Линклар

O‘zbekiston prezidentining 12 oktyabr kuni ozariy hamkasbi Ilhom Aliyev bilan Zugulba saroyida o‘tadigan muzokaralari kun tartibiga oid xabarlar ancha siyrak.

Ozariy xabar agentliklariga ko‘ra¸ ikkala prezident o‘zaro munosabatlarni qamrab oluvchi qator masalalar, jumladan, siyosiy muloqotni oshirish, mintaqaviy xavfsizlikni ta‘minlashda birgalikda harakat qilish, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar va transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishga oid masalalarni muhokama qiladi.

Karimov va Aliyev so‘zlashuvining¸ bu kabi quruq va zerikarli rasmiy xabarlarda yozilmaydigan nozik jihatlari¸ siyosatshunoslar nazdida¸ anchayin qiziq.

Rasmiy matbuot¸ hech qachon e‘tibor qaratmaydigan jihatlardan biri¸ masalan¸ bu so‘zlashuv o‘tayotgan vaqtda ikkala davlat rahbari tushib qolgan tashqi munosabatlar vaziyatidir.

Xususan¸ keyingi oylarda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgandan sovuqlashmoqda.

2005 yil Andijon voqealaridan so‘ng AQSh va YeI ga nisbatan to‘nini teskari kiygan Karimov¸ Amerika harbiylarini mamlakat hududidan qanday osonlik bilan haydab solgan bo‘lsa¸ 2012 yil yoziga kelib O‘zbekistondagi Rossiya shirkatlarini xuddi shunday mamlakatdan chiqarib yubormoqda¸ Kreml yetagidagi klublarni bepisandlarcha tark etmoqda.

2005 yil kuzida Karimov aksil-Amerika ruhidagi harakatlari uchun Pekin va Moskvadan tayanch topgan bo‘lsa¸ 2012 yilga kelib¸ tashqi siyosat vektori yana G‘arbga tomon belgilandi va bugunga kelib Karimov o‘z aksil-Rossiya harakatlari uchun qo‘llov va tayanch qidirmoqda.

Bundan avval ikki marotaba prezidentlikka saylanganidan so‘ng o‘z xorijiy safarini strategik ittifoqchi ko‘rilgan Toshkentdan boshlagan Vladimir Putinning joriy muddati Toshkentni aylanib o‘tish bilan xarakterlanmoqda.

20 sentyabr kuni Bishkekda o‘tkazgan muzokaralari natijasida Rossiya va Qirg‘iziston prezidenti oltita shartnoma imzoladi. Ular orasida Toshkent hukumati tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqayotgan Qambarota-1 GESi hamda Yuqori Norin GES kaskadlarini qurish va hamkorlikda foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalar ham bor. Bunday kelishuv bilan Kreml¸ Toshkentga qo‘lingdan nima ham kelardi¸ degandek qildi.

Tojik prezidenti Imomali Rahmon tug‘ilgan kunda Dushanbega kelgan Putin¸ bu yerda ham Toshkent hovlisiga yana tosh otdi. Garchi Rog‘un qurilishi borasida Toshkentga qarshi aniq-tiniq bayonot bermagan bo‘lsa ham¸ Putin istalgan payt Tojikistondagi O‘zbekiston manfaatlarini o‘z rejasiga ko‘ra boshqarish qo‘lidan kelishidan pisanda qildi.

Mintaqadagi asosiy daryolar quyisida joylashgan O‘zbekistonning eng nozik joyi bo‘lmish suv muammosida Toshkent muxoliflari yonini olish orqali Putin¸ Karimovni jiddiy xavotirga solgan ko‘rinadi.

Putinning Bishkek va Dushanbe safarlari oldi-ketida ko‘p ham sssrdoshlarinikiga mehmonga yurmaydigan Islom Karimov Ostona¸ Ashxobod va 11 oktyabr kuni Bakuga safar qildi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra bu safarlardan maqsad¸ Rossiyaning postsovet hududidagi agressiv siyosatini jilovlashga qodir kuchli koalitsiya tuzishdir.

Karimovning Tog‘li Qorabog‘ mojarosida Rossiya va Armaniston kabi KXShT a‘zosi bo‘lgan davlatlar emas¸ Ozarbayjon pozitsiyasini ochiq qo‘llagani Bakuda alohida qadrlanadi va Karimovga Kreml bosimini qaytarish uchun tayanch lozim bo‘lsa¸ Baku bunday tayanch berishga tayyor.

Karimovning Baku safarini sharhlagan Ozarbayjon parlamenti qoshidagi Tashqi aloqalar qo‘mitasi a‘zosi¸ taniqli siyosatshunos Rasim Musabekov Ozodlik bilan suhbatda shunday bayonot berdi:

- Bunday tayanch bugun faqat Karimovga emas¸ bizga ham kerak. Zotan Rossiyaning postsovet hududida kuchayib borayotgan bosimini o‘z tanasida his qilayotgan faqat Toshkent emas¸ bu safda Baku ham bor. Shu bois¸ Rossiyaning bu hududdagi agressiv hatti-harakatlarini jilovlash uchun O‘zbekiston va Ozarbayjon pozitsiyasi konsolidatsiyasi o‘ta muhim¸ deydi ozariy parlamenti deputati va siyosatshunos Musabekov.

Toshkent va Baku birgalikda Moskva bosqichma-bosqich kuchaytirayotgan bosimni to‘xtatish uchun nimalar qilishi mumkin¸ degan savolga mulohaza yuritgan Rasim Musabekov ikkala davlat ixtiyorida bu maqsadda qo‘llash mumkin bo‘lgan qator siyosiy va iqtisodiy vositalar borligini aytadi.

- Bu faqatgina Rossiya manfaatiga xizmat qilmaydigan energetik loyihalardagi hamkorlikkina emas. Moskvaga bosim o‘tkazish uchun MDH doirasida siyosiy maydon bor. Olaylik¸ Moskva postsovet hududiga tiqishtirayotgan turli integratsion loyihalar.

Ozarbayjon ham¸ O‘zbekiston ham hozircha bu loyihalarga alohida-alohida qarshilik ko‘rsatib keldi. Endilikda ikki davlatning o‘z pozitsiyasini muvofiqlashtirib¸ birgalikda Rossiya rejalarini rad etishi¸ Putin uchun jiddiy bosim vositasi bo‘lishi mumkin¸ deydi Ozarbayjon parlamenti qoshidagi Tashqi aloqalar qo‘mitasi a‘zosi Rasim Musabekov.
XS
SM
MD
LG