘tkazish borasida to‘rt loyiha ishlab chiqarilmoqda.

O‘zbekiston yiliga 3 million tonna ko‘mir ishlab chiqarishini hisobga olsak¸ mamlakat sanoatidagi ko‘mirga ehtiyojni qoplash uchun yana 6 million tonna ko‘mir qayerdan olinadi?

Bu savolga javob bergan “O‘zbekko‘mir” ochiq hissadorlik jamiyati matbuot kotibi Svetlana Kim O‘zbekistonda ko‘mir ishlab chiqarish yil sayin ko‘payib borayotganini bildirdi:

- Aniqlik kiritib o‘tsam¸ biz yiliga 3 million emas¸ 4 million tonna ko‘mir qazib olayapmiz. Yana ham aniqroq aytsam¸ 3 million 850 ming tonna ko‘mir yiliga qazib chiqariladi. Bu raqam oshib borayapti. Chunki ko‘mir sohasi modernizatsiya qilinmoqda. Kon va shaxtalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozladik. Masalan¸ Angren ko‘mir konida modernizatsiyadan keyin ikki baravar ko‘p ko‘mir qazilishi kutilmoqda. Bitta Angren konining o‘zi 4 milllion tonna ko‘mir beradigan bo‘ladi¸ degan Svetlana Kim suhbat mobaynida O‘zbekiston hududida aniqlangan ko‘mir zahirasini ma‘lum qildi:

- O‘zbekistonda mavjudligi aniqlangan ko‘mir zahirasi 1 milliard 832 million tonnani tashkil qiladi. Shundan 1 milliard 786 million tonnasi pista ko‘mir¸ 46 million tonnasi esa tosh ko‘mir. Bugungi kunda O‘zbekistonning uch joyida ko‘mir qazib olinmoqda - Angrenda pista ko‘mir¸ Sharg‘un va Boysunda esa toshko‘mir qazib olinmoqda. Qaytarib aytaman¸ O‘zbekistonda ko‘mir ko‘p. Bu ko‘mirdan samarali foydalanish¸ undan elektr energiyasi olish bugunning dolzarb vazifasidir¸ dedi Svetlana Kim.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekistondan qazib olingan ko‘mirning 85 foizini mamlakat elektr energiyasi sohasi tasarruf qilmoqda.


Gap ko‘pu¸ ko‘mir sifatsiz


Ayni paytda Toshkent bozorlarida Qozog‘istondan keltirilgan toshko‘mirga talab ko‘proq ekani ma‘lum bo‘ldi.

Toshkentning Chilonzor tumanida aholiga Qozog‘istondan ko‘mir yetkazib beradigan shirkat idora ochgan.

Bu shirkatning o‘zini Venera deb tanishtirgan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda¸ o‘tgan ikki yilda qishning qattiq kelishi aholi orasida ko‘mirga talabni kuchaytirganini aytadi:

- Odamlar Qozog‘istondan keltirilgan toshko‘mirga xaridor. Biz buyurtma olgandan keyin yuk poyezdida ko‘mir keltiramiz. Biz ulgurji sotamiz ko‘mirni. Boshqa shirkatlar ko‘mirni bizdan olib aholiga maydalab sotishadi.

Suhbatdoshga ko‘ra, o‘tgan yili Qozog‘istondan kelgan ko‘mir xaridorgir bo‘lgan:

- Gaz bosimi pasayishi bilan bizning ishimiz yurisha boshlaydi. Ishimiz yurishganini shundan bilingki¸ omborimiz yo‘q. Qozog‘istondan kelgan ko‘mir temir yo‘lning o‘zidan to‘g‘ri xaridorga bormoqda. Shu kunlarda ko‘mirga viloyatlardan ham buyurtmalar olyapmiz. Qizig‘i shundaki¸ shundoq yaqinida ko‘mir chiqadigan Farg‘ona vodiysi ham Qozog‘iston ko‘miri yoqishga ishtiyoqmand¸ deydi Venera.

Suhbatdosh¸ o‘z shirkati O‘zbekistonda chiqadigan ko‘mir bilan savdo qilmasligini bildirdi.

Gaz va elektr tanqisligi barobarida O‘zbekistonda toshko‘mir narxining oddiy xalq cho‘ntagiga og‘irlik qilgani kuzatildi. Ko‘mir sotadigan omborlarda "Karimovning ko‘miri" degan arzon ko‘mir sotilmoqda.

Farg‘onaliklar bu ko‘mirni sotib olib yoqa olmay xunob bo‘lganidan, istehzo bilan "Karimovning ko‘miri" deb nom qo‘yishgan.

Bu aslida ko‘mir emas, balki shunchaki bir tog‘ jinsi, deydi namanganlik iqtisodiyot fanlari nomzodi Rasuljon Abdumajidov.

- "Karimov ko‘miri" deyilishining sababi gaz yo‘q, masalan¸ Farg‘ona vodiysining hamma viloyatlari, masalan Namangan viloyati samosvallarni sotib olib, Angrendan ko‘mir tashib aholini ta‘minladi. Lekin bu ko‘mir o‘tindan xarob. Chunki o‘tinning kilo kaloriyasi 3000, ko‘mirniki 2000 bo‘lib qoldi. Bizga toshko‘mir kerak edi. Angrendan 60 million yildan keyin ko‘mir bo‘ladigan ko‘mirni olib kelib, yo issig‘i yo‘q, boshqa yo‘q o‘tiribmiz, degan edi Ozodlik bilan suhbatda Rasuljon Abdumajidov.

Abdumajidovga ko‘ra, "Karimovning ko‘miri" deb sotilayotgan matoh yonmaydi va faqat sassiq tutun chiqaradi. Bu tutun esa zaharlidir.

- Bu ko‘mir bo‘lishi uchun yana 60 million yil kerak. Jinday sassig‘i chiqadi¸ xolos, deydi Rasuljon Abdumajidov.

Gazni chetga sotib¸ ko‘mir yoqamiz


O‘zbekiston o‘zidan chiqqan gazni yildan yilga ko‘proq eksport qilmoqda.

Joriy yilning avgust oyidan boshlab O‘zbekiston Xitoyga ham gaz yetkaza boshladi.

Yil oxirigacha O‘zbekiston-Xitoy gaz quvuridan 5 milliard kub metrga yaqin gaz o‘tishi aniqlandi.

Bu quvur orqali Xitoyga yetkazilayotgan gaz hajmining yiliga 10 milliard kub metrni tashkil qilishi aytilmoqda.

Gaz quvurining uchinchi tarmog‘i ishga tushsa¸ Xitoyga sotiladigan gaz yiliga 25 millard kub metrni tashkil qiladi. Bu Rossiyaga sotilayotgan gaz hajmidan ikki barobar ko‘p deganidir.

Gaz chetga sotilishi barobarida O‘zbekiston aholisi sovuq uylarda yashashga mahkum qolmoqda.

Shu paytgacha gazdan mo‘l-ko‘l foydalanib kelayotgan aholiga ko‘mir jamlash targ‘ib qilinmoqda.

Shu yilning mart oyida “O‘zbekko‘mir” ochiq aktsiyadorlik jamiyati Xorazm va Buxoroda ko‘mir sotish markazlarini ochdi.

Gaz konlari yonida yashaydigan bu ikki viloyat shaharu qishloqlarining aksar qismi gazlashib¸ ko‘mir deyarli iste‘moldan chiqib ulgurgan edi.

Toshkent aholisiga isiq suv yetkazuvchi korxona ham bu yildan boshlab o‘chog‘ini ko‘mirga moslashtirish tavsiyasini oldi.

Bu tashkilot muhandisining mikrofonsiz suhbatiga ko‘ra¸ ko‘mir yoqib olinadigan issiq suv gaz yoqib olinadigan issiq suvdan ko‘ra qimmatga tushadi.
XS
SM
MD
LG