Линклар

logo-print
Rasmiy Moskva AQShda hibsga olingan shaxslarning Rossiya maxfiy xizmatlariga aloqasi yo‘qligini aytmoqda. Chorshanba kuni Nyu Yorkda fosh etilgan josuslar tarmog‘i harbiy maqsadlarda ishlatiladigan yuqori Rossiyaga texnologiyalarni eksport qilganlikda gumon qilinmoqda.

AQSh Adliya departamenti chorshanba kuni Rossiya harbiy va josuslik idoralari uchun AQShda ishlab chiqarilgan yuqori texnologik elektron moslamalarni qo‘lga kiritgan tarmoq fosh etilganini e‘lon qildi.

Nyu York federal prokuraturasi tarmoqning 11 ishtirokchisiga nisbatan ayblov e‘lon qildi.

Gumonlanvuchilar eksport qilgani aytilayotgan mikroelektron moslamalar harbiy radarlar, kuzatuv tizimlari va detonatorlarda ishlatilishi mumkinligi bois AQSh hukumati tomonidan nazorat qilinadi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Aleksandr Lukashevich payshanba kuni qilgan chiqishida gumonlanuvchilarga nisbatan josuslik ayblovi ilgari surilmaganini alohida qayd etdi.

- Biz AQSh tomonidan mazkur ayblovlar jinoiy tusga ega ekani va hech bir razvedka idorasiga aloqasi yo‘qligi to‘g‘risidagi izoh oldik, dedi Rossiya diplomati.

Lukashevich shuningdek, Rossiya fuqarolari hibsga olingani to‘g‘risida AQSh rasmiylari Moskvani vaqtida xabardor qilmaganidan xavotir bildirdi.

- AQSh rasmiylari Rossiya konsulligini vatandoshlarimiz hibsga olingani to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilmaganiga oid jiddiy savollarimiz bor. Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi va Xyustondagi Bosh konsulligi xodimlari hibsga olingan Rossiya fuqarolarining barchasi bilan uchrashish imkonini qidirmoqda, dedi Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

Federal prokurorlar gumonlanuvchilardan biri Qozog‘istonda tug‘ilgan Rossiya va AQSh qo‘shfuqaroligiga ega Aleksandr Fishchenko ekanini ma‘lum qildi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Texasning Xyuston shahrida elektronika ishlab chiqaruvchi Arc Electronics shirkati rahbari Fishchenko Rossiya hukumatining norasmiy agenti sifatida faoliyat olib borgan.

Prokurorlar bergan ma‘lumotga ko‘ra, Fishchenko va uning firmasida ishlagan bir necha xodim hujjatlarni qalbakilashtirib, o‘z faoliyatidan ko‘zlangan asl maqsadni yashirib kelgan.

AQSh huquq-tartibot idoralari Fishchenko va uning yetti sherigi hibsga olinganini e‘lon qildi. Rossiya matbuoti ularning shaxslarini Aleksandr Posobilov, Viktoriya Klebanova, Shavkat Abdullayev, Lyudmila Bagdikyan, Anastasiya Dyatlova, Sevinch Tagiyeva va Svetlana Zagon, deb bermoqda.

AQSh federal prokuraturasi tarmoqning yana uch ishtirochikisi Sergey Klinov, Yuriy Savin va Dmitriy Shegurovlar Rossiyada bo‘lgani bois hibsga olinmaganini ma‘lum qildi.

Hibsga olingan sakkiz gumonlanuvchi payshanba kuni Xyustondagi federal sudga olib kelinadi.

2010 yilda ham AQSh Federal tergov byurosi Rossiyaning 11 nafar josusini qo‘lga olgan. Keyinchalik ular Rossiyada josuslikda ayblanib, qamoqqa tashlangan yadroviy olim Igor Sutyaginga almashtirilgan edi.

Bu ish natijasida Rossiyada mashhur bo‘lib ketgan Anna Chapman boshchilik qilgani aytilgan josuslar tarmog‘i AQSh hukumatidagi siësiy qaror qabul qiluvchi doiralar bilan aloqa o‘rnatishga uringanlikda ayblangan edi.
XS
SM
MD
LG