Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:14

Toshkent metrosidan Chkalov nomi olib tashlandi


Toshkent metrosining endilikda sobiq "Chkalov" bekati.
Toshkent metrosining endilikda sobiq "Chkalov" bekati.
Toshkent metropolitenining “O‘zbekiston” yo‘nalishidagi “Chkalov” metro bekati nomi¸ ayrim taxminlarga ko‘ra¸ sovet timsollariga qarshi kurashayotgan prezident Islom Karimov tomonidan “Do‘stlik” deb o‘zgartirildi.

Moskvadan shimoliy qutb orqali Vankuvergacha bo‘lgan masofada osmonni zabt qilgan sovet uchuvchisi Valeriy Chkalovning bekat vestibyulidagi bronza byusti o‘z joyidan qo‘porib olib ketilgan.

Metro bekatini borib ko‘rgan toshkentlik jurnalistning Ozodlikka aytishicha “Chkalov” bekatidagi barcha yozuvlar demontaj qilingan¸ ammo hali “Do‘stlik” degan nishon ildirilmagan.

“Chkalov” metro bekati qayta nomlangani haqidagi xabarni Ozodlikka Toshkentdagi mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich ma‘lum qildi:

- Kiraverishdagi “Chkalov“ degan bronza yozuv olib tashlangan. Lekin “Do‘stlik” degan yozuvni hali osishmadi. Bekat ichkarisida hali “Chkalov” degan yozuvlar mavjud¸ deydi jurnalist.

Volosevich¸ nomi o‘zgartirilgan bekatda O‘zbekistonning yangi tarixida ko‘p kuzatilgan vandalizm alomatlariga duch kelganini aytadi:

- San‘at asari bo‘lgan Chkalovning bronza byusti va uning atrofidagi haykaltaroshlik kompozitsiyasi o‘ta qo‘pol tarzda sug‘urib olingan.

Bu haykal maxsus buyurtma bilan bronzadan quyilgan edi. Haykal bekatning asosiy bezagi edi. Haykal turgan marmardagi yoriqlarga qarab xulosa chiqarsak¸ byust temir to‘qmoq (kuvalda) bilan sindirib olingan¸ deydi toshkentlik jurnalist.

Chkalov haykali 1987 yili metro bekati ochilishi barobarida o‘rnatilgan edi.

Chkalov Aviatsiya zavodi puliga qurilgan bu haykal san‘at asari sifatida O‘zbekiston Madaniyat va Sport ishlari vazirligi madaniy yodgorliklar ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekiston Madaniyat va Sport ishlari vazirligi matbuot vakili Hindol Madrahimov¸ bu haykal taqdiri haqida ma‘lumoti yo‘qligini aytdi.

Ayni paytda Madrahimov O‘zbekiston Madaniyat va Sport ishlari vazirligi¸ mafkuraviy mazmunidan qat‘iy nazar¸ badiiy ahamiyati bo‘lgan barcha haykallarni saqlashga harakat qilayotganini bildirdi:

- Hozirgi yangi vazir o‘zi oldin Rassomlar akademiyasi rahbari bo‘lgan. Shunaqa narsalarga katta e‘tibor qaratayapti. Sovet mafkurasi mahsuli bo‘lgan¸ ammo badiiy qiymatga ega asarlar davlat nazoratida saqlanmoqda¸ deydi vazirlik mulozimi.

Chkalov kinosi Chkalovning boshini yedi


“Chkalov” bekatining qayta nomlanishi Rossiya televideniyesida “Chkalov” degan ko‘p qismli film namoyishi tugagan kuni amalga oshirildi.

Voqeani o‘rgangan Toshkentdagi mustaqil jurnalist Aleksey Volosevich nazarida bu tasodif emas.

- Menga ma‘lum bo‘lishicha¸ Islom Karimov bu filmni diqqat bilan tomosha qilgan. Tomosha tugaganidan keyin esa Toshkentda “Chkalov” metro bekati borligi esiga tushgan. Ana shundan keyin Stalin lochini nomiga qo‘yilgan bekatni zudlik bilan qayta nomlash masalasi ko‘rildi¸ deydi jurnalist.

Tarix fanlari doktori¸ professor Goga Hidoyatov nazarida “Chkalov” bekatining qayta nomlanishi to‘g‘ri qaror bo‘lgan:

- Sovet mafkurasi mahsuli bo‘lgan bu uchuvchining Toshkentga va bugungi O‘zbekistonga sira aloqasi yo‘q. Oldin Chkalov zavodi bor edi¸ hozir bu zavod ham yo‘q. Undan ko‘ra “Do‘stlik” degan kalima mos deb bilaman¸ deydi olim.

Jurnalist Aleksey Volosevich o‘zbek olimining gaplariga qo‘shilmaydi:

- Chkalov samolyot timsolidir. U yangi texnikalarni targ‘ib qilgan. O‘zbekiston yaqin- yaqingacha uchqich ishlab chiqaradigan dunyodagi sanoqli mamlakat edi. Bu yutuq Chkalov ideallari bilan bog‘liq. Bu yerda yashamadi¸ degan iddao kulgili. Navoiy ham O‘zbekistonda yashamagan¸ ammo hamma yerda haykali bor¸ deydi jurnalist.

“Chkalov” metro bekati 1987 yilning 7 noyabrida foydalanishga topshirilgan edi.

Xavfli yulduzlar


So‘nggi yillarda Karimov buyrug‘i bilan Toshkent metrosining qator bekatlari qayta nomlandi.

2008 yili “Xalqlar do‘stligi” bekati “Bunyodkor” deya qayta nomlandi, 2010 yil esa Ikkinchi jahon urushida generel unvoniga musharraf bo‘lgan yagona o‘zbek harbiysi, Sovet Ittifoqi qahramoni Sobir Rahimov bekati nomi, "Olmazor" deya atala boshlandi.

O‘zbekiston prezidentining 9 oktyabr kuni Xorazmga safaridan oldin viloyatning ehtimoliy sovet timsollari borasida maxsus taftish qilingani aytildi.

Urganch markazida Chor Rossiyasi paytida qurilgan eski Pochtamt binosining g‘ishtin devorida girix shaklida yasalgan qabariq besh yulduzlar borligi aniqlangan.

1984 yili YuNESKO mablag‘i bilan ta‘mirlanib¸ zamonaviy Suratlar galereyasiga aylantirilgan bu tarixiy bino peshtoqidagi g‘ishtin yulduzlar ham sindirilib¸ suvab tashlangan.

Devordagi “sovet” timsolini ko‘zdan qochirgan galereya direktori¸ san‘atshunos Ozod Sultonov prezident safari arafasida bunday ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun¸ ishdan olingan.
XS
SM
MD
LG