Линклар

logo-print
Jizzax shahridagi San‘at kollejining 2-kursida tahsil olayotgan 18 yashar Aziz Baxtiyorov paxta terayotgan paytda¸ vrachlar iddaosicha¸ kutilmagan yurak xurujidan dalada vafot etdi.

30 sentyabr kuni sodir bo‘lgan bu haqdagi xabarni talabalar paxta terayotgan qishloqda istiqomat qiluvchi Ozodlik manbasi 5 oktyabr kuni yetkazdi:

- Bizga shu yil Jizzax San‘at kolleji bolalarini Do‘stlik tumanining Oybek jamoa xo‘jaligiga olib kelishdi. 30 sentyabr kuni kollejning Baxtiyorov Aziz degan talabasi vafot etdi. Bola paxta terayotgan paytda birdaniga yiqilib qolgan. Keyin Do‘stlikdagi shifoxonaga olib borishgan, morgda qornini yorib ekspertiza qilishgan. O‘lim sababini yurak kasali deyishyapti, deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlik manbasining aytishicha, talabalar sog‘lig‘ini nazorat qiluvchi tibbiyot hamshirasi ham voqea o‘sha yerda bo‘lgan, biroq uning qo‘lidan hech narsa kelmagan:

- Men hayronman, agar kasal bo‘lsa nega uni paxta terimiga olib kelishadi? Uning ota-onasi kelib katta janjal qilibdi. Mening o‘g‘limni hech qanday yurak kasali yo‘q, edi, bolamni sizlarga tirik topshirganman, sizlar o‘ldirdilaring, topib beringlar deb rosa qiyomat qilibdi, deydi bu manba.

Ozodlik bu voyeqani o‘rganish uchun Jizzax viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Po‘lat Boboyev bilan bog‘landi. Viloyat bosh shifokori Aziz Baxtiyorovning paxta terimida o‘lgani faktini tasdiqladi:

- Ha shunday voqea bo‘lib qoldi. Bola sud-tibbiy ekspertizasidan o‘tkazildi. Endi uning natijalari bilan kelib tanishishingiz mumkin, dedi Po‘lat Boboyev.

Ozodlik manbasining aytishicha, shu kunning o‘zida Arnasoy tumaniga kelgan hasharchilardan yana biri paxta terimida vafot etgan:

- Aziz Baxtiyorov o‘lgan kuni kechqurun Arnasoy tumaniga hasharga kelgan katta yoshdagi bir hasharchini Do‘stlik tumani markaziy shifoxonasiga olib kelishgan. U ham o‘libdi. Lekin kim ekanligini bilolmadik, deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlik hozircha rasman tasdiqlashning imkoni bo‘lmagan bu voqea tafsilotlarini o‘rganishda davom etadi.

"Paxta-2012" kampaniyasining rasman tasdiqlangan qurbonlari soni¸ Ozodlik hisobicha¸ besh nafarga yetdi.

16 sentyabr kuni Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Miskin qishlog‘ida mahalliy kollej talabalari Masharip Siddiqov va Doston Amitovlar paxtadan qochayotgan paytda poyezd tagida qolib o‘lgan edi.

17 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida toshkentlik hasharchi-terimchi 55 yoshli Igor Yachkevskiy olamdan o‘tgan edi.
XS
SM
MD
LG