Линклар

Vladimir Putin o‘tgan oy boshida, Russkiy oroliga ATES sammitiga ketayotib, yo‘l-yo‘lakay janubga kuzatib qo‘ygan turnalar ortga qaytdi. Qizil kitobga kiritilgan oltita oq turnani Rossiya prezidenti O‘zbekistondagi qushlar qishlaydigan mintaqaga jo‘natvorgan ekan.

Xabarlarga ko‘ra, Qozog‘iston chegarasiga yetib borib “dalьshe ne politim”, deb qanotini tirab olgan turnalarning beshtasi samolyotda Ryazan viloyatidagi qo‘riqxonaga qaytarilgan.

Putinning turnalari ortga qaytgani munosabati bilan Rossiya muxolifati faollari “turnalar Putinsiz janubga ketishni istamadi”, “turnalar Putin ko‘rsatgan yo‘ldan uchmadi” qabilidagi hazillar bilan Intenetni to‘ldirib yuborishdi.

Shu rus muxolifatchilariga ham xayronsan kishi, Putinni mazah qilish bo‘lsa, yotvolishadi.

Ha, to‘g‘ri geografik jihatdan jahonning eng katta mamlakati, sanoqli yadroviy davlatlardan biri Rossiya prezidenti bo‘lsa nima bo‘pti? Kim aytdi, prezident tabiatni samimiy seva olmaydi, deb? Axir turnalarni kuzatib yuborish uchun oq motodeltaplan va (turnalar Putinni yo‘lboshchimiz, deb o‘ylasin uchun) oppoq kiyimni o‘z oilasi byudjetidan iqtisod qilgan bir million rublga sotib olgani aytildiku. Nima emish, “Putinning yolg‘oniga hatto turnalar ham ishonmadi”, emish.

Rus muxolifati o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lib, turnalarning qaytishiga boshqa siyosiy-meteorologik sharoitlar, qolaversa, turnalarning yakuniy manzili O‘zbekistonda qizil kitob personajlariga nisbatan munosabatdan ham xabari yo‘q shekilli rus intelligentsiyasining.

Putinning olti turnasi yovvoyi sharoitda yashab ko‘rmagan bo‘lsa-da, yovvoyi instikti bor va Moskva bilan Toshkent o‘rtasidagi munosabatlar harorati sovib borayotgan bir paytda, o‘zi millionlab o‘zbek Rossiyada qishin-yozin ishlayotgan bo‘lsa, Islom Karimovning O‘zbekistonida nima qildik, Vladimir Putinimizning Rossiyasida qolamiz, deyishi tabiiy.


Axir O‘zbekistonda 8 yil "jitь qilgan" Rossiyalik zotdor parrandaning taqdiri ne kechganiga guvoh bo‘lib turibmizku. Sertuxum bu parrandaning tuxumlarini noqonuniy tarzda yuvganlikda ayblanib, tuxumiga qo‘shilib, gardani sindirilishiga, uzunquloq gaplarga qaraganda, o‘zbek siyosiy esteblishmentining bevosita aloqasi bor.

Ustiga-ustak, Putin bir millionlik deltaplanida turnalarni 6 sentyabr kuni kuzatib yuborgandan beri hali Bishkekda, hali Dushanbeda Karimovning jig‘iga teguvchi bayonotlarni qilishi oqibatida sovub ketgan munosabatlar harorati O‘zbekistonni turnalar qilshashi uchun yaroqsiz qilib qo‘ymadimi, axir?

Erta-indin Putinning matbuot kotibi Dmitiriy Peskov “o‘zi turnalarga qaytinglar deb talefonogramma yuborgan edik”, deb qolsa, ajabmas.

Darvoqe, olti oq turnadan beshtasigina Qozog‘iston chegarasidan qaytarildi, bittasi kulrang qarindoshlariga qo‘shilib, Qozog‘istonga o‘tgan (Putinning ishonchini oqlash uchun ko‘rsatilgan jasoratni qarang!), lekin aytishlaricha, itlar hujumiga uchrab og‘ir jarohatlangan.

Hozirda jarohatlangan parranda Rossiyaga jo‘natilgani va u yerdan Putin turnalarining barchasi uchoqda O‘zbekistonga yuborilishi aytilmoqda (qizil kitobga kiritlgan qushlarni qutqarishdagi jonbozlikni qarang!).

Lekin Putinga maslahat bermagan bo‘lardim, turnalarni majburlab, samolyotda O‘zbekistonga olib borishni. Chunki O‘zbekistonning o‘zida Qizil kitobga kiritlgan hayvonlari ko‘p, qarab o‘tirishmaydi.

Uch-to‘rt yil avval Bolgariya prezidenti Georgiy Parvanov O‘zbekistonga safari doirasida Jizzaxning Forishida ov qilib, Qizil kitobning yana bir personaji - noyob tog‘ echkisini o‘ldirgani mojarosidan xabari yo‘q shekilli Putinning.
XS
SM
MD
LG